Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan 2009-yil 23 — 28-fevral kunlari saylov okruglarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2009-yil 23 — 28-fevral kunlari saylov okruglarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotni eshitib va muhokama qilib, shuni qayd etadiki, deputatlar fuqarolar yigʻinlari, oʻquv yurtlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda 470 ta uchrashuv oʻtkazdilar, ularda 50 ming nafardan ziyod fuqaro ishtirok etdi.
Uchrashuvlar paytida deputatlar aholiga mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, qabul qilingan qonunlar, Prezident farmonlari hamda Hukumat qarorlarining mohiyati va mazmuni, parlament faoliyati, siyosiy partiyalar deputatlar fraksiyalarining ishi haqida axborot berdilar.
Deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni izchil davom ettirish – davr talabi” deb nomlangan maʼruzasidan kelib chiqadigan vazifalarga alohida eʼtibor qaratdilar.
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan joriy yil Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturining asosiy yoʻnalishlarini tushuntirishga uchrashuvlar davomida muhim eʼtibor qaratildi. Taʼkidlandiki, Dasturda yangi ish oʻrinlari, birinchi navbatda, yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, qishloq aholisining ehtiyojlarini, shu jumladan, sifatli ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojlarini toʻla taʼminlash, shuningdek bu yoʻnalishdagi qonun hujjatlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Deputatlar uchrashuvlar ishtirokchilarini ishontirib aytdilarki, dunyoning koʻpgina rivojlangan mamlakatlarida iqtisodiy tanazzulga, ishsizlikka, aholi turmush darajasining yomonlashuviga olib kelayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitlarida davlatimiz boshligʻi rahbarligida iqtisodiyotni isloh etish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, diversifikatsiya qilish borasida puxta oʻylangan siyosat amalga oshirilayotganligi natijasida Oʻzbekistonni inqirozning salbiy taʼsirlaridan muhofaza qiluvchi kuchli va ishonchli toʻsiq yaratildi.
Saylovchilar ishtirokida oʻtkazilgan bir qator seminarlar hamda davra suhbatlarida saylovchilarning huquqiy va siyosiy madaniyatini, fuqarolik javobgarligini, faolligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvlar ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar bayon etildi, aholi turmushining turli sohalariga taalluqli muammolar koʻtarilib, ularning aksariyati joylarda hal etildi, qolganlari yuzasidan davlat organlariga tegishli murojaatlar yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan 2009-yil 23 — 28-fevral kunlari saylov okruglarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari:
aholining keng qatlamlarini mamlakatda oʻtkazilayotgan islohotlarning, qabul qilingan qonunlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, Hukumat qarorlarining mohiyati va mazmuni haqida, davlatimiz boshligʻi rahbarligida Oʻzbekistonni jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy taʼsiridan muhofaza qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, chuqur oʻylangan siyosat haqida hamda Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili Davlat dasturini, ayniqsa, uning qonun hujjatlarini takomillashtirishga taalluqli qismini bajarish yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida xabardor qilishni davom ettirsinlar;
tushuntirish ishlarida seminarlardan, davra suhbatlaridan, ham respublika, ham mahalliy ommaviy axborot vositalaridan samarali foydalansinlar, bu ishga xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlarini keng jalb etsinlar;
joylarda qonun hujjatlarining ijrosini oʻrganish vaqtida deputatlar bilan avvalgi uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan bayon etilgan masalalar va muammolarni hisobga olsinlar hamda fuqarolarni amalga oshirilgan ishlarning natijalari toʻgʻrisida xabardor qilsinlar;
fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish borasidagi faoliyatni muntazam takomillashtirib borsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
oʻz majlislarida deputatlarning saylovchilar bilan olib boradigan ishlarini takomillashtirish masalalarini koʻrib borish, deputatlarning saylov okrugidagi ishlari toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitib borish, joylarda qonunlarning ijrosini nazorat qilish masalalarida mahalliy hokimiyat vakillik organlaridagi partiya guruhlari bilan hamkorlikni mustahkamlash;
toʻplangan tajribani hisobga olgan holda fraksiyalar aʼzolarini saylovchilar bilan, fuqarolarning murojaatlari ustida ishlash, shuningdek fuqarolar tomonidan uchrashuvlarda bayon etilgan muammolarni hal etish boʻyicha tegishli tavsiyalar bilan taʼminlash tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
oʻtkazilgan uchrashuvlar yakunlariga doir materiallarni chuqurroq oʻrgansin, qonun loyihalarini tayyorlash chogʻida imkon qadar hisobga olsin;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining qonun hujjatlari ijrosi toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitish vaqtida ular tomonidan uchrashuvlar va qabullarda fuqarolar oʻrtaga qoʻygan masalalar qanday hal qilinayotganligiga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Ushbu qarorning ijrosi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Rustamov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spiker D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 31-mart,
984-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 111-modda)