Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini amalga oshirish sohasidagi ishi toʻgʻrisida
Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlar, iqtisodiyot va madaniyatning barqaror rivojlanishi sharoitida jamiyatni yangilashning asosiy boʻgʻini sifatida taʼlim sohasini isloh qilish siyosati izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Belgilab olingan maqsadlarga muvaffaqiyatli tarzda erishish uchun taʼlim tizimini tubdan isloh qilishning asosi boʻlmish “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, shuningdek umumtaʼlim maktablaridagi umumiy toʻqqiz yillik oʻrta taʼlimning akademik litseylar yoki kasb-hunar kollejlaridagi uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi bilan uzluksizligi hamda vorisligini taʼmin etish, xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini mustahkamlash, umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar nashr etish hamda boshqa masalalar yuzasidan bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ajralmas va mantiqiy davomi boʻlgan Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umumilliy dasturi ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu dasturiy hujjatda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini muvaffaqiyatli bajarishning eng muhim sharti sifatida maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yagona uzluksiz taʼlim tizimini shakllantirish bilan bogʻliq muammolarni hal etish asosiy maqsad qilib belgilandi.
Dasturga muvofiq oʻqituvchi shaxsiga, uni ijtimoiy himoyalashga, unga qulay sharoitlar yaratishga, kasb mahoratini, ijtimoiy faolligini oshirishga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Maktablarni, ayniqsa qishloq maktablarini malakali oʻqituvchi kadrlar bilan taʼminlash, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatning umumtaʼlim maktablarida 450 mingdan ortiq, shu jumladan qishloq maktablarida 340 mingdan ortiq oʻqituvchi pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanmoqda.
Pedagog xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida ular mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimi joriy etildi, 2007-yilda kasb mahorati va samarali tarbiyaviy ishlari uchun 187 mingdan ortiq oʻqituvchi (43,2 foiz) va 3,8 ming kutubxonachi (34,6 foiz) ustamalar olmoqda.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish mintaqaviy institutlari (14 ta) hamda Xalq taʼlimi rahbar kadrlarining malakasini oshirish markaziy institutida pedagoglarni masofadan turib oʻqitish boʻyicha 85 ta resurs markazi tashkil etildi. 2006-yildan boshlab malaka oshirish institutlarining rejalari birinchi marta joylardagi taʼlim muassasalarining buyurtmalari asosida, manzillilik prinsipini hamda xodimlarning professional tayyorgarlik darajasini hisobga olgan holda ishlab chiqildi.
Maktablarning takomillashtirilgan davlat taʼlim standartlari hamda modernizatsiyalangan oʻquv dasturlari talablariga javob beradigan zamonaviy oʻquv adabiyotlari va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlanganlik darajasi 95,7 foizni tashkil etmoqda. 2007-yilda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun 248 nomda 19,5 million nusxada 20,9 milliard soʻmlik darsliklar nashr etish rejalashtirilgan.
Davlat taʼlim standartlarini va oʻquv dasturlarini takomillashtirish maqsadida 112 ta tayanch maktabda 165 yoʻnalish boʻyicha darslar oʻtilishi tilini va sinflarni hisobga olgan holda tajriba ishlari oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2006-2007 oʻquv yili oxirida oʻtkazilgan monitoring oʻquvchilarning bilim darajasi oʻtgan oʻquv yili yakunlariga nisbatan 2,7 foiz oshganligini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi oʻtkazgan monitoring natijalari, shuningdek respublika va xalqaro olimpiadalarning natijalari ham oʻquvchilarning bilim darajasi izchil oʻsishda ekanligini tasdiqladi.
Maktab taʼlimini rivojlantirish dasturining tasdiqlangan koʻrsatkichlari boʻyicha, xususan yangi maktablar qurish, ishlab turgan maktablarni tubdan rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirdan chiqarish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
2004 — 2006-yillar va 2007-yilning birinchi yarmi mobaynida 4669 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, ularni bajarishga 600,7 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ sarflandi. 205 ta yangi maktab foydalanishga topshirildi, 1174 ta maktab tubdan rekonstruksiya qilindi, 2074 ta maktab kapital taʼmirlandi va 1216 ta maktabda joriy taʼmirlash ishlari bajarildi.
Maktab taʼlimini rivojlantirish dasturiga qoʻshimcha ravishda mahalliy davlat hokimiyati organlari va homiylar tomonidan 2004 — 2006-yillar va 2007-yilning birinchi yarmida 1195 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Shu jumladan 46 ta yangi maktab binosi qurildi, 30 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 94 ta maktabda kapital va 1025 ta maktabda joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
437 ta sport inshooti, shu jumladan qishloq joylarda 352 ta sport inshooti foydalanishga topshirildi. Umumtaʼlim maktablarining sport zallari bilan taʼminlanganlik darajasi 59 foizni, sport inventari bilan taʼminlanganlik darajasi 46 foizni tashkil etdi. Sport bilan muntazam shugʻullanayotgan oʻquvchilar 40 foizga yaqinlashib qoldi.
