Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga qoʻyiladigan texnik talablarni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 26-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2816]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son “Tadbirkorlik subyektlarining bank ishi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga qoʻyiladigan texnik talablar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 3 oy oʻtgandan soʻng kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-iyun,
18/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 25-iyundagi 18/2-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga qoʻyiladigan
texnik talablar
Mazkur Texnik talablar Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son “Tadbirkorlik subyektlarining bank ishi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq banklar va ularning filiallari binolarida kassa tarmoqlarini tuzilishiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy talablar
1. Kassa tarmogʻi bank va uning filiali binosidagi boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan alohida ajratilgan boʻlishi va binoning birinchi qavatida joylashishi shart.
Kassa hujjatlarini oʻzaro almashinuvida qulaylik yaratish maqsadida buxgalteriya boʻlimi kassa tarmogʻiga yaqin joylashtirilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Bankda (filialda) tashkil etilgan kassa tarmogʻi tarkibida quyidagi xonalar va kassalar boʻlishi lozim:
pul ombori;
pul omborining old xonasi;
kechki kassa xonasi yoki kechki kassaning pul ombori;
inkassatsiya sumkalarini (qoplarini) qabul qilish xonasi;
naqd pul va boshqa qimmatliklarni qayta sanash kassasi;
kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi;
kassa xodimlarining shaxsiy buyumlarini saqlash hamda kassa xodimlari foydalanishlari uchun boshqa maishiy-xoʻjalik xonalari;
bankning (filialning) naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya xizmati avtomashinalariga yuklash yoki tushirish uchun moʻljallangan inkassatsiya boksi (bundan buyon matnda inkassatsiya boksi deb yuritiladi).
Bank (filial) binosining hajmi va unda xonalarning joylashishi inobatga olingan holda kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi mazkur Texnik talablarga muvofiq holda kassa tarmogʻidan alohida ham tashkil etilishi mumkin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
3. Kassa tarmogʻi tarkibida valyuta ayirboshlash shoxobchasi va omonat (jamgʻarma) kassa xonalarini joylashtirilishiga ruxsat etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Kassa tarmogʻining barcha xonalari oʻzaro yaqin va qulay joylashgan boʻlishi lozim.
5. Kassa tarmogʻidagi qimmatliklar bilan ishlash jarayonini begona shaxslar tomonidan kuzatish imkoniyati boʻlmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Kassa tarmogʻi va uning xonalari bankda (filialda) saqlanadigan naqd pul va boshqa qimmatliklarning hajmi kelgusida ortishini inobatga olgan holda, shuningdek yonmaydigan qurilish materiallaridan foydalanilgan holda qurilishi lozim.
Kassa tarmogʻidagi xonalarni qaytadan qurish, oʻzgartirish va kengaytirish ishlari yongʻin xavfsizligi talablari asosida amalga oshiriladi. Bunda favqulodda vaziyatlarda insonlarni va moddiy boyliklarni bank (filial) binosidan xavfsiz evakuatsiya qilish uchun sharoit yaratilgan boʻlishi kerak.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
2-bob. Kassa tarmogʻi xonalari
7. Kassa tarmogʻi xonalari eshiklari va yoʻlaklarining eni yuk aravachalarini (oʻlchami 700 x 1200 mm) erkin harakatini taʼminlaydigan kenglikda qurilishi lozim.
8. Kassa tarmogʻidagi barcha xonalar pollarining sathi bir xil darajada boʻlishi kerak.
9. Kassa tarmogʻining barcha xonalaridagi derazalarga ichki tomondan kamida 16 mm diametrli simdan yasalgan va teshiklari koʻpi bilan 150 mm boʻlgan metall panjaralar oʻrnatilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Kassa tarmogʻida kassa mudirining xonasi kirim va chiqim yoki kirim- chiqim kassa operatsiyalari amalga oshirilishini kuzatish imkoniyatini beradigan tarzda joylashishi kerak.
11. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasiga ajratilgan maydon kassadagi naqd pul va boshqa qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlash hamda kassa operatsiyalarini amalga oshirish uchun imkoniyat yaratib berishi lozim.
12. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasining old tomoni kassa zaliga qaragan boʻlishi kerak.
13. Mijozlarning kassa xonasiga erkin kirib borishining oldini olish maqsadida kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasining kassa zali tomoniga mustahkam toʻsiq oʻrnatilishi lozim.
