Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 946-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF–3358-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi PQ-3668-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2018-y., 07/18/3668/1080-son)
2. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 10-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 47-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi PQ-3668-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2018-y., 07/18/3668/1080-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini tashkil etish masalalari” toʻgʻrisida 1992-yil 2-apreldagi 159-son qarori, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning nizomi hamda uning tizimiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 1995-yil 27-yanvardagi 23-son qarori, Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-dekabrdagi 542-son qarorining 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 23-aprel,
196-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi PQ-3668-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2018-y., 07/18/3668/1080-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 10-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 47-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita (keyingi oʻrinlarda matnda Qoʻmita deb ataladi) har bir shaxsning vijdon va diniy eʼtiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar tengligini taʼminlash, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Qoʻmita oʻz faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish Qoʻmitaga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
5. Qoʻmita yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Qoʻmitaning vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq diniy masalalarni hal qilishda yagona siyosatni amalga oshirish;
davlat organlarining respublika hududida joylashgan diniy tashkilotlar bilan oʻzaro aloqasi va hamkorligini taʼminlash;
davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish.
7. Qoʻmita unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarini muvofiqlashtiradi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
diniy tashkilotlar, shuningdek xorijiy diniy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarga doir diniy masalalar boʻyicha ishlarni olib boradi;
diniy tashkilotlar iltimosiga koʻra ularning davlat organlari bilan oʻzaro aloqalariga koʻmaklashadi va hal etilishi talab qilinadigan masalalar boʻyicha zarur yordam koʻrsatadi;
diniy tashkilotlar va ularning aʼzolari oʻrtasida oʻzaro bir-birini tushunishni va sabr-toqatlilikni mustahkamlash siyosatini oʻtkazadi, ushbu borada tashkilotchilik ishlarini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga koʻra vijdon erkinligiga va diniy tashkilotlar faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
diniy taʼlim muassasalari faoliyati belgilangan tartibda litsenziyalanishi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil qiladi, litsenziyalar reyestrini yuritadi;
respublika doirasida va chet ellarda diniy tashkilotlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi muqaddas joylarga borishini, shu jumladan Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishini, fuqarolarni diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish, malaka oshirish va tajriba almashish uchun chet ellarga yuborishni, xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilishni, xalqaro anjumanlar oʻtkazilishini tashkil qiladi;
diniy tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasida diniy adabiyotlar nashr qiluvchi nashriyotlar toʻgʻrisidagi axborotlarni yigʻishni taʼminlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, SD, DVD va boshqa disklarni) ekspertizadan oʻtkazadi va mazkur faoliyatni muvofiqlashtiradi.
8. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita hal qiladi.
9. Respublikada joylashgan diniy tashkilotlar bilan mustahkam oʻzaro hamkorlik qilish, turli diniy konfessiyalar faoliyati amalga oshirilishida yordam koʻrsatish, jamiyatda dinlararo va millatlararo tinchlik va totuvlikni taʼminlash yuzasidan takliflar va chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish, konfessiyalararo muloqot madaniyatini rivojlantirish uchun Qoʻmita huzurida Konfessiyalar ishlari jamoatchilik kengashi tashkil etiladi, uning tarkibiga respublikadagi koʻp sonli diniy konfessiyalar yetakchilari kiradi.
Konfessiyalar ishlari kengashi faoliyati tashkil etilishini taʼminlash uchun 3 kishidan iborat doimiy ishlovchi Kengash kotibiyati tashkil etilgan.
III. Qoʻmitaning huquqlari va javobgarligi
10. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralardan, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlaridan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning hamda dinga taalluqli boshqa qonun hujjatlarining ijrosi masalalariga doir maʼlumotlar va materiallarini soʻrash va olish;
oʻz vakolatlari doirasida diniy tashkilotlarning, shu jumladan diniy oʻquv yurtlarining faoliyatini, ularning oʻquv jarayoni va dasturlarini, oʻquv-tarbiyaviy ishlarini, fanlar boʻyicha oʻquv rejalarini, diniy mavzudagi ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, ularga ushbu faoliyatni amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, metodik yordam koʻrsatish;
diniy tashkilotlar rahbarlaridan zarur axborotlarni belgilangan tartibda talab qilish, shuningdek ular tomonidan oʻtkaziladigan ularning oʻz faoliyati bilan bogʻliq tadbirlarda qatnashish.
Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida belgilangan tartibda vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bajarishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
Qoʻmita, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar hamda boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
12. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
13. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi.
(13-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Raisning bir nafar oʻrinbosari boʻladi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan.
(13-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Rais maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga, uning oʻrinbosari esa — tegishli ravishda vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
14. Rais:
Qoʻmita faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosari vakolatlarini belgilaydi, Qoʻmita tizimining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilaydi;
Qoʻmita tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida shtat jadvalini, shuningdek xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Qoʻmita xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Qoʻmitada rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosari (lavozimiga koʻra), shuningdek Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Qoʻmita raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
Qoʻmita faoliyatining har bir kishining vijdon erkinligi va diniy eʼtiqodga boʻlgan huquqlarini, fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, tengligini taʼminlashni davom ettirish, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Qoʻmita vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Qoʻmita qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rais paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
16. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 16-son, 188-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda; 2014-y., 4-son, 47-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2018-y., 07/18/3668/1080-son; 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)