Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILISh MATERIALLARI SANOATI KORXONALARINI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLASh YuZASIDAN QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarining texnologiya asbob-uskunalarini zamonaviylashtirish va xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining erkin bozorda (shu jumladan xorijiy investorlarga) sotish uchun moʻljallangan:
“ToshQMK” aksiyadorlik jamiyatining 37005 ta yoki aksiyadorlik jamiyati ustav fondining 35,7 foizi miqdoridagi aksiyalari paketlarini Toshkent shahar hokimligi investitsiyalar bosh boshqarmasiga;
“Ohangaron plastmassa qurilish materiallari” aksiyadorlik jamiyatining 25776 ta yoki ustav fondining 36,1 foizi miqdoridagi aksiyalar paketlarini “Oʻzuyjoyjamgʻarmabank”ka sotish hamda mablagʻlarni ishlab chiqarishni renovatsiyalash va yangilashga, shuningdek xorijiy kreditlarni qaytarishga yoʻnaltirish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qaroriga 2-ilovaga kiritilgan quyidagi korxonalarning chiqarilayotgan aksiyalarini sotishdan tushgan tushum toʻliq hajmda:
“Kvars” aksiyadorlik jamiyatiga — arxitektura-qurilish oynasi ishlab chiqarish boʻyicha yangi obyektni ishga tushirish uchun olingan davlat va tijorat kreditlarini qisman qaytarishga;
“Kulol” aksiyadorlik jamiyatiga — texnologiya asbob-uskunalarini yangilash va zamonaviylashtirish hamda zamonaviy santexnika buyumlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirish uchun;
“Santexquyma” aksiyadorlik jamiyatiga — kreditor qarzlarni qaytarish va import xomashyo xarid qilish uchun toʻliq hajmda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 27-dekabrdagi 244-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2005-y., 52-son, 386-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qaroriga 2-ilovadagi 120-“Ohangaron plastmassa qurilish materiallari” AJ va 124 - “ToshQMK” AJ tartib raqamlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Emitentlarga yoʻnaltirilgan mablagʻlar maqsadli foydalanilishi hamda asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar sotib olishga tuziladigan kontraktlarning asoslanganligi uchun javobgarlik “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Isayev va V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-may,
255-son