14. Kirim, chiqim yoki kirim-chiqim kassa kassirlari tomonidan mijozlarga kassa xizmati koʻrsatilayotganida, mijoz tomonidan kassa xodimining faoliyatini kuzatib turish uchun imkoniyat yaratilgan boʻlishi lozim.
15. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasining kassa zali tomoni mijoz tomonidan naqd pul va boshqa qimmatliklarni qabul qilib olishi yoki topshirishi uchun sharoit yaratilgan holda jihozlanishi kerak.
16. Bankda (filialda) kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi alohida, yonma-yon joylashgan holda tashkil etilganda, mazkur kassalar naqd pul va boshqa qimmatliklarning but saqlanishi hamda daxlsizligini taʼminlash, shuningdek kassa operatsiyalarini nazorat qilish imkoniyati yaratilgan holda jihozlangan boʻlishi kerak.
17. Kirim kassasi, chiqim kassasi yoki kirim-chiqim kassasi ichki va tashqi tomonidan qulflanadigan eni kamida 90 sm boʻlgan eshikka hamda bank (filial) kassa tarmogʻining boshqa xonalari bilan bogʻlab turuvchi alohida yoʻlakka ega boʻlishi lozim.
(10 — 17-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
18. Kassa zalida mijozlarga kassadan olgan naqd pullarni qayta sanashi uchun alohida xona yoki joy ajratilishi kerak.
19. Kassa tarmogʻiga kelib tushgan naqd pullarni saralash, taxlash, sanash va oʻrab-bogʻlash uchun qayta sanash kassasi xonasi tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Qayta sanash kassasi xonasining maydoni bitta xodimga kamida 4 m2 maydon toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda qurilishi lozim.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
Qayta sanash xonasining derazalari binoning tashqari tomonida joylashganda, ushbu deraza panjaralari qoʻshimcha oʻlchami 5 x 5 sm katakli metall toʻrlar bilan jihozlanishi shart.
21. Qayta sanash kassasi xonasida tabiiy yorugʻlik boʻlishi, bundan tashqari kassirlar ish joylarining yoritilganlik darajasi kamida 400 lyuksni tashkil etishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Kassa tarmogʻidagi pul ombori old xonasining maydoni kamida 6 m2 boʻlgan pul omborining old xonasi boʻlishi lozim.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
23. Pul omborining old xonasi pul omboriga bevosita tutashgan boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Pul omborining eshigi surgʻuchlanishi talab etilganda, pul omborining old xonasiga surgʻuchni qizdirganda chiqadigan hidni tortuvchi maxsus moslama oʻrnatiladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
25. Pul omborining old xonasiga deraza oʻrnatish taqiqlanadi.
26. Saqlanadigan naqd pul va boshqa qimmatliklarning hajmiga qarab banklar va ularning filiallarining kassa tarmogʻida bir nechta pul ombori qurilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Pul omboriga faqat pul omborining old xonasidan kiriladi. Bitta pul ombori old xonasidan bir nechta pul omboriga kirish mumkin boʻlsa, ushbu pul omborining old xonasi barcha pul omborlari uchun old xona hisoblanadi.
28. Pul omborining maydoni kamida 10 m2, balandligi esa 2,5 m boʻlishi lozim.
(27 va 28-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
29. Pul omborining devorlari, poli va shifti qalinligi 20 sm boʻlgan temir-beton qobiqdan quyiladi. Uning devorlari faqat ichki xonalarga tutashgan boʻlishi lozim.
30. Pul ombori temir-beton qobigʻining atrofi qalinligi kamida 38 sm boʻlgan pishgan gʻishtdan qurilgan qoʻshimcha devor bilan oʻralishi kerak. Bank va uning filiali binosining kapital devorlari bir vaqtda pul omborining qoʻshimcha devorlari boʻlishi mumkin.
31. Pul ombori bank binosining tashqi devorlariga tutashtirmagan holda binoning markaziy qismida joylashtirilishi kerak.
Agarda pul omborining devorlari binoning tashqi (koʻcha yoki boshqa bino) devorlariga tutashgan boʻlsa, ular oʻrtasida eni 90 — 120 sm boʻlgan kuzatish yoʻlagi qoldirilishi lozim.
