Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Valyuta birjasi faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 18-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2788]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi, “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Valyuta birjasi faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 23-aprel,
12/I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 23-apreldagi 12/1-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Valyuta birjasi faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi, “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq valyuta birjasi faoliyatini litsenziyalashni tartibga soladi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
valyuta birjasi — chet el valyutasi, davlat qimmatli qogʻozlari, moliyaviy hosila instrumentlari (derivativlar) oldi-sotdisi hamda ular bilan bogʻliq boshqa birja bitimlari boʻyicha birja savdolarini, shuningdek banklararo pul bozorini hamda Markaziy bankning ijorat banklari bilan amalga oshiriladigan kredit va depozit auksionlarini tashkil etuvchi yuridik shaxs;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2788-2, 25.04.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 10/18/2788-2/1101-son)
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziyalovchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki;
litsenziya daʼvogari — litsenziyalovchi organga valyuta birjasi faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan yuridik shaxs;
litsenziat — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega boʻlgan yuridik shaxs.
2. Valyuta birjasi faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi.
3. Litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.
4. Litsenziyani berish, amal qilishini tugatish, bekor qilish, toʻxtatib turish, qayta rasmiylashtirish yoki qayta tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qarori bilan rasmiylashtiriladi.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
5. Quyidagilar valyuta birjasi faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga va birja savdolari qoidalariga rioya qilish;
b) aksiyadorlik jamiyatlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan ustav fondi (ustav kapitali)ning eng kam miqdori boʻyicha talablarga muvofiqlik;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
v) kamida 10 ta tijorat banki sifatidagi birja aʼzolarining mavjud boʻlishi;
(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2788-2, 25.04.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 10/18/2788-2/1101-son)
Keyingi tahrirga qarang.
g) tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratilganligi;
d) mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan umumiy texnik talablarga qatʼiy rioya etgan holda shakllantirilgan birja savdolari elektron tizimining mavjudligi;
e) birja savdolarini oldindan belgilangan joy va muayyan vaqtda, belgilangan qoidalar asosida elektron shaklda valyuta birjasi aʼzolarining barchasiga ushbu savdolarda bir vaqtda ishtirok etish imkoniyati berilgan holda oʻtkazish;
j) kliringni amalga oshirish va hisob-kitoblarni oʻtkazish, shuningdek davlat qimmatli qogʻozlariga boʻlgan huquqlarni hisobga olish va ularni saqlash tizimining mavjudligi;
z) axborotni qonun hujjatlariga muvofiq oshkor qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
i) litsenziyalovchi organning talabiga koʻra birja faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq axborotni taqdim etish;
k) xonalarning texnik jihatdan mustahkamlanganligi va qoʻriqlash va yongʻindan ogoh etish vositalari bilan jihozlanganligi;
l) kundalik buxgalteriya hisobi yuritilishini taʼminlovchi dasturiy taʼminotning mavjudligi;
m) birja savdolarining elektron tizimi tomonidan avtomatik ravishda tuziladigan elektron bayonnomalar tarzida kiritilgan birja bitimlari toʻgʻrisidagi axborotni arxiv ishlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq saqlash.
3-bob. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
6. Litsenziya olish uchun litsenziya daʼvogari litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: litsenziya daʼvogarining nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), elektron manzili, bank hisobi rekvizitlari;
Keyingi tahrirga qarang.
b) litsenziya talablari va shartlarining bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat;
v) litsenziya daʼvogari ustavining nusxasi;
g) litsenziya daʼvogarining boshqaruv organlari tarkibi toʻgʻrisida maʼlumot;
Oldingi tahrirga qarang.
d) litsenziya daʼvogarining chet el valyutasi, davlat qimmatli qogʻozlari, moliyaviy hosila instrumentlari (derivativlar) operatsiyalari bilan shugʻullanuvchi va banklararo pul bozori, shuningdek Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiriladigan kredit va depozit auksionlarini tashkil etish boʻyicha boʻlinmalari, shuningdek xodimlar malakasi, boʻlinmalar ixtisoslashuvi va ularning texnik jihozlanganligi tavsiflangan tashkiliy tuzilmasi.
