Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Jahon bozorlari chuqur tahlil qilinishini, rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor texnologiyalari oʻrganilishini va shu asosda mahalliy iqtisodiyot aniq tarmoqlarining investitsiya faoliyati boʻyicha mufassal tavsiyalar ishlab chiqilishini taʼminlash, shuningdek investitsiya loyihalarini shakllantirishda iqtisodiy va texnologik baholashlarni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining (keyingi oʻrinlarda Oʻzmilliybank deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazining xodimlarning cheklangan umumiy soni 7 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Idoralararo guruh (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtirish guruhi deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Muvofiqlashtirish guruhiga zaruriyat boʻlganda Markaz tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilansinki:
Muvofiqlashtirish guruhi Markaz tahliliy faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini va mavzularini belgilaydi, oʻzining majlislarida Markazning hisobotlarini eshitadi;
Markaz direktori Muvofiqlashtirish guruhi bilan kelishgan holda Oʻzmilliybank Boshqaruvi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
rivojlangan mamlakatlardagi texnologik, eng ilgʻor yoʻnalishlarni chuqur tahlil qilish va shu asosda mahalliy iqtisodiyotning aniq tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mufassal tavsiyalar ishlab chiqish;
ilgʻor kompaniyalar, tarmoqlar va bozorlarni, shuningdek ularning rivojlanish yoʻnalishlarini va investitsiya strategiyasini oʻrganish va tahlil qilish;
xorijiy banklar bilan sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kreditlar va qarzlarni jalb etish yuzasidan hamkorlikni faollashtirish;
ilgʻor texnologiyalar, shuningdek yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha axborotlarni oʻrganish va ayirboshlash sohasida mahalliy hamda xorijiy tadqiqot, tahlil markazlari bilan hamkorlik qilish;
yangi texnologiyalar sohasida hisobotlar va sharhlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlari tomonidan koʻrib chiqish uchun takliflar tayyorlash;
har haftalik jahon va mahalliy moliya indekslarini hamda tarmoqlar va korxonalar boʻyicha boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlarni sharhlash.
5. Belgilansinki, Markaz faoliyatini moliyalashtirish Oʻzmilliybankning boshqa tarkibiy boʻlinmalari uchun amaldagi tasdiqlangan xarajatlar smetasiga va mehnatga haq toʻlash fondiga muvofiq, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Oʻzmilliybank:
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari (bir nusxada) majburiy yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, shuningdek boshqa vazirliklar va idoralarning statistika axborotini majburiy yuborish reyestriga kiritilsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
7. Oʻzmilliybank bir oy muddatda Markazni tajribali va yuqori malakali mutaxassislar, zarur zamonaviy idora texnikasi va aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
8. Oʻzmilliybankning Markazni bankning Toshkent shahri, Gʻ. Gʻulom koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binosiga joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 5-may,
143-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 143-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 7 kishi.
Izoh: ayrim tahliliy loyihalar uchun Markaz yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni shartnomalar asosida jalb etish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 143-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Idoralararo guruh (Muvofiqlashtirish guruhi)
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.
|
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Boshqaruvi raisi, Muvofiqlashtirish guruhi raisi | |
|
Xoʻjayev B.A. |
— |
Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari, Muvofiqlashtirish guruhi raisining oʻrinbosari |
|
Gʻulomov R.A. |
— |
Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijrochi direktori |
|
Salixov Sh.I. |
— |
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi raisi |
|
Mirzayev M.M. |
— |
Moliya vazirining oʻrinbosari |
|
Tulaganov Sh.O. |
— |
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining oʻrinbosari |
|
Axmedxodjayev A.I. |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi |
Izoh. Muvofiqlashtirish guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-maydagi 286-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 366-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 143-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) maqomini, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining (keyingi oʻrinlarda Oʻzmilliybank deb ataladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Jahon bozorlari, investitsiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Idoralararo guruhga (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtirishi guruhi deb ataladi) hisobot beradi.
4. Muvofiqlashtirish guruhi Markaz tahliliy faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini va mavzularini belgilaydi, oʻz majlislarida Markazning hisobotlarini eshitadi.
5. Markaz faoliyatiga mutasaddilik qilish Oʻzmilliybank boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklanadi.
II. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
rivojlangan mamlakatlardagi texnologik, eng ilgʻor yoʻnalishlarni chuqur tahlil qilish va shu asosda mahalliy iqtisodiyotning aniq tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mufassal tavsiyalar ishlab chiqish;
ilgʻor kompaniyalar, tarmoqlar va bozorlarni, shuningdek ularning rivojlanish yoʻnalishlarini va investitsiya strategiyasini oʻrganish va tahlil qilish;
xorijiy banklar bilan sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kreditlar va qarzlarni jalb etish yuzasidan hamkorlikni faollashtirish;
ilgʻor texnologiyalar, shuningdek yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha axborotlarni oʻrganish va ayirboshlash sohasida mahalliy hamda xorijiy tadqiqot, tahlil markazlari bilan hamkorlik qilish;
yangi texnologiyalar sohasida hisobotlar va sharhlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlari tomonidan koʻrib chiqish uchun takliflar tayyorlash;
har haftalik jahon va mahalliy moliya indekslarini hamda tarmoqlar va korxonalar boʻyicha boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlarni sharhlash.
