Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Respublikamizning yosh olimlari va talabalari jahon amaliyoti va xalqaro andozalarga muvofiq ilmiy tadqiqotlar olib borishning zamonaviy, ilgʻor usul va texnologiyalarini egallashlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublika iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlari uchun Yaponiya ilmiy va taʼlim muassasalarining olimlari hamda yetakchi mutaxassislari ishtirokida yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2015-yilning 25-oktabrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati oʻrtasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi;
Keyingi tahrirga qarang.
Yaponiya tomonidan Sukuba, Nagoya, Keyo universitetlari, Toyoxashi Texnologiya universiteti va Tokio texnologiya instituti Markazning hamkorlari hisoblanadi.
2. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifa va yoʻnalishlari etib belgilansin:
yosh mutaxassislar va talabalarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish hamda ularning ilmiy va texnikaviy gʻoyalarini sanoat namunalari, uskunalar, texnologik jarayonlar va yechimlarda mujassamlashtirish;
energiyani yuqori darajada tejash va import oʻrnini bosish vazifasini hal etish xususiyatiga ega boʻlgan, atrof muhitga minimal taʼsir oʻtkazadigan zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratish;
yosh olimlarning ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshirishlari uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, ular tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot ishlarining yuqori darajada sifatli boʻlishini taʼminlash;
mahalliy va xorijiy tashkilotlardan, ilmiy va taʼlim muassasalaridan kelib tushadigan buyurtmalar asosida Markaz faoliyatining tegishli ilmiy yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma eksperimental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Markaz davlat korxonasi shaklida tashkil qilinadi va mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻaznachilik hisobvaragʻiga, bank hisobvaragʻi, shu jumladan valyuta hisobvaraqlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhrga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar:
Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining xodimlari umumiy soni (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bu hisobga kirmaydi) 27 nafar, shu jumladan Yaponiyaning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalaridan taklif qilinadigan 4 nafar mutaxassis (keyingi oʻrinlarda — Markazning chet ellik xodimlaridan iborat tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining Vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Vasiylik kengashiga, zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy soni doirasida oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
Markazning chet ellik xodimlari tarkibini yapon tomoni belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining joriy taʼminot uchun ajratiladigan mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarning natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida oʻtkaziladigan tadqiqotlardan tushadigan mablagʻlar, shuningdek xalqaro moliya va boshqa tashkilotlarning, chet el hukumat tashkilotlarining grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
ilmiy-texnologik loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va ilmiy- amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish uchun Markazning chet ellik xodimlariga ish haqi hamda boshqa toʻlovlar miqdori Markazning Vasiylik kengashi tomonidan Yaponiya ilmiy va oliy taʼlim muassasalari stavkalari darajasida tasdiqlanadi hamda erkin ayirboshlanadigan valyutada toʻlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Markazning mahalliy ilmiy va rahbar xodimlarining lavozim maoshlari budjet mablagʻlari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsiya ishlarining davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga, boshqa xodimlarning lavozim maoshlari esa — respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan lavozim maoshlari miqdoriga tenglashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etishdan manfaatdor boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining mablagʻlarini jalb etish hisobiga shakllantiriladigan Markazni rivojlantirish jamgʻarmasini tuzish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda Markazni rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti (keyingi oʻrinlarda — TDTU) bilan birgalikda ikki oy muddatda belgilangan tartibda:
Keyingi tahrirga qarang.
Markazning ustavi tasdiqlanishi hamda uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazga ilmiy kadrlarni tanlab olish boʻyicha konkurs oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin va uning asosida Markazni rahbar, ilmiy va pedagog xodimlar bilan toʻldirish uchun chet tillarni biladigan yosh va istiqbolli ilmiy kadrlarni tanlab olish boʻyicha konkurs oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda TDTU:
Markazning Toshkent shahar, Universitet koʻchasi, 2 (“B” bloki) manzilida joylashgan (keyingi oʻrinlarda — Markaz binosi) TDTU binosida ijara haqi olinmasdan joylashtirilishini;
2016-yilning 1-oktabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Markaz binosining 2-qavati ofis xonalari joylashtirilgan holda mukammal taʼmirlanishini, shuningdek ularning zarur mebel, kompyuterlar, tashkiliy texnika va inventarlar bilan jihozlanishini;
Markazning chet ellik xodimlarini ular Markazda ishlab turgan davrda TDTUning profilaktoriysida istiqomat joylari bilan taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2016-yilda va keyingi yillarda Markaz binosini rekonstruksiya qilish, unga tutash yangi laboratoriya korpusi qurish, shuningdek ularni zarur mebel, tashkiliy texnika va inventarlar bilan jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining kapital mablagʻlari limitlari doirasida mablagʻ ajratsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi belgilangan tartibda Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan uni zarur ilmiy-laboratoriya uskunalari va priborlar bilan jihozlash uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) grantlarini jalb etish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
2016-yilda va 2017-yildan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlar parametrida Markazni taʼminlash va uning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarga “Fan” tarmogʻi boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar doirasida zarur budjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsin;
2 ta avtotransport vositasining, shu jumladan bitta shaxsiy xizmat koʻrsatadigan va bitta maxsus avtotransportning taʼminotiga limit ajratsin.
12. 2022-yilning 1-yanvariga qadar:
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz barcha soliqlarni, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni toʻlashdan;
Markazning chet ellik xodimlari Markazdagi faoliyat doirasida olingan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq toʻlashdan;
Markaz — Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlariga koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha Markaz faoliyati uchun olib kiriladigan ilmiy-laboratoriya uskunalari, eksperimental tadqiqotlarda foydalaniladigan kimyoviy reagentlar va sarflanadigan materiallar, mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqarish uchun butlovchi buyumlar, adabiyotlar, priborlar, kompyuterlar va tashkiliy texnika, multimedia mahsulotlari, avtotransport vositalari bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga binoan Markazning chet ellik xodimlariga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda kirish vizalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga binoan Markazning chet ellik xodimlariga belgilangan tartibda konsullik va boshqa yigʻimlar undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining talabnomalariga binoan Markazning chet ellik xodimlarini jamlash uchun belgilangan tartibda xorijiy ishchi kuchini jalb etishga ruxsatnomalar berishni (uzaytirishni), shuningdek mazkur shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga tasdiqnoma berishni (uzaytirishni) taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-maydagi PQ-2524-sonli qarori bilan tasdiqlangan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining tashkiliy tuzilmasi “Ilmiy loyihalar va innovatsiyalar markazi” blokidan keyin “Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi” bloki bilan toʻldirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 19-sentabr,
PQ-2602-son