(6-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2788-2, 25.04.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 10/18/2788-2/1101-son)
Keyingi tahrirga qarang.
7. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar litsenziya daʼvogari tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya daʼvogarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada litsenziya daʼvogarining elektron manzili koʻrsatilganligi uning arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga boʻlgan roziligidir.
8. Notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqdim etganligi uchun litsenziya daʼvogari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Litsenziya daʼvogaridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Hujjatlarni koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
10. Litsenziya olish uchun ariza bilan barcha zarur hujjatlar litsenziyalovchi organ tomonidan ushbu hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
12. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat boji undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida litsenziya daʼvogarini litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror haqida xabardor qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Litsenziya berish boʻyicha qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma shaklda joʻnatiladi (taqdim etiladi).
15. Litsenziya litsenziya daʼvogari tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda rasmiylashtiriladi va beriladi.
Litsenziya blankasining asl nusxasi litsenziatga beriladi, litsenziya nusxasi litsenziyalovchi organda saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Litsenziya bitimi litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi hujjat hisoblanadi.
Litsenziya bitimida quyidagilar boʻlishi lozim:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishining litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilinishi tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada tuziladi, bir nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi, ikkinchisi esa litsenziatga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Litsenziyalovchi organ quyidagi sabablarga koʻra litsenziya berishni rad etishga haqlidir:
litsenziya daʼvogari hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmagan holda taqdim etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziya daʼvogari taqdim etgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi;
litsenziya daʼvogarining litsenziya berish talablari va shart-sharoitlariga nomuvofiqligi.
Keyingi tahrirga qarang.
Boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda, rad etishning sabablari va litsenziya daʼvogari koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takror taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
Litsenziya daʼvogari litsenziya berish rad etilishi uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya daʼvogarining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziya daʼvogarlarining arizalarini takroran koʻrib chiqqanlik uchun ham yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya daʼvogarining arizasini takroran koʻrib chiqishda litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya daʼvogarining litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan arizasi yangidan berilgan deb hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
Keyingi tahrirga qarang.
19. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga, koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Litsenziyalovchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza olingan kundan boshlab, besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Litsenziya yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, litsenziyani bekor qilish
23. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat tomonidan valyuta birjasi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining buzilishi holatlari aniqlanganda;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziat tomonidan litsenziya bitimida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlari buzilishi aniqlanganda;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyalovchi organning litsenziat faoliyatida aniqlangan qoida buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalari litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
(23-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 10-dekabrdagi 39/1-sonli qarori (roʻyxat raqami 2788-1, 21.12.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 51-son, 589-modda)
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziyalovchi organ litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilaydi. Bunda belgilangan muddat olti oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyalovchi organ koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida uch kun muddat ichida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziatning faoliyati yuridik shaxs sifatida tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, uning oʻzgartirilishi bundan mustasno;
litsenziat litsenziya bitimida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ belgilagan muddatda bartaraf etmaganda.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
Tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
agar litsenziat litsenziya berishi haqida qaror qabul qilingani toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran bir oy ichida litsenziya bitimini imzolamagan boʻlsa;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi dalili aniqlanganda.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi.
Litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Litsenziat faoliyatini tartibga solish, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
26. Litsenziat faoliyatini tartibga solish va litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(26-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 10-dekabrdagi 39/1-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2788-1, 21.12.2016-y.) asosan chiqarilgan— OʻR QHT, 2016-y., 51-son, 589-modda)
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining litsenziat tomonidan aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror chiqarish.
