Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirishning borishi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasining tashabbusi bilan kiritilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasida BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni huquqiy jihatdan taʼminlash, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayoti sohasida sotsial-iqtisodiy islohotlarni va demokratik oʻzgarishlarni yanada takomillashtirishning samarali yoʻllarini aniqlash borasida tizimli va izchil ishlar olib borilmoqda.
Ijtimoiy hayotni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar jarayonlarida respublika parlamenti tomonidan amalga oshirilayotgan aniq maqsadga qaratilgan qonun ijodkorligi ishi muhim va hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Besh yuzdan ziyod qonun qabul qilindi, yuzdan ziyod xalqaro-huquqiy hujjatlar, shu jumladan BMTning inson huquqlarini roʻyobga chiqarish va uning uygʻun kamol topishi masalasiga bevosita aloqador boʻlgan oltita asosiy hujjati ratifikatsiya qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolarining axboroti va maʼruzalarini eshitib, Qonunchilik palatasi demokratik oʻzgarishlarning mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan tanlangan yoʻli toʻgʻriligini taʼkidlaydi.
Oʻzbekistondagi barqaror iqtisodiy oʻsish — bu izchil olib borilayotgan bozor islohotlari, iqtisodiyotdagi chuqur tuzilmaviy oʻzgarishlarning natijasi boʻlib, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash, kasanachilikni rivojlantirish uning muhim tarkibiy qismidir.
Keyingi 10 yil mobaynida davlat tomonidan amalga oshirilgan ana shu barcha keng miqyosli ishlar taraqqiyotning tegishli bosqichida BMTning kam taʼminlanganlikni va toʻlaqonli ovqatlanmaslikni qisqartirishdan iborat Ming yillik rivojlanish maqsadlarini keng koʻlamda bajarishni taʼminladi.
Taʼlim sohasida — mamlakatimizda oʻz mazmun va mohiyatiga koʻra noyob boʻlgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ushbu Dastur oʻn ikki yillik yaxlit uzluksiz taʼlim tizimiga oʻtish hamda taʼlim jarayonlarining sifatini tubdan va tizimli oshirishga, kadrlarning yuksak darajadagi umumiy va kasb madaniyatiga ega boʻlgan yangi avlodini shakllantirishga qaratilgan maxsus chora-tadbirlarni koʻrish imkonini berdi.
Umumtaʼlim oʻquvi davlat tomonidan kafolatlanadi, 7 — 15 yoshdagi bolalarning boshlangