Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA TAShILAYOTGAN TOVARLARNI BOJXONA TOMONIDAN NAZORAT QILIShNI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 800-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostida tashishni soddalashtirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Import tovarlarni respublika hududi boʻylab tashishni bojxona tomonidan nazorat qilishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2004-yil 1-iyundan boshlab bojxona organlari oʻrtasida harakatlanishning quyidagi hollarida avtotransport vositalarini bojxona tomonidan majburiy kuzatib borish joriy etilsin, xalqaro yoʻllarda tashish daftarchalari qoʻllangan holda yuklarni xalqaro tashishlar toʻgʻrisidagi Bojxona konvensiyasiga muvofiq qatnovlardan tashqari:
tovarlar tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish uchun transport vositalarini (konteynyerlarni) jihozlashning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga muvofiq boʻlmagan transport vositalarida tashilganda;
tovarlar tovarlarni bojxona nazorati ostida yetkazib berish va tranzit qoidalarini ilgari buzgan tashuvchilar tomonidan tashilganda;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, ruxsatnomalar mavjud boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tashilishi taqiqlangan tovarlar tashilganda;
aksiz soligʻi solinadigan tovarlar tashilganda;
import qilinishi litsenziyalanadigan va majburiy ravishda sertifikatlanadigan tovarlar tashilganda.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalarini bojxona tomonidan kuzatib borish bojxona organining depozit hisob raqamiga bojxona toʻlovlari ularni toʻlashni taʼminlash sifatida toʻlangan taqdirda yoxud tovarlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona tashuvchisi tomonidan tashilgan taqdirda qoʻllanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, 2004-yil 1-iyundan boshlab bojxona tomonidan kuzatib borganlik uchun bojxona yigʻimi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha milliy valyuta “soʻm”da quyidagi miqdorlarda undiriladi:
200 km masofagacha — bitta transport vositasi uchun 50 yevro;
masofa 200 km dan ortiq boʻlganda — bitta transport vositasi uchun 120 yevro.
3. Bojxona tomonidan kuzatib borishni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi shtatdagi xodimlarining cheklangan umumiy sonini 40 nafarga koʻpaytirishga ruxsat berilsin, ularning moliyaviy taʼminoti moddiy yordam, ijtimoiy himoya qilish va bojxona organlarini rivojlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan tovarlarning temir yoʻl transportida tashilishi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha bir oy muddatda takliflar kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda oʻzlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 20-may,
239-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat monopoliyasini kuchaytirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotishdan budjetga tushumni koʻpaytirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 21-maydagi 221-son qarori 1-bandining oltinchi xat boshi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yigʻimlari stavkalari toʻgʻrisida” 1999-yil 30-apreldagi 204-son qaroriga ilovaning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
| |
“4.Oʻzbekiston Respublikasi hududida bitta transport vositasini bojxona tomonidan quyidagi masofalarga kuzatib borganlik uchun: |
|
| |
— 200 km. gacha |
50 yevroga teng miqdorda |
| |
|
120 yevroga teng miqdorda”. |
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Chegaradosh davlatlarning yuk avtotransport vositalari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali oʻtishi uchun yagona yigʻimlar belgilash toʻgʻrisida” 1999-yil 31-dekabrdagi 552-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 12-son, 72-modda) 4-bandi chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20-son, 237-modda; 2012-y., 31-son, 357-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda, 25-son, 308-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son, 19.07.2018-y., 09/18/553/1538-son; 10.11.2020-y., 09/20/700/1491-son)