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda litsenziyalovchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
8-bob. Litsenziyalar reyestrini yuritish
28. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi va unda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
litsenziat toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
litsenziya berilgan sana va tartib raqami;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash asoslari va sanalari;
litsenziyaning amal qilishini tugatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilish asoslari va sanasi;
soliq toʻlovchining identifikatsion raqami;
boshqa maʼlumotlar.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Litsenziyalar reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
30. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Valyuta birjasi faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Birja savdolarining elektron tizimlariga qoʻyiladigan umumiy
TEXNIK TALABLAR
1-bob. Asosiy tushunchalar
1. Birja savdolarining elektron tizimlariga (bundan buyon matnda BSET deb yuritiladi) qoʻyiladigan umumiy texnik talablarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
dasturiy vosita — maʼlumotlar bilan ishlash tizimining faoliyat yuritishiga doir dasturlar, tartibotlar, qoidalar, shuningdek nazarda tutilgan boʻlsa, ularga ilova qilinadigan hujjatlar va maʼlumotlardan iborat obyekt;
BSET — valyuta birjasi aʼzolariga bevosita birja savdo zalida yoki uzoqlashtirilgan ish joylarida aniq vaqt rejimida birja savdolarida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy va texnik vositalar majmuidan iborat global taqsimlangan axborot tizimi;
dizel generator qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi avtonom elektrogenerator qurilmasi;
uzluksiz taʼminot manbai — kompyuter, server va telekommunikatsiya uskunalarini uzluksiz ravishda energiya bilan taʼminlaydigan qurilma;
rezervni avtomatik ishga tushirish qurilmasi — elektr yuklamalarni avtomatik taqsimlashni taʼminlaydigan elektr taʼminoti tarmogʻi qurilmasi.
2-bob. BSETga qoʻyiladigan texnik talablar
2. BSET quyidagilarni taʼminlashi lozim:
lokal hisoblash tarmoqlari sharoitlarida faoliyat koʻrsatish;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼlumotlar bazasi bilan bogʻlanganlik asosida, valyuta birjasi savdo ishtirokchilari (bundan buyon matnda savdo ishtirokchilari deb yuritiladi) haqidagi axborotni shakllantirish, saqlash va aks ettirishi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 10-dekabrdagi 39/1-sonli qarori (roʻyxat raqami 2788-1, 21.12.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 51-son, 589-modda)
maʼlumotlar bazasi bilan bogʻlanganlik asosida, buyurtmalar, bitimlar va savdo natijalari boʻyicha axborotni saqlash va aks ettirishi;
maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan maʼlumotnomalar asosida axborotni saqlash va aks ettirishi;
dasturiy vositalar majmuining ishini qisqa yoʻriqnomalar, yordam koʻrsatish va tushuntirishlar bilan taʼminlaniladigan menyu tizimi orqali tashkil qilishi;
terminalning jismonan joylashishidan qatʼi nazar, aniq vaqt rejimida birja savdolarida qatnashish imkonini yoki savdo ishtirokchilari oʻrtasida axborot almashinuvini taʼminlash;
oʻtkazilgan birja savdolari boʻyicha hisobotlarni mazkur savdolarning elektron bayonnomasi mazmuniga qatʼiy mos keltirgan holda shakllantirish;
birja savdolari jarayonida bajarilayotgan har bir operatsiyaga avtomatik ravishda identifikatsiya raqamini biriktirish va ushbu operatsiyalarni mazkur savdolarning elektron bayonnomasida yuritish.
3. BSETning tarkibida quyidagi maʼlumotlar roʻyxatga olinadigan birja savdolari boʻyicha bajarilgan amallarning hisobini yurituvchi avtomatlashtirilgan (elektron bayonnoma) boʻlishi lozim:
savdoning ochilishi;
savdoning yopilishi;
savdo ishtirokchisini identifikatsiya qilish;
savdo ishtirokchisining tizimga kirish vaqti;
savdo ishtirokchisining tizimdan chiqish vaqti;
savdo ishtirokchisi tomonidan buyurtma berilgan vaqt;
savdo ishtirokchisi buyurtmani qaytarib olgan vaqti;
savdo ishtirokchisi buyurtmani oʻzgartirgan vaqti;
savdo ishtirokchisi bitim tuzgan vaqti;
birja tovarining nomi;
buyurtmadagi birja tovarining miqdori;
birja tovarining narxi.