32. Pul omborining poydevorini kamida 60 sm qalinlikdagi quyma beton yoki toshdan qurilishi lozim. Poydevor bilan temir-beton qobiq oraligʻida mustahkam gidroizolyatsiya boʻlishi lozim.
Pul omborining tagida texnik yertoʻlalar qurish man etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Pul omborining shifti 20 sm qalinlikdagi yaxlit temir-beton qobiq va tashqi yopuvchi plitadan iborat boʻladi. Bunda, pul omborining shiftini tashkil etuvchi temir-beton qobiqqa, bank binosi (bino qavati) tomining ogʻirligi tushmasligi kerak.
(33-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
Agar, bank binosi bir qavatli boʻlsa, u holda pul ombori qobigʻining ustki yuzasi bilan yopuvchi plita oʻrtasidagi oraliq 25 sm boʻlishi lozim.
34. Pul ombori uchun temir-beton qobiqlar fibro-armaturali temir-betondan tayyorlanishi kerak. Temir-beton qobiq uchun mustahkamligi 400 — 500 kg/sm2 boʻlgan beton qorishmasi ishlatilishi lozim.
Beton qorishmasi M 400 — 500 markali sement, kattaligi 15 — 20 mm boʻlgan granit yoki diabaz shagʻali, 2 moduldan kam boʻlmagan qum, diametri 0,5 — 1,0 mm boʻlgan va uzunligi 30 mm boʻlgan sim kesimlaridan tayyorlanishi kerak.
Beton qorishmasi tarkibi quyidagicha boʻlishi lozim:
gorizontal element uchun — 490 kg sement, 650 kg qum, 1025 kg shagʻal, 100 — 120 kg sim qirqimi va 195 litr suv hamda choʻkish miqdori 2 — 4 sm;
vertikal element uchun — 525 kg sement, 630 kg qum, 980 kg shagʻal, 100 — 120 kg sim qirqimi va 210 litr suv hamda choʻkish miqdori 4 — 6 sm.
35. Beton qorishmasi quyilayotganda u vibrator bilan zichlanishi, soʻng 10 kun davomida beton qotishi va zarur harorat bilan taʼminlanishi uchun namlab turilishi kerak.
36. Temir-beton qobiq armaturasi A-Sh guruhidagi 16 mm diametrli, 100x100 mm oʻlchamdagi uyachali ikkita metall panjaradan tayyorlanib, oraligʻi 100 mm boʻladi. Bunda, bir panjara armaturalarining kesishgan tuguni ikkinchi panjara katakchalarining oʻrtasiga toʻgʻri kelishi lozim.
37. Pul ombori eshiklari zirhli boʻlishi kerak. Pul omboriga ichki metall panjarali eshik oʻrnatilishi lozim.
38. Pul omboriga ventilyatsiya oʻrnatilishi shart. Ventilyatsiyani loyihalash vaqtida u yerda haroratning 18 — 25 o S darajada saqlanishi, havoning nisbiy namligi 45 — 60 foizini tashkil etishi va 3 karra havo almashinishini taʼminlanishi hisobga olinishi lozim.
Pul ombori devorlarining pastki va yuqori qismlarida havo almashinuvi uchun maxsus himoyalangan ventilyatsiya kovaklari oʻrnatilishi kerak.
Kovaklarda 40 — 50 mm diametrdagi bukilgan shakldagi metall yoki plastmassa trubalar joylashtirilib, pul ombori tashqarisidan suyuqliklarni quyishga imkon boʻlmasligi kerak.
39. Pul ombori yopiq turdagi yoritqichlar bilan jihozlanishi kerak.
Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
40. Pul omborining yoritilganlik darajasi kamida 100 lyuks boʻlishi kerak.
41. Mexanizatsiya vositalari va qoʻriqlash signalizatsiyasini elektr manbaiga ulash uchun pul ombori devorida 20 mm va 15 mm diametrli oxirgi uchi egilgan metall quvurlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Metall quvurning biridan kuchli tok va ikkinchisidan kuchsiz tok kabellari alohida oʻtkazilishi kerak. Ularning joylashishi oʻrnatiladigan mexanizatsiya kompleksi soniga koʻra belgilanishi lozim. Foydalanilmaydigan metall quvurlarning ikki uchi berkitilgan boʻlishi shart.
