Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yilgi Davlat budjetining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilib, muhokama qilish mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlarining taklif va mulohazalari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yilgi Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
iqtisodiyotning barqaror yuqori oʻsish surʼatlari saqlanishi, mamlakatning makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorligi yanada mustahkamlanishi, aholining farovonligi oshirilishi va inflyatsiya surʼatlari jilovlanishini taʼminlasin;
iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va tuzilmaviy islohotlarni chuqurlashtirish, bevosita chet el investitsiyalari uchun qulay muhit yaratish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash, xususiy sektorni koʻlamli kengaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirishni kafolatlash, shuningdek soliq yukini izchil kamaytirish va soliq boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirsin;
uzoq istiqbolda iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi va aholi farovonligini oshiruvchi davlat xarajatlarining, shu jumladan taʼlim, sogʻliqni saqlashga, ijtimoiy va bozor infratuzilmalarini rivojlantirishga moʻljallangan xarajatlarning ustuvorligini belgilasin;
Davlat budjetining gʻaznachilik ijrosi tizimini bundan buyon ham joriy etish, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash, moliyalashtirishning budjetdan ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning samaradorligi va aniq yoʻnaltirilganligini kuchaytirish imkonini beruvchi uslublarini tatbiq etgan holda xarajatlarni oqilona maqbullashtirish borasidagi ishlarni davom ettirsin;
Davlat budjeti taqchilligini respublika budjetining zaruriy aylanma kassa mablagʻi hajmidan ortiqcha boʻlgan respublika budjetining erkin qoldiqlari hamda inflyatsiyaga taalluqli boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasinlar, mintaqalarning soliq bazasi kengaytirilishi va moliyaviy salohiyati mustahkamlanishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
4. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Ushbu qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2006-yil 9-noyabr,
393-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 11-son, 585-modda)