Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Aholining keng qatlami, shu jumladan, yosh oilalar uchun qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joylarni xarid qilish uchun ipoteka kreditlari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 19-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1835-3]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 13-dekabrdagi 30/12-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3208, 30.12.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 13-iyundagi 14/5-son qarori (roʻyxat raqami 1835, 2008-yil 12-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 286-modda) bilan tasdiqlangan Aholining keng qatlami, shu jumladan, yosh oilalar uchun qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joylarni xarid qilish uchun ipoteka kreditlari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandi oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yosh oila — er-xotinning ikkisi ham oʻttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan oʻttiz yoshdan oshmagan yolgʻiz otadan yoki yolgʻiz onadan iborat boʻlgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol);”.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 8-oktabr,
32/4-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 42-son, 493-modda)