Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanadi
Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda — DSI) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Ipak yoʻlidagi karvonsaroylar” Assotsiatsiyasining Oʻzbekistondagi filiali (bundan buyon matnda — Assotsiatsiya)ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (bundan buyon matnda — Soliq kodeksi)ning 119-moddasi 1-qismiga asosan moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan. Arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Kassatsiya shikoyatida sud tomonidan asossiz ravishda ariza talablarini qanoatlantirish rad etilganligi, ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi va aniqlanmaganligi, moddiy huquq normalari buzilganligi vajlar keltirilib, sud qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, DSIning 2015-yil 25-maydagi 370-XS-sonli buyrugʻiga asosan Assotsiatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi, hukumat qarorlari va farmonlarining ijrosi yuzasidan soliq tekshiruvchi oʻtkazilgan.
Tekshirish yuzasidan 2015-yil 15-iyunda tuzilgan dalolatnomada Assotsiatsiyaning 2010 — 2014-yillar hamda 2015-yilning oʻtgan davrida 11.023.000 soʻmlik xizmat koʻrsatishdan kelib tushgan tushumni NKMga kirim qilmasdan bank muassasasiga topshirganligi aniqlanganligi qayd etilgan. Bu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi “Fiskal xotiraga ega boʻlgan Nazorat kassa mashinalarining qoʻllanilishini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 280-sonli Qarorining talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi qayd etilgan.
Tekshiruv hujjatlari DSI boshligʻi tomonidan koʻrib chiqilishi natijasida 2015-yil 7-iyuldagi qaror qabul qilingan. Ushbu qarorda moliyaviy jarima summasi koʻrsatilib, Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 3.552.000 soʻmdan 5.920.000 soʻmgacha boʻlgan moliyaviy jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash Assotsiatsiyadan soʻralgan.
Assotsiatsiya esa 2015-yil 27-avgustdagi 27-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 3.552.000 soʻm moliyaviy jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlab bergan.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida, tekshirishlarni oʻtkazish uchun asos koʻrsatilgan boʻlib, ushbu moddaning birinchi qismi birinchi soʻz boshiga koʻra, maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishni oʻtkazishning muvofiqlashtiruvchi rejasidan koʻchirma, ikkinchi soʻz boshiga koʻra, nazorat qiluvchi organning muvofiqlashtiruvchi reja asosida chiqarilgan, tekshirish maqsadi, tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi va tekshirishni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan buyrugʻi — Nazorat qiluvchi organlar tomonidan yuridik shaxs boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejali tekshirish, shu jumladan, moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar uchun, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan (qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi mavjud boʻlganda) hollarni istisno etganda, asos boʻladi.
Mazkur holatda “Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli xududiy boʻlinmasi”ning Assotsiatsiya faoliyatini tekshirish uchun muvofiqlashtiruvchi rejasidan koʻchirma mavjud emas.
Assotsiatsiya faoliyatini tekshirish uchun DSIning 2015-yil 25-maydagi 370-XS-sonli buyrugʻini qabul qilinishiga Buxoro viloyat adliya boshqarmasining 2015-yil 22-maydagi 20-9/387-sonli xati asos boʻlib xizmat qilgan. Vaholanki, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi “Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli xududiy boʻlinmasi” hisoblanmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2015-yil 15-maydagi 58-s-sonli buyrugʻida tekshiruvga ikki nafar xodimi xizmat safariga yuborilib, ularga Assotsiatsiya faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va ustavda belgilangan maqsadlarga muvofiqligini hamda ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishini tekshirish belgilangan. Tekshirishda ishtirok etish uchun davlat soliq xizmati organidan xodimlar jalb etish choralarini koʻrish vazifasi belgilab berilgan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2015-yil 15-maydagi 58-s-sonli buyrugʻi DSIning 2015-yil 25-maydagi 370-XS-sonli buyrugʻini qabul qilinishiga asos sifatida bevosita buyruqda koʻrsatilmagan.
DSI Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2015-yil 15-maydagi 58-s-sonli buyrugʻini notoʻgʻri talqin qilgan. Buyruq vazirlikning ikki nafar xodimlari uchun boʻlib, unda soliq hisobini yuritish, toʻlash kabi masalalar yuzasidan mutaxassis sifatida soliq organini jalb etish choralarini koʻrish belgilangan.
“Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi”ning 3-sonli majlis bayonining 11-bandida Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasining 2014-yil 23-iyundagi 06-2382-sonli murojaati boʻyicha nazorat qiluvchi organlar, shu jumladan davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida tadbirkorlik subyektlari toifasiga kirmaydigan subyektlar, xususan budjet va jamoat tashkilotlarida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari Kengash tomonidan muvofiqlashtirilmasligi maʼlum qilingan.
Ushbu majlis bayonida esa soliq organining vakolat doirasiga kiruvchi nazorat tadbirlarini oʻtkazish Kengash tomonidan muvofiqlashtirilmasligi qayd qilingan boʻlib, unda soliq tekshiruvlarini oʻtkazish nazarda tutilmagan.
Vaholanki, soliq organi ushbu holatda adliya vazirligi xodimlari uchun belgilab berilgan tekshirishni hamkorlikda emas, balki ulardan mustaqil ravishda soliq organi tekshiruvini amalga oshirib bu haqda alohida dalolatnoma tuzishgan.
Soliq kodeksining 88-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, uchinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, rejadan tashqari soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning tekshiriladigan obyektning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadlari, tekshiriladigan davr (taftish uchun), tekshiruv oʻtkazish muddatlari va uni asoslovchi sabablar koʻrsatilgan tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori, davlat soliq xizmati organining nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ qarori asosida chiqargan tekshiruvni oʻtkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi, tekshiriladigan davr koʻrsatilgan holdagi buyrugʻi asos boʻlishi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga koʻra, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejadan tashqari tekshirish uchun maxsus vakolatli organning tekshirilayotgan obyekt nomini, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruv oʻtkazish maqsadi, muddatlari hamda uni oʻtkazish sabablarining asosliligi koʻrsatilgan holda rejadan tashqari tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisida chiqargan qarori, shuningdek tekshirishni amalga oshiruvchi tegishli mansabdor shaxslar tarkibi va tekshiruvni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan buyrugʻi asos boʻlib xizmat qiladi.
Sud majlisida ishtirok etgan prokurorning “Ipak yoʻlidagi karvonsaroylar” Assotsiatsiyasining Oʻzbekistondagi filiali boʻlganligi sababi daʼvo ariza boʻyicha ish yuritishni tugatish haqidagi fikri asossizdir. Sababi, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasini toʻrtinchi qismiga asosan xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarning vakolatxonasi va filiallari yuridik shaxs hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 3-bandiga koʻra qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanadi.
Ushbu holatda apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining moliyaviy jarimani Assotsiatsiya tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlaganligi uchun arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etganligi sababli emas, balki tekshirish asoslari notoʻgʻri oʻtkazilganligi tufayli arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, DSIdan Oliy xoʻjalik sudiga sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini undirishni lozim topadi.
2016-yil 19-yanvar,
20-1504/12402-son