Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2010-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2010-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2010-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Hisobot davrida Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorda profitsit bilan ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2010-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish va 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan Inqirozga qarshi dasturni soʻzsiz bajarish maqsadida iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni jadallashtirish boʻyicha faol investitsiya siyosatini, qatʼiy va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan pul-kredit siyosati oʻtkazilishini, soliq tushumi mexanizmi takomillashtirilishini, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini va budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilishini, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash tadbirlari moliyalashtirilishini taʼminlashni, ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni davom ettirsin. Zarur saʼy-harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi 2010-yilgi Davlat budjetining asosiy parametrlari soʻzsiz ijro etilishiga yoʻnaltirilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, soliq tushumlari va boshqa majburiy toʻlovlarning tegishli mahalliy budjetlarga toʻliq tushishi taʼminlanishi, mintaqalarning moliyaviy salohiyatini oshirish va shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari moliyalashtirilishini taʼminlash yuzasidan amaliy choralar koʻrish zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 16-dekabr,
222-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 479-modda)