Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2009-yil birinchi choragida Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 30,5 mlrd soʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi va uning oqibatlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsirini kamaytirish, iqtisodiy oʻsishning barqaror surʼatini va makroiqtisodiy mutanosiblikni, iqtisodiyot real sektorining bazaviy tarmoqlari barqaror ishlashini taʼminlash, shuningdek aholi bandligiga koʻmaklashish, eksport qiluvchilarni aniq yoʻnaltirilgan holda qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirish maqsadida:
ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayonlari faollashtirilishini hamda uning diversifikatsiya qilinishini, innovatsiya texnologiyalari keng tatbiq etilishini;
ichki va tashqi bozorlarda mamlakat ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining raqobatbardoshliligi yanada oshirilishini, eksport qiluvchi korxonalar tomonidan yangi turdagi tovarlar va mahsulot sotishning istiqbolli bozorlari oʻzlashtirilishini hamda mahsulot realizatsiya qilish hajmlari koʻpaytirilishini;
tejamkorlikning qattiq rejimi joriy etilishini, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahsulot tannarxini pasaytirish ragʻbatlantirilishini;
texnik va ishlab chiqarish intizomiga rioya qilinishini, mahsulot sifatini boshqarishning xalqaro standartlari tatbiq etilishini;
moslashuvchan narx siyosati amalga oshirilishini, jahon bozorlarida narx konyunkturasi jadal oʻzgarib borayotgan sharoitlarda eksport mexanizmlari takomillashtirilishini;
tadbirkorlikni rivojlantirish uchun soliq va kredit imtiyozlari takomillashtirilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligi va maqbulligi yanada oshirilishini;
balanslashtirilgan hamda samarali pul-kredit va soliq-budjet siyosati oʻtkazilishini;
samarali investitsiya siyosati oʻtkazilishini va budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilishini;
ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar va aholiga boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash uchun budjet xarajatlari toʻliq hamda oʻz vaqtida moliyalashtirilishini;
“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi amalga oshirilishiga doir tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori inqirozga qarshi dasturlar soʻzsiz bajarilishiga, tegishli mintaqalar boʻyicha budjetga toʻlovlar toʻliq tushishini, mintaqalarning soliq bazasi va moliyaviy salohiyatini kengaytirish, dotatsiyada boʻlgan tumanlarning sonini kamaytirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrish hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlash zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 25-may,
1003-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 5-son, 184-modda)