Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XORIJIY SARMOYaLAR BOʻYIChA AGENTLIKNI AKSIYADORLIK JAMIYATIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-fevraldagi 59-sonli “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni hisobga olishni tartibga solish va ular monitoringini olib borish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Istiqbolli investitsiya loyihalarni ishlab chiqish mexanizmini takomillashtirish va xorijiy sarmoyalar boʻyicha Agentlik faoliyatini faollashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha Agentlik faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 24-avgustdagi 340-son qarori bilan belgilangan shartlarda mablagʻ bilan taʼminlashning uch yillik davri tugaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” banki va “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasining ular tomonidan 1-ilovaga muvofiq ustav jamgʻarmasiga ega boʻlgan va ulushlari taqsimlanadigan “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatini taʼsis etish haqidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyati Xorijiy sarmoyalar boʻyicha Agentlik negizida tashkil etiladi va barcha mulkiy va nomulkiy huquqlar va majburiyatlar boʻyicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
loyihalash davri amal qilishining barcha bosqichlarida xorijiy sarmoya ishtirokidagi investitsiya loyihalarining istiqbolli dasturlarni identifikatsiyalash va ishlab chiqish, investitsiya loyihalarini tayyorlash, puxtalash, ularning loyiha-smeta hujjatlarini, texnik-iqtisodiy asoslarini va biznes-rejalarini vakolatli organlarda kelishib olish yoʻli bilan kompleks kuzatib borilishini taʼminlash;
respublikada mavjud boʻlgan investitsiya imkoniyatlari marketingini olib borish, xorijiy investorlarni Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya muhiti boʻyicha maʼlumot-axborot va tahlil materiallari bilan taʼminlash;
investitsiya loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashni tashkil etish masalalari boʻyicha xorijiy investorlar va xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
xorijiy sarmoyalar ishtirokida ishlab chiqilayotgan va amalga oshirilayotgan loyihalarni yuridik va maslahat berish jihatidan qoʻllab-quvvatlash Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi.
5. “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasiga 2-ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik bosh direktori Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda muassislarning umumiy yigʻilishi tomonidan tayinlanadi.
7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Agentlik oʻz faoliyatini oʻz faoliyatidan tushgan daromadlar hisobiga tijorat asosida amalga oshiradi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” banki va “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
BMT va TASISning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari bilan respublikaga xorijiy sarmoyalar oqimining koʻpayishiga yordam beradigan Agentlik ishtirokida amalga oshirilayotgan qoʻshma dasturlarni mablagʻ bilan taʼminlashni davom ettirish masalasini ishlab chiqsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy sarmoyalar boʻyicha Agentlik faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 24-avgustdagi 340-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 31-mart,
148-son
“Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyati muassislari ulushlarining taqsimlanishi
|
Muassislar |
Ustav jamgʻarmasiga badal, mln soʻm |
Ustav jamgʻarmasidagi ulush, % |
| Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi * | 15 | 25 |
| “Oʻzmilliybank” | 15 | 25 |
| “Asaka” banki | 15 | 25 |
| “Oʻzbekinvest” kompaniyasi | 15 | 25 |
| Jami: | 60 | 100 |
* ulush Toshkent shahri, Buyuk ipak yoʻli, 75-uydagi umumiy maydoni 518 kvadrat metr boʻlgan ishlab chiqarish xonalaridan 3 yil mobaynida foydalanish huquqini berish sifatida qoʻshiladi.
“Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasi*