Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2005-2006-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining hisobot davridagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Senatining 2005-yil 28-yanvardagi qoʻshma majlisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi majlisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006-yil 24-fevraldagi beshinchi yalpi majlisidagi maʼruzalarida belgilab berilgan vazifalarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati 2006-yil 25-fevralda qabul qilgan 149-I-sonli qarorning 3-bandini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006-yil 4-apreldagi 164-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Harakat dasturining 8.5-bandini bajarishga qaratildi.
Qoʻmita hisobot davrida Oliy Majlis Senatiga maʼqullash uchun taqdim etilgan qonunlar yuzasidan yigirma ikkita xulosa tayyorladi. Senatning yalpi majlislarida shu qonunlardan oʻn sakkiztasi maʼqullandi, toʻrttasi rad etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimlariga binoan Qoʻmita tomonidan Oliy Majlis Senatining amnistiya haqidagi ikkita qarori loyihasi tayyorlandi.
Nazorat vakolatlarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining toʻrtta qonuni ijrosi joylarga borib oʻrganildi, oʻrganish natijalari Qoʻmita majlislarida muhokama qilindi. Tegishli qarorlar qabul qilinib, ijro uchun joylarga yuborildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2005-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hamda adliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasida 2006-yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi hisobotlari ham Qoʻmita majlislarida muhokama qilindi.
Hisobot davrida Qoʻmita oʻn sakkizta tadbir (seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari) oʻtkazdi, shu jumladan ularning oltitasi mintaqalarda oʻtdi. Ana shu tadbirlarda bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirildi hamda koʻrib chiqish uchun tegishli davlat organlariga yuborildi.
Qoʻmita majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi sudyalari lavozimlariga oʻttiz olti nafar nomzod koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga Qoʻmitaning hisobot davridagi faoliyatida ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Xususan, Qoʻmita aʼzolarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari bilan hamkorligi yetarli darajada taʼmin etilmadi. Qoʻmita aʼzolari qonunlarning amaliyotda qoʻllanilishi bilan bogʻliq masalalarni chuqurroq oʻrganishga, shuningdek qonunlarni ommaviy axborot vositalari orqali targʻib qilishga koʻproq eʼtibor berishlari kerak.
Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2005-2006-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2005-2006-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Senatining 2005-yil 28-yanvardagi qoʻshma majlisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi majlisida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisida 2006-yil 24-fevral kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 12-fevralda boʻlib oʻtgan, 2006-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2007-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisida qilgan maʼruzalaridan kelib chiqadigan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati 2006-yil 25-fevralda qabul qilgan 149-I-sonli qarorida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006-yil 4-apreldagi 164-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Harakat dasturida belgilangan vazifalarni bajarishni bundan buyon ham davom ettirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi 2007 va kelgusi yillardagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari deb belgilansin.
Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi:
Qoʻmita aʼzolarining kuch-gʻayratini mamlakat qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga, qabul qilingan qonunlar ijro etilishini taʼminlashga qaratsin;
sud-huquq tizimi islohotlarini chuqurlashtirish yuzasidan qabul qilingan qonunlarning ijrosini nazorat qilish ishlarini kuchaytirsin;
mintaqalardagi eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish borasida Qoʻmita aʼzolarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari bilan hamkorligi mexanizmi taʼsirchanligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrsin;
qabul qilinayotgan qonunlarni ommaviy axborot vositalari va xabardor etishning boshqa taʼsirchan usullari orqali aholi oʻrtasida targʻib etish hamda ana shu qonunlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish masalalarida, shuningdek “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturini amalga oshirishda joylarda ishlayotgan Qoʻmita aʼzolarining faolligini kuchaytirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi M.A. Rajabova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 25-may,
340-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 5-son, 247-modda)