Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2005-yil va 2006-yilning oʻn oyi mobaynidagi faoliyati yuzasidan hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevralda boʻlib oʻtgan, 2005-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2006-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan yigʻilishidagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006-yil 24-fevralda oʻtkazilgan beshinchi yalpi majlisidagi “Mamlakatimiz taraqqiyotining qonuniy asoslarini mustahkamlash – faoliyatimiz mezoni boʻlishi darkor” maʼruzalaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006-yil 25-fevraldagi 149-I-sonli Qarorining 3-bandi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ushbu vazifalar amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan harakat Dasturining 8.5-bandini ijro etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2005-yil va 2006-yilning oʻn oyi mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini eshitib, Senat Kengashi Qoʻmita tomonidan hisobot davrida muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Qonunchilik faoliyati doirasida Qoʻmita Qonunchilik palatasidan kelib tushgan uchta qonun yuzasidan xulosa tayyorladi. “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻyicha xulosa tayyorlanib, huquqiy normalarning oʻzaro bogʻlanishi va Qonunning yaxlitligi taʼminlanmaganligi sababli uni rad etish haqida taklif kiritildi. Buning natijasida Qonun Senat qarori bilan rad etildi. Ikkita qonun boʻyicha Qoʻmita ularni maʼqullash toʻgʻrisida xulosa berdi. Ushbu qonunlar Senatning yalpi majlislari muhokamasiga kiritildi va maʼqullandi.
Qoʻmita nazorat faoliyatini amalga oshira borib, “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning tizimiga kiruvchi tarkibiy boʻlinmalarda, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasida va Fargʻona viloyatining chegara hududlarida, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning rezervdagi va zaxiradagi ofitsyerlarni tayyorlashga doir qismining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻquv yurtlarida ijro etilishini oʻrgandi.
Ushbu masalalarni oʻrganish davomida yuqorida koʻrsatilgan qonunlarni amalga oshirishdagi kamchiliklar, xususan, vazirlik va idoralar davlat chegarasini himoya qilish va qoʻriqlashda, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolar yigʻinlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxona, muassasa va tashkilotlar bilan yetarlicha hamkorlik qilmayotganligi aniqlandi. Bu masalalar Qoʻmitaning kengaytirilgan sayyor majlislarida muhokama qilinib, ular yuzasidan aytib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va ijro etish uchun vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlariga yuborildi. Oʻz qarorlarining ijrosini nazorat qilish natijalari asosida Qoʻmita yuqorida zikr etilgan organlar rahbarlaridan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan.
Qoʻmita oʻz ish faoliyatini tashkil etishda quyi palataning tegishli qoʻmitasi, mudofaa va xavfsizlik masalalariga daxldor boʻlgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarining doimiy komissiyalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bordi.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan 13 ta turli seminar, konferensiya va davra suhbatlari oʻtkazildi. Qoʻmita ushbu tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq ishlarga muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha amaliy takliflar kirita oladigan olim va mutaxassislarni jalb etdi, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi dolzarb muammolarni koʻtarib chiqdi, quyi palataning tegishli qoʻmitasi bilan hamkorlik qildi, u tadbirlarda keng jamoatchilik vakillarining ishtirokini taʼminladi va koʻrilgan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqdi. Ushbu tadbirlarni oʻtkazish jarayonida Qoʻmitaning nazorat-tahlil faoliyati bilan bogʻliq masalalarni oldindan muhokama tajribasi ham sinab koʻrildi.
Shu bilan birga, Qoʻmita oʻz faoliyatida mudofaa va xavfsizlik bilan bogʻliq qonunlarning havola etuvchi normalari talablari qonunosti hujjatlarida qay darajada ruyobga chiqarilganligini oʻrganishga yetarli darajada eʼtibor bermaganligini qayd etish lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2005-yil va 2006-yilning oʻn oyi mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2005-yil va 2006-yilning oʻn oyi mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevralda boʻlib oʻtgan, 2005-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2006-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan yigʻilishidagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006-yil 24-fevralda oʻtkazilgan beshinchi yalpi majlisidagi “Mamlakatimiz taraqqiyotining qonuniy asoslarini mustahkamlash – faoliyatimiz mezoni boʻlishi darkor” maʼruzalaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida Qoʻmita:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda terrorizm va ekstremizmga, separatizmga, narkotrafikka qarshi kurash choralarini kuchaytirish, shuningdek mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash masalalarida tashabbus koʻrsatishi;
oʻtkaziladigan tadbirlarni puxta tayyorlash, amaliy takliflar ishlab chiqishga olim va mutaxassislarni, jamoatchilikni kengroq jalb etishi;
nazorat faoliyatining samaradorligini, parlament nazoratining taʼsirchanligini oshirishi;
mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilik eʼtiboriga yetkazib turishi;
qabul qilinayotgan qonunlar va Qoʻmita qarorlarining ijrosini taʼminlashi;
nazorat-tahlil faoliyatini takomillashtirishi, qonunlarning ijro etilishiga doir nazorat faoliyati masalalarini davra suhbatlarida dastlabki tarzda muhokama qilishni Qoʻmitaning amaliy faoliyatiga joriy etishi, qonunlar, Qoʻmita qabul qilgan qarorlar ijrosini, tavsiyalar bajarilishini monitoring qilishni kuchaytirish choralarini koʻrishi, Qoʻmita qarorlari ijro etilishi uchun davlat organlari va boshqa organlar rahbarlarining masʼuliyatini oshirish masalalariga eʼtibor berishi zarur.
3. Qoʻmita Senatning boshqa qoʻmitalari bilan birgalikda Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati kabi xalqaro tashkilotlar bilan mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash masalalarida hamkorlikni taʼmin etish choralarini kuchaytirsin, mudofaa va xavfsizlik masalalari, shuningdek mintaqadagi xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurash masalalari boʻyicha qabul qilingan qarorlarni ijro etishda senatorlar ishtirokini taʼminlasin, davlatlararo ishchi guruhlari ishida parlament aʼzolarining ishtirok etishi masalalarini koʻrib borsin.
4. Qoʻmitaning 2007-yilgi ish rejasini tuzishda:
qonunlarning mamlakat mudofaa salohiyati va xavfsizligi bilan bogʻliq havola etuvchi normalari talablari qonunosti hujjatlarida qay darajada ruyobga chiqarilganligini oʻrganishga;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni tashkil qilish muammolarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari bilan birgalikda oʻrganishga, shuningdek bu muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga eʼtibor qaratsin.
5. Qoʻmitada mudofaa va xavfsizlik masalalariga oid qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlaridan iborat maʼlumotlar bazasi tashkil etilsin, Senatning yalpi majlislari oldidan Qoʻmita aʼzolarining vazifalari toʻgʻrisidagi masalalarni belgilab olish tartibi ishlab chiqilsin.
6. Qoʻmita qabul qilingan qonunlarni aholiga va ijrochilarga yetkazish amaliyotini va ularning ijrosini nazorat qilishni muntazam ravishda takomillashtirib borsin.
7. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning chegara hududlarida xavfsizlikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash sohasida chegara qoʻshinlariga koʻmaklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari, korxona, muassasa va tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilishi boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilsin va joylarda aniq tadbirlarni amalga oshirish choralari nazarda tutilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-noyabr,
243-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 11-son, 642-modda)