7. Markaz yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
mashinasozlik, yoqilgʻi-energetika, kimyo va qazib olish tarmoqlarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yoʻl-transport infratuzilmasi, shuningdek agrosanoat ishlab chiqarishida va bogʻliq tarmoqlarda ilgʻor texnologiyalar sohalarida investitsiya loyihalari boʻyicha tahliliy maʼruzalar, hisobotlar va prognozlar tayyorlanishini taʼminlaydi;
mahalliy va xorijiy tadqiqot, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tahliliy ishlar oʻtkazilishida qatnashadi, keyinchalik ularning natijalari boʻyicha tegishli hisobotlar tayyorlaydi;
ilgʻor texnologiyalar va asbob-uskunalar jahon bozorining tizimli monitoringini olib borish, Markazga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun zarur boʻlgan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shakllantiriladigan axborot-tahliliy maʼlumotlar bazasini yangilash va kengaytirish maqsadida ixtisoslashtirilgan xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etadi;
xalqaro moliya institutlari va banklardan eng ilgʻor investitsiya loyihalarini investitsiyalash va kreditlash shartlari boʻyicha tushadigan takliflar toʻgʻrisidagi axborotni oladi va umumlashtiradi, iqtisodiyotning tanlangan tarmoqlarida yangi investitsiya loyihalarini investitsiyalash va kreditlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda qatnashadi.
III. Markazning huquqlari va javobgarlik
8. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarning, shu jumladan xorijiy tashkilotlarning yuqori malakali va tajribali xodimlarini tahlil jarayonida milliy ekspertlar sifatida shartnoma asosida jalb etish;
tadqiqot tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan xalqaro va xorijiy tadqiqot tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda qoʻshma tahlillar oʻtkazish;
investitsiya va kredit bozorlarini rivojlantirishning dolzarb muammolari, texnologiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy sharhlar va maʼruzalar chop etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari va boshqa tashkilotlardan Markazga yuklangan vazifalar doirasida (qonun bilan qoʻriqlanadigan bank siri yoki boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno) zarur normativ, statistik va tahliliy axborotni soʻrash va belgilangan tartibda olish;
tahliliy va Markazga yuklangan vazifalar bajarilishi bilan bogʻliq boshqa xizmatlarni shartnomalar asosida koʻrsatish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Markaz faoliyatini tashkil etish
10. Markazga Muvofiqlashtirish guruhi bilan kelishgan holda Oʻzmilliybank Boshqaruvi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
11. Markaz direktori:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
lavozimi boʻyicha Oʻzmilliybank departamenti direktoriga tenglashtiriladi;
mehnatga haq toʻlash fondi doirasida toʻlanadigan ustamalar va kompleks tahliliy ishlar oʻtkazilishining yuqori sifatini taʼminlaganligi uchun Markaz xodimlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida Oʻzmilliybank rahbariyatiga iltimosnoma taqdim qiladi, shuningdek yuklangan vazifalar bajarilishining natijadorligini hisobga olgan holda ularni qayta koʻrib chiqadi.
Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
12. Markazning xodimlari Oʻzmilliybank Boshqaruvi raisining buyrugʻi bilan, belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
13. Markaz faoliyatini moliyalashtirish Oʻzmilliybankning boshqa tarkibiy boʻlinmalari uchun amaldagi tasdiqlangan xarajatlar smetasi va mehnatga haq toʻlash fondiga muvofiq, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
14. Muvofiqlashtirish guruhi tomonidan tasdiqlangan tahliliy loyihalar loyihalarning ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi hamda ularga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarning, shu jumladan xorijiy tashkilotlarning ilmiy ish boʻyicha tajribaga ega boʻlgan yuqori professional xodimlaridan tanlov asosida tayinlanadigan tegishli rahbarlar boshchilik qiladi.
15. Loyihalarning ijrochilari va rahbarlari bilan qonun hujjatlari talablariga muvofiq fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuziladi, ularda loyihalarning mavzusi, maqsadlari, asosiy bosqichlari va ularni amalga oshirish muddatlari aniq belgilanadi.
16. Loyihalar rahbarlarining hisobotlari Muvofiqlashtirishi guruhi majlislarida muntazam ravishda eshitib boriladi. Muvofiqlashtirish guruhi hisobotlar yakunlari boʻyicha amalga oshirilgan tahlillarning natijasi va sifatini baholaydi, shuningdek tahliliy loyihani davom ettirish yoki uni yopish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 18-son, 203-modda; 2017-y., 20-son, 366-modda, 29-son, 693-modda, 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)