Dasturga muvofiq taʼlim muassasalarini zamonaviy mebel, oʻquv-laboratoriya uskunalari, sport inventari, kompyuter texnikasi va darsliklar bilan taʼminlash nazarda tutilgan.
Tender savdolarining gʻoliblari tomonidan 197,7 milliard soʻmlik maktab mebeli, oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va sport inventari yetkazib berildi. Umumtaʼlim maktablarining zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanish darajasi 2004-yildagiga nisbatan fizika kabinetlarida 29 foizdan 61 foizga, kimyo kabinetlarida 29,5 foizdan 42,5 foizga, biologiya kabinetlarida 29,5 foizdan 42 foizga oʻsdi. Hozirgi vaqtda umumtaʼlim maktablarining zamonaviy oʻquv-kompyuter sinfxonalari bilan taʼminlanganlik darajasi 38,7 foizga yetdi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini amalga oshirish sohasidagi ishida kamchilik va foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.
Mamlakatda maktablarning pedagog kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasi 98,7 foizni tashkil etadi, biroq bu koʻrsatkich Fargʻona viloyatida 98,2 va Sirdaryo viloyatida 97,6 foiz darajasida qolmoqda. Ayrim umumtaʼlim maktablarida oʻqituvchilarning mehnatini moddiy ragʻbatlantirish chogʻida ularning faoliyatini baholashga xolisona yondashish baʼzida taʼmin etilmayotir.
Hamma joyda ham oʻqituvchilar taʼlim berishning zamonaviy usul va shakllarini, yangi pedagogika texnologiyalarini oʻzlashtirib olganlar deb boʻlmaydi, ayrim pedagoglar va pedagogika jamoalarining ijodiy salohiyati yaxshi namoyon boʻlmayotir. Ayrim oʻqituvchilarning kompyuterdan xabardor emasligi dars berish darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻquvchilarning bilim darajasini nazorat qilish shakl va uslub jihatidan hozirgi talablardan orqada qolmoqda. Maktab kutubxonalari fondida ijtimoiy-siyosiy, uslubiyatga oid va badiiy kitoblar juda oz. Oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida mamlakatning ilmiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotir. Eng yangi pedagogika texnologiyalarini targʻib qilish dolzarb vazifaligicha qolmoqda. Pedagoglarning malaka oshirish kurslarida olgan bilimlarini qoʻllash samaradorligi yetarlicha oʻrganilmayapti.
Baʼzi umumtaʼlim maktablarida zamonaviy oʻquv va oʻquv-laboratoriya uskunalarini, kompyuter texnikasi va sport inventarini saqlash, asrash hamda ulardan samarali foydalanishga yetarli eʼtibor berilmayotir. Ayniqsa qishloq maktablarida elektr taʼminotidagi uzilishlar, sifatli aloqaning yoʻqligi tufayli oʻquv jarayonida kompyuterlar va Internet tizimidan foydalanish zamon talablariga javob bermaydi.
Mamlakatda 2007-yilning birinchi yarmida tugallangan qurilish-taʼmirlash ishlari hajmi yillik rejaning 89 foizini tashkil qildi, biroq bu koʻrsatkich Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida mamlakat miqyosida erishilgan darajadan past. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlaridagi taʼlim obyektlarida qurilish ishlarini bajarish sifati ustidan nazorat boʻshashtirib yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini amalga oshirish sohasidagi ishi toʻgʻrisida ishchi guruh rahbari hamda vazirning axborotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini amalga oshirish yuzasidan muayyan ishlar olib borilayotganligi qayd etib oʻtilsin.
2. Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga quyidagilar tavsiya etilsin:
idoraviy boʻysunuvidan va mulk shakllaridan qatʼi nazar, taʼlim muassasalariga uslubiy rahbarlikni takomillashtirish, oʻquv-tarbiya jarayoniga taʼlim berishning zamonaviy shakllarini, yangi pedagogika va axborot texnologiyalarini, maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
yangi yaratilayotgan, davlat taʼlim standartlari talablariga mos oʻquv-koʻrgazma va didaktik materiallarni takomillashtirish choralarini koʻrish;
taʼlim muassasalarining kadrlar salohiyatini oshirish, ularni pedagogika oliy oʻquv yurtlarini bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislar bilan taʼminlashga qaratilgan aniq maqsadli ishni davom ettirish;
foydalanishga topshirilgan taʼlim muassasalarining binolari asrab-avaylanishi va saqlanishini, oʻquv-laboratoriya uskunalaridan, kompyuter texnikasi va sport inventaridan samarali foydalanilishini taʼminlash;
chiqarilayotgan darsliklar va oʻquv-uslubiy adabiyotlarning sifatiga, maktab kutubxonalari darslik, ijtimoiy-siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan muntazam ravishda toʻldirib borilishiga alohida eʼtibor berish;
fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, bunday maktablardagi taʼlim jarayonini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining yoʻnalishlari bilan muvofiqlashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda boʻlgʻusi pedagoglarning kasb mahorati darajasini hamda amaliy koʻnikmalarini oshirish talablaridan kelib chiqib, pedagogika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari talabalarining uzluksiz faol pedagogik amaliyoti muddatlarini birinchi kursdan boshlab uzaytirish masalasini hal etish tavsiya qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari bilan birgalikda:
maktablarni qayta tiklash ishlarini amalga oshirish chogʻida namunaviy loyihalarga, tasdiqlangan norma va qoidalarga rioya etilishi, maktablarda olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari sifati, ularning oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi hamda moddiy-texnikaviy jihozlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
Umumtaʼlim maktablarini qayta tiklashning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan manzilli dasturiga kirmagan maktablarning holatini oʻrganib chiqish, qurilish-taʼmirlash ishlari hajmini aniqlash va ularni moliyalash manbalarini belgilash hamda bunday maktablarni har taraflama mustahkamlash va rivojlantirish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2008-2009 oʻquv yili boshlangunga qadar umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining bilimlarini baholashning mamlakat oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida bilimlarni baholash tizimiga mos boʻlgan yagona tizimini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda xalq taʼlimi muassasalarida budjet mablagʻlaridan oʻz oʻrnida va samarali foydalanilishini hamda budjet intizomiga rioya etilishini, shu jumladan xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimi talablarining bajarilishini taʼminlash, Maktab taʼlimi jamgʻarmasi mablagʻlaridan oʻz oʻrnida va samarali foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
taʼlimning yuksak sifatini taʼminlash maqsadida sinflarning toʻldirilishi masalasini ularda oʻquvchilar soni maqbul darajada boʻlishini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish;
maktab kutubxonalariga lotin alifbosidagi ijtimoiy-siyosiy va badiiy adabiyotlar olish uchun mablagʻlar ajratish masalasini hal qilish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga umumtaʼlim maktablarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, ularni zamonaviy mebel, eng yangi darsliklar, kompyuterlar, oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlashga yoʻnaltiriladigan imtiyozli kreditlar va grantlar shaklidagi chet el investitsiyalarini jalb etish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga umumtaʼlim maktablarining oʻquv uskunalari uchun butlovchi qismlar yetkazib beradigan xorijiy sheriklarga moliyaviy xizmatlar koʻrsatish samaradorligini oshirish yuzasidan zarur choralar koʻrish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ayniqsa qishloq joylardagi umumtaʼlim maktablarini telefon aloqasi bilan taʼminlash va ularning Internet tarmogʻidan foydalanishini taʼmin etish yuzasidan choralar koʻrish tavsiya qilinsin.
10. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligiga, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasiga:
darslar oʻzbek tilida olib borilmaydigan umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilari uchun nashr etilayotgan darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari tarjimasi hamda dizayni sifatini takomillashtirish choralarini belgilab olish;
boshqa nashriyotlar bilan birgalikda chiqarilayotgan ijtimoiy-siyosiy hamda badiiy adabiyotlarning roʻyxatini kengaytirish tavsiya etilsin.
11. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligiga “Oʻzkitobsavdo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda ijtimoiy-siyosiy, uslubiyatga oid va badiiy adabiyotlar sotiladigan kitob savdosi doʻkonlari tarmogʻini kengaytirish tavsiya etilsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini amalga oshirishga har taraflama koʻmaklashsin va bunda umumtaʼlim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor bersin.
13. Xalq deputatlari Andijon, Navoiy, Xorazm va Fargʻona viloyat Kengashlari pedagog kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish mintaqaviy institutlarining yotoqxonalari uchun binolar qurish masalasini, xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish mintaqaviy institutining yotoqxonasini kapital taʼmirlash masalasini hal qilsin.
14. Xalq deputatlari Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyat va Toshkent shahar Kengashlari Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining mintaqaviy boʻlinmalari bilan hamkorlikda bolalar sporti obyektlari, umumtaʼlim maktablarining sport zallari oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
15. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilsin.
16. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklatilsin.
17. Ushbu qarorning bajarilishi jarayoni haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashiga 2008-yil 1-yanvarga qadar axborot taqdim etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 25-iyul,
363-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 365-modda)