Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2007-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2007-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2007-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, Davlat budjeti 2007-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,9 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bozor islohotlari va iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yanada chuqurlashtirilishini, soliq tushumlari mexanizmi takomillashtirilishini, qatʼiy pul-kredit siyosati oʻtkazilishini taʼminlasin, shuningdek aholini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlashga, budjet xarajatlarining samaradorligi oshirilishi va maqbullashtirilishiga, ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar hamda aholiga boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlash uchun budjet xarajatlarini toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirishga doir ishlarni davom ettirsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet daromadlari koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishi zarurligiga, Davlat budjetining gʻazna ijrosi mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini taʼminlashga, mintaqalarning soliq bazasini va moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlarini toʻliq moliyalashtirishni taʼminlashga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 22-avgust,
577-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 8-son, 369-modda)