Yozuvlarni qayd qilish vaqtining formati — yil, oy, kun, soat, daqiqa, soniya.
3-bob. Dasturiy vositaga qoʻyiladigan talablar
4. BSETning dasturiy vositasi litsenziyaviy dasturiy taʼminotdan foydalangan holda va texnik topshiriqqa asosan ishlab chiqilishi hamda ekspluatatsiya qilinishi lozim.
5. Axborotning toʻliq yoki qisman talofati yoʻqolishi va maʼlumotlar bazasi butunligi buzilishini oldini olish maqsadida BSETning dasturiy vositasi foydalanuvchining xatolariga, texnik nosozliklar holatlarida yuzaga keladigan xatolarga hamda maʼlumot bazasi xatolariga foydalanuvchiga uning keyingi xatti-harakatlari koʻrsatilgan axborotni taqdim etgan holda ishlov berilishini taʼminlashi lozim.
6. BSETning dasturiy vositasida quyidagi funksiyalarni taʼminlaydigan dasturlar ishini nazorat qiluvchi modul boʻlishi shart:
foydalanuvchini identifikatsiya qilish (tanib olish), autentifikatsiya qilish (haqiqiyligini tasdiqlash) va avtorizatsiyalash (vakolatlarni oʻzlashtirib olish);
BSET resurslaridan foydalanishni nazorat qilish;
BSETda sodir boʻlayotgan voqealarni roʻyxatga olish va tahlil qilish;
BSET resurslari butunligini nazorat qilish.
7. BSETning dasturiy vositasi quyidagi dasturiy tizimlardan iborat boʻlishi yoki mavjud dasturiy tizimlar bilan elektron tarzda oʻzaro ishlashni taʼminlashi lozim:
savdo tizimi;
kliringni amalga oshirish va hisob-kitoblarni oʻtkazish tizimi;
davlat qimmatli qogʻozlari hisobini yuritish va saqlash tizimi;
axborot-tahlil tizimi;
maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari (agar texnologik savdo jarayoni bunday tizim bilan oʻzaro ishlashni koʻzda tutsa).
4-bob. Apparat taʼminotiga qoʻyiladigan talablar
8. Server va aloqa uskunasi quyidagilarni taʼminlashi lozim:
BSETning bir meʼyorda ishlashini taʼminlash uchun yetarli darajadagi ish unumdorligini;
axborotning ortib borayotgan hajmi bilan ishlash imkoniyatlarini.
9. Serverlar diskli toʻplagichlar va “qaynoq almashinuvchi” energiya manbalari bilan taʼminlanishi lozim.
10. Serverning ventilyatsiya tizimi haroratni nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
11. Uzluksiz taʼminot manbai quvvati server tomonidan talab qilinadigan quvvatga muvofiq tanlanishi va batareya yordamida kamida 30 daqiqalik ish vaqti bilan taʼminlashi va nominal quvvatning koʻpi bilan 75 foizigacha yuklangan boʻlishi lozim.
12. Serverlarda maʼlumotlarning zaxiralanishi diskli toʻplagichlarda, shuningdek maʼlumotlar saqlanadigan tashqi qurilmalarda taʼminlangan boʻlishi lozim.
13. Serverlar maʼlumotlarni oʻzida maxsus tezkor saqlaydigan xotira — xatolarni topib, tuzatish qobiliyatiga ega xotira bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
14. Server xonasi alohida joylashgan va undan cheklangan doiradagi shaxslar foydalanishi mumkin boʻlishi, shuningdek xonadagi havo harorati Selsiy boʻyicha 20 — 24 darajada saqlab turilishi lozim.
