Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining sudlov hayʼatining qarori, 08.02.2016 yildagi 13-1503/4445-son
Кучга кириш санаси
08.02.2016
Рус
Ўзб
O’zb
O‘zb|Рус
|
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Qarori Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart [Koʻchirma] “NAVOIY-TEMIR-BETON” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “BONU-SERVIS-TRANS” xususiy korxonasidan (bundan buyon matnda —javobgar) 87 346 104 soʻm transport ijarasi haqini undirishni soʻragan. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 87 346 104 soʻm asosiy qarz undirilgan. Ishni koʻrish natijasi boʻyicha xususiy ajrim chiqarilib, taraflar oʻrtasida 52 799 994 soʻm va 58 666 660 soʻm ijara toʻlovlari hisoblanganligi haqidagi 2012-yil 4-maydagi hisob fakturalar haqqoniy yoki qalbaki ekanligi, agarda ular qalbakilashtirilgan boʻlsa, kim tomonidan qalbakilashtirilganligi, haqiqatda ijara haqi necha soʻmni tashkil etishi, hisob fakturalar soliq hisobotlariga kiritilib, tegishli soliq inspeksiyasiga taqdim etilganligi holatlarini ekspertiza, surishtiruv va tergov yoʻli bilan aniqlash, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli taʼsir chorasini qoʻllash, ularning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanganda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal etish uchun Jizzax viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan. Javobgarning kassatsiya shikoyatida ish holatlariga aniqlik kiritilmaganligi, shartnomaning haqiqiy emasligi oqibati faqatgina ijaraga olingan yuk mashinalarning ijaraga beruvchiga qaytarilishidan boshqa yuridik oqibat tugʻdirmasligi lozimligi, ish uchun ahamiyatli holatlarga baho berilmaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan. Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi. Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar (Ijaraga beruvchi) va javobgar (Ijarachi) oʻrtasida 2012-yil 4-mayda 15-sonli avtotransport vositalarini haydovchisi bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan. Ijara toʻlovi bitta yuk mashina uchun oyiga 22 000 000 soʻmdan belgilangan. Shartnoma shartlariga koʻra, daʼvogar javobgarga 4 ta yuk avtomashinasini ijaraga bergan. Javobgar taraf ushbu yuk avtomashinalardan 2012-yilning may va iyun oylarida 38 kun davomida foydalanib, 111 466 654 soʻm qarzdorlik yuzaga kelganligi toʻgʻrisida taraflar oʻrtasida tuzilib, tasdiqlangan dalolatnomalar, hisob-fakturalar hamda javobgar bosh direktori R. Abdullayeva tomonidan 111 466 654 soʻm qarzdorlikni 2012-yil 2-iyulga qadar toʻlab berishi haqida berilgan kafolat xati mavjud. Biroq, javobgar tomonidan qarzdorlikning 24 120 550 soʻm qismi toʻlanib, qolgan 87 346 104 soʻm qismi toʻlanmaganligi bois daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan. Ijara shartnomasi notarial tasdiqlanmagan va tegishli tartibda davlat roʻyxatiga olinmaganligi bois, birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasida tuzilgan mazkur shartnomani haqiqiy emas deb topib toʻgʻri toʻxtamga kelgan. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda— FK) 565-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 38-sonli qarorining 2-bandida notariuslar tomonidan avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish ishonchnomalarini, boshqa shaxsga berish (oldi-sotdi, almashtirish, hadya etish, renta), ijaraga berish, tekin foydalanish, garovga qoʻyish, lizing shartnomalarini notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega boʻlgan qatʼiy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshirilishi, notarial tasdiqlangan boshqa shaxsga berish shartnomalari roʻyxatdan oʻtkazilishi kerakligi, foydalanish va (yoki) tasarruf etish huquqiga ishonchnomalar va ijaraga berish, tekin foydalanish, garovga qoʻyish, lizing shartnomalari esa Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida hisobga qoʻyilishi kerakligi belgilangan. FKning 112-moddasiga koʻra, bitimning notarial shakliga yoki uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2014-yil 28-noyabrdagi 269-sonli qarorining 22-bandida oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni haqiqiy emasligi oqibatlari daʼvogarning oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi qanoatlantirilganidan keyin ham, bunday qaror mavjud boʻlmaganda ham qoʻllanilishi mumkin. Bunday qaror mavjud boʻlmaganda, sudlar bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllashni qarorning asoslantiruvchi qismida oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim fakti mavjudligi toʻgʻrisidagi xulosalari bilan asoslab berishlari lozim. Plenum qarorining 23-bandiga koʻra, sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini oʻz tashabbusi bilan qoʻllash sudning majburiyati emas, balki huquqidir. Mazkur Plenum qarorining 24-bandida quyidagi tushuntirish berilgan: FK 114-moddasining ikkinchi qismiga asosan bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart. Bunda sudlar inobatga olishlari lozimki, olingan narsani aslicha qaytarib berish imkoniyati boʻlmagan hollarda (mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat) olingan narsaning oʻrnini toʻldirish miqdori oʻxshash vaziyatlarda, odatda oʻxshash mol-mulkdan foydalanish (ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) uchun olinadigan baho boʻyicha aniqlanadi. Shu bois, birinchi instansiya sudi avtomashinalardan foydalanganlik uchun toʻlanmasdan qolgan 87 346 104 soʻmni undirib asosli xulosaga kelgan. Chunki, jami 111 466 654 soʻm qarzdorlik yuzaga kelganligi taraflar oʻrtasida tuzilib, tasdiqlangan dalolatnomalar, hisob-fakturalar hamda javobgar bosh direktori R. Abdullayeva tomonidan 111 466 654 soʻm qarzdorlikni 2012-yil 2-iyulga qadar toʻlab berishi haqida bergan kafolat xatlari bilan oʻz tasdigʻini topgan. Plenum qarorining 24-bandi uchinchi qismiga koʻra, mol-mulkni natura shaklida qaytarishda sudlar nazarda tutishlari lozimki, mol-mulkning yaxshilanishi uchun qilingan xarajatlarning kompensatsiyasi yuzasidan talab, u nizoli xaraktyerga ega boʻlganligi sababli, sud tomonidan alohida ish doirasida koʻrib chiqiladi, agar sud tomonidan bitimning haqiqiy emasligi oqibatlari qoʻllanilayotganda kompensatsiya boʻyicha qarshi talab bildirilmagan boʻlsa. Javobgar vakillari sud majlisida avtomashinalarga qilgan xarajatlari toʻgʻrisida bayonot bergan boʻlsada, biroq ushbu xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar asosida sudga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilmagan. Shu bois, birinchi instansiya sudi javobgarning ushbu vajlarini inobatga olmagan. Mazkur holatda javobgarni ushbu holatlar boʻyicha sudga daʼvo bilan murojaat qilish huquqi saqlanib qolgan. Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda— XPK) 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi. Birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilgan. Yuqoridagilarga asosan, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, javobgardan budjetga hamda sudlar va adliya organlarining rivojlantirish jamgʻarmasiga 436 730 soʻm davlat boji undirishni, 7 000 soʻm pochta xarajati hamda sud majlisini videokonferensaloqa rejimida olib borilganligi bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini javobgardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi foydasiga undirishni lozim topadi 2016-yil 8-fevral, 13-1503/4445-son |
Постановление Высшего хозяйственного суда Республики Узбекистан При недействительности сделки каждая из сторон обязана возвратить другой все полученное по сделке, а в случае невозможности возвратить полученное в натуре возместить его стоимость в деньгах, если иные последствия недействительности сделки не предусмотрены законом 8 февраля 2016 г., № 13-1503/4445 |