Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanini tugatib, uning hududini Qiziriq tumaniga birlashtirish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2, 5 va 9-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanini tugatish hamda uning hududini Qiziriq tumaniga birlashtirish toʻgʻrisida”gi 2010-yil 3-noyabrdagi 181-II-sonli qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi maʼqullansin — Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida tugatilsin, uning hududi Qiziriq tumani bilan birlashtirilsin.
3. Surxondaryo viloyati tarkibida Qiziriq tumani va tugatilayotgan Bandixon tumani negizida umumiy maydoni 58 849 gektar boʻlgan Qiziriq tumani tuzilsin hamda uning tarkibiga Sariq shaharchasi, “Bandixon”, “Boʻston”, “Kirshak”, “Mehnatobod”, “Olmazor”, “Paxtakor”, “Chorvador”, “Yangiyoʻl”, “Yangihayot” va “Qiziriq” qishloq fuqarolar yigʻinlari kiritilsin.
Sariq shaharchasi Qiziriq tumanining maʼmuriy markazi etib belgilansin.
4. Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanining chegarasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan chizma shaklga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, tugatilayotgan Bandixon tumanidagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Bandixon tuman Kengashining deputatlari xalq deputatlari Qiziriq tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorni bajarishga doir kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 4-dekabr,
134-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 514-modda)