Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining toʻgʻri ushlab qolinishi va oʻz vaqtida budjetga oʻtkazilishi uchun javobgarlik daromad toʻlayotgan soliq agentining zimmasida boʻladi. Mazkur soliq summasi ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti ushlab qolinmagan summani hamda u bilan bogʻliq penyani budjetga toʻlashi shart
[Koʻchirma]
Parkent tuman davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda DSI deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “Abduyunusov Abdilaziz Abdimajitovich” dehqon xoʻjaligidan (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) 13 691 200 soʻm soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida Soliq kodeksining 383-moddasiga koʻra yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari ushbu Kodeksda jismoniy shaxslar — soliq toʻlovchilar uchun nazarda tutilgan tartibda soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashligi belgilanganligi, yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda dehqon xoʻjaliklari jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, bojxona toʻlovlari yuzasidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi belgilanganligi sababli hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, javobgarning 2015-yil 25-may holatiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan oraliq qarzi 13 691 200 soʻmni tashkil qilgan. Soliq kodeksining 60, 61-moddalariga asosan 2015-yil 26-mayda soliq qarzini uzish toʻgʻrisida 206-sonli talabnoma yuborilgan. Javobgar tomonidan talabnomada koʻrsatilgan soliq qarzi boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilmaganidan keyin DSI sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgarning soliq qarzi boʻyicha undiruvni uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Birinchi instansiya sudi ushbu Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda ishdagi mavjud hujjatlarga huquqiy baho berib, tadbirkor tomonidan budjetga majburiy toʻlov amalga oshirilmaganligini inobatga olib, arizani toʻliq qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻz navbatida apellatsiya instansiyasi sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-sonli qarorining 15-bandi talablari asosida hal qiluv qarorining qonuniyligi va asoslantirilganligini ishdagi mavjud hujjatlar boʻyicha tekshirib, hal qiluv qarorini qonuniyligiga baho bergan holda uni asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, Soliq kodeksi 185-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlariga koʻra, jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqning hisoblangan summasini soliq toʻlovchidan ushlab qolish soliq agenti soliq toʻlovchiga toʻlayotgan har qanday pul mablagʻlari hisobidan, mazkur pul mablagʻlari haqiqatda soliq toʻlovchiga yoki uning topshirigʻiga binoan uchinchi shaxslarga toʻlanayotganda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining toʻgʻri ushlab qolinishi va oʻz vaqtida budjetga oʻtkazilishi uchun javobgarlik daromad toʻlayotgan soliq agentining zimmasida boʻladi. Mazkur soliq summasi ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti ushlab qolinmagan summani hamda u bilan bogʻliq penyani budjetga toʻlashi shart.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 68 456 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 9-dekabr,
11-1505/8898-son