5-bob. Axborot xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
15. Axborot xavfsizligi axborotni muhofaza qilishning tashkiliy-texnik chora-tadbirlari va dasturiy-apparat vositalaridan iborat tizim bilan taʼminlanishi va quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
xodimlar va ishtirokchilarning BSETga kirishi uchun parollarni qoʻllash boʻyicha sxemalar va yoʻriqnomalarni;
BSET axborot resurslari va xizmatlaridan xodimlarning foydalanish bosqichlarini bir-biridan farqlash sxemalarini;
axborotni takrorlash hamda maʼlumotlar nusxalari va joʻnatilgan xabarlarni saqlash texnologiyasi boʻyicha yoʻriqnoma va hujjatlarni;
xodimlarning maxfiy hujjatlarni oshkor qilishi mumkin boʻlgan yoki oshkor qilgan harakatlari uchun javobgarlikni belgilaydigan hujjatlarni;
axborotni muhofaza etishni taʼminlash maqsadida ishtirokchilarning elektron tarzda oʻzaro aloqasida axborot almashinuvi qoidalarini belgilaydigan hujjatlarni.
Savdolarning texnologik jarayoni ishtirokchilar uchun axborot almashinuvi maqsadida uzunligi 1024 bitdan kam boʻlmagan kalitli maʼlumotlarni yagona shifrlash algoritmi qoʻllanilishi lozim.
16. Tashkiliy choralar yuridik shaxslarni BSET dasturiy vositalarini loyihalash, yaratish, ekspluatatsiya qilish va taʼminlashga jalb qilish qoidasini tartibga soluvchi talablar hamda harakatlar roʻyxatidan iborat boʻlishi mumkin.
17. Valyuta birjasi aʼzolarining BSETda axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalaridan, shu jumladan, elektron raqamli imzodan foydalangan holda, ish olib borishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. BSET dasturiy vositalarining axborot xavfsizligini taʼminlash tizimi xavf-xatar tahdidi hamda ularning normal faoliyat yuritilishining buzilishi bilan bogʻliq sabablar va sharoitlarni oʻz vaqtida aniqlanishini taʼminlaydigan tegishli xavfsizlik siyosati bilan amalga oshirilishi lozim.
6-bob. Elektr taʼminotiga qoʻyiladigan talablar
19. BSETning elektr taʼminoti meʼyorda boʻlishi va elektr taʼminotini zaxiralash maqsadida elektr taʼminotining kamida ikkita fiderlik kirish tarmogʻi mavjud boʻlishi lozim. Ular rezervni avtomatik ishga tushirish qurilmasi orqali elektr taʼminoti tizimiga ulaniladi.
20. Serverxona uzoq vaqt mobaynida elektr bilan taʼminlanmagan holda serverxonadagi muhandislik tizimi va uskunalarning uzluksiz ishlashi dizel generator qurilmasi orqali elektr taʼminoti tarmogʻidan va uzluksiz taʼminot manbai tarmogʻidan taʼminlanishi lozim.
21. Kompyuter, server va telekommunikatsiya uskunalarining uzluksiz elektr bilan taʼminlash uchun maxsus xonada alohida uzluksiz taʼminot manbai nazarda tutilgan boʻlishi lozim. Bunda uzluksiz taʼminot manbai xuddi shunday koʻrinishdagi ikkinchi uzluksiz taʼminot manbaida 100% li zaxiraga ega boʻlishi lozim.
22. Uzluksiz taʼminot manbai kompyuter, server va telekommunikatsiya uskunalarining ish faoliyatini dizel generator qurilmasi toʻliq ishga tushguniga qadar taʼminlashi va nominal quvvatining 75% dan ortmagan holda ishlashi kerak.
7-bob. Tashkiliy talablar
23. BSET uzluksiz ravishda sutkasiga 24 soat mobaynida (ish kunlarida) ishlash imkoniyatini taʼminlashi lozim.
24. Har bir ishtirokchi BSETdan teng shart-sharoitlarda foydalanish huquqiga ega boʻlishi lozim. Ishtirokchilar soni BSET dasturiy vositasi ish unumdorligi yoki dasturiy-apparat tavsiflari bilan cheklanmasligi kerak.
25. Valyuta birjasi savdo ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish maqsadida savdo zalidagi terminallar soni yetarli boʻlishini taʼminlashi shart.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 20-son, 227-modda, 51-son, 589-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 10/18/2788-2/1101-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.09.2022-y., 10/22/2788-3/0847-son; 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)