42. Pul ombori ikki tabaqali metall javonlar bilan jihozlanishi kerak. Ularning barchasi qulflanadigan boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
43. Yoʻnalish boʻyicha yigʻib kelingan yoki uzaytirilgan ish kuni rejimida ishlovchi bank (filial) binosi va binosidan tashqarida joylashgan kassalardan tashib kelingan inkassatsiya sumkalarini (qoplarini) qabul qilish uchun kassa tarmogʻida kechki kassa xonasi tashkil etiladi.
(43-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
Kechki kassa xonasi inkassatsiya boksi yoki qimmatliklarni tushirish joyiga yaqin va qulay joyda joylashtirilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
44. Bankda (filialda) kechki kassaning pul ombori mavjud boʻlmasa, kechki kassa xonasi kechki kassaning pul ombori vazifasini bajarishi mumkin. Bunda, kechki kassa xonasidagi naqd pul va boshqa qimmatliklar devorga yoki polga qotirilgan yonmaydigan seyflarda, seyf eshiklari qulflangan va muhrlangan holda saqlanishi shart.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
45. Bank (filial) kechki kassasining pul ombori mazkur Texnik talablarning 22 — 25-bandlariga muvofiq qurilishi lozim.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(46 — 48-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
49. Inkassatsiya boksi maydoni qimmatliklarni tashish uchun moʻljallangan inkassatsiya avtomashinalarining erkin kirishiga yetarli boʻlishi hamda qimmatliklarni avtomashinalarga ortish va tushirish uchun moʻljallangan eni 2 m, balandligi 74 sm boʻlgan maydoncha bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
Maydonchaning sathi kassa tormogʻi xonalari pollarining sathi bilan bir xil boʻlishi lozim.
Inkassatsiya boksining avtomobil kirish darvozasi qalinligi 3 mm dan kam boʻlmagan metalldan (mustahkamligi shundan kam boʻlmagan boshqa materiallardan) tayyorlanadi.
50. Kassa tarmogʻida operatsion kassa xonalaridan tashqari kassirlarning shaxsiy buyumlari va kiyimlarini saqlash uchun xona hamda maishiy-xoʻjalik xonalari tashkil etiladi.
51. Kassa tarmogʻida ikkita kirish eshigi boʻlishi lozim:
birinchisi — bank binosidan kirish eshigi;
ikkinchisi — bank hovlisidan yoki inkassatsiya boksidan kirish eshigi.
52. Kassa tarmogʻiga bank binosidan kirish eshigiga koʻrish tuynukchasi hamda kodli qulf yoki oʻzi qulflanadigan moslama oʻrnatilishi lozim.
53. Kassa tarmogʻiga bank hovlisidan yoki inkassatsiya boksidan kirish eshigi taxtadan yoki qalinligi 2 mm dan kam boʻlgan metalldan bajarilganda, qoʻshimcha ravishda qulflanadigan metall panjara bilan jihozlanadi.
54. Kassa tarmogʻining barcha xonalari havoni almashtirib turuvchi ventilyatsiya bilan jihozlanishi kerak.
3-bob. Kassa tarmogʻining qoʻriqlash, yongʻindan xabar berish va xavfdan ogoh etish vositalari bilan jihozlanishi
Oldingi tahrirga qarang.
55. Kassa tarmogʻi xavfdan ogoh etuvchi, qoʻriqlash signalizatsiya vositalari va yongʻindan xabar beruvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
(55-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2816-1, 30.07.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son)
56. Kassa tarmogʻida foydalaniladigan elektr texnik vositalar yerga ulanishi lozim.
57. Kassa tarmogʻining elektr tarmogʻi va yoritish jihozlari yongʻinga qarshi xavfsizlik talablariga javob beradigan holda oʻrnatilishi lozim.
58. Pul ombori xonasining yoritish tizimini oʻchirib yoqish qurilmasi pul omborining old xonasiga oʻrnatilishi kerak.
4-bob. Yakuniy qoidalar
59. Mazkur texnik talablarni buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
60. Ushbu texnik talablar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2016-yil 17-iyun
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2016-yil 10-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 30-son, 366-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2020-y., 10/20/2816-1/1337-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 25.04.2023-y., 10/23/2816-2/0227-son; 30.12.2025-y., 10/25/2816-3/1246-son)