Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:
1. 2016-yilning 1-oktabridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oʻrta hisobda 1,15 baravar oshirilsin.
2. 2016-yilning 1-oktabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 149 775 soʻm;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 292 940 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 292 940 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 179 755 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqi hamda pensiyalarga qoʻshilgan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2016-yilning 1-oktabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, stipendiyalar hamda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.
5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2016-yilning 1-oktabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 22-avgust,
PF-4822-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 34-son, 401-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 06/17/5245/0279-son)