Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4 va 10-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitdi.
Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturini (bundan buyon matnda Kompleks dastur deb yuritiladi) amalga oshirish mobaynida Oʻzbekistonda milliy telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirishga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatiga joriy etishga, “Elektron hukumat” infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan tizimli va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizning telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa tarmoqlari va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha umumiy miqdori 2,1 trln soʻm boʻlgan 17 ta loyihani hamda axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari komplekslarini yaratishga doir 28 ta tadbir va loyihani oʻz ichiga olgan Kompleks dasturning amalga oshirilishi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etish va rivojlantirishning infratuzilmaviy asosini shakllantirish imkonini berdi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar hisobiga magistral telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, aholining, shu jumladan qishloq joylarda va borish qiyin boʻlgan mintaqalarda yashovchi aholining axborot texnologiyalari va xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi infratuzilmani rivojlantirish taʼminlandi.
Foydalanuvchilarning 2 000 dan ziyod davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy saytlaridan foydalanishini taʼminlaydigan, ishga tushirilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali joriy etilayotgan elektron hukumat axborot tizimining muhim elementidir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 700 mingdan ziyod interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatildi, interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlari sonining foiz hisobidagi koʻrsatkichi 57 % ga yetkazildi.
Soliq va bojxona sohasida elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonini avtomatlashtirishning yuqori darajasi soliq va statistika hisobotini elektron shaklda topshiruvchi tadbirkorlik subyektlarining ulushini 100 % ga yetkazish va yuklarning bojxona rasmiylashtiruvi chogʻida tovarlarni elektron tarzda deklaratsiya qilishga toʻliq oʻtish imkonini berdi.
“Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi Kompleks dasturni amalga oshirishning muhim bosqichi boʻlib, uning kuchga kirishi jamiyat va davlat qurilishining turli sohalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish jarayonlarini faollashtirish uchun huquqiy asos yaratdi. Deputatlar amalga oshirgan monitoring yakunlari ushbu Qonunning qabul qilinishi munosabati bilan talab etiladigan bir qator qonunosti normativ hujjatlar ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan oʻz vaqtida qabul qilinganligi toʻgʻrisida guvohlik bermoqda.
Elektron hukumat tizimi doirasida idoralararo hamkorlik va oʻzaro maʼlumotlar almashishga doir davlat standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash amalga oshirilmoqda, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan elektron shakldagi hamkorlikka oʻtishni taʼminlash borasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, Kompleks dastur loyihalarining amalga oshirilishi jarayonida ayrim kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Xususan, elektron hukumat tizimi loyihalarini amalga oshirishning tarmoqqa oid jadvallarini oʻz vaqtida bajarmaganlik hollari mavjud.
Shaxsiy maʼlumotlardan foydalanish mexanizmlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari rivojlanmaganligi, ushbu maxfiy axborot turidan gʻayriqonuniy ravishda foydalanish faktlariga yoʻl qoʻymaslikning huquqiy kafolatlarini kompleks va tizimli tarzda taʼminlovchi yaxlit qonun mavjud emasligi Kompleks dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etiladigan elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mexanizmlari toʻgʻrisida fuqarolarning xabardorlik darajasi past boʻlib qolmoqda, bu esa elektron hukumat tizimining amalga oshirilayotgan loyihalari samaradorligiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kompleks dastur tarkibiga kiritilgan, amalga oshirish bosqichlarida oqsashlar mavjud boʻlgan ayrim loyihalar, xususan — “Kommunal” kompleks axborot tizimi (Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi), “Taʼlim” kompleks axborot tizimi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi), Milliy geoaxborot tizimi (Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi) oʻz vaqtida bajarilishiga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilsin.
3. 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan qoʻshma tadbirlar rejasi ishlab chiqilganligi va ijro etish uchun qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlashga doir qoʻshma tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida:
amaldagi qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish va yangitdan qabul qilingan “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida elektron hukumat tizimini va elektron davlat xizmatlarini joriy etish jarayonlarini tartibga soluvchi zarur qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar oʻz vaqtida va toʻliq qabul qilinishini taʼminlasin;
aholining kompyuterga oid bilimlari, fuqarolarning, tadbirkorlik subyektlarining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish toʻgʻrisida xabardorligi darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan axborot-tushuntirish chora-tadbirlarining taʼsirchanligini kuchaytirsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-iyul,
504-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 7-son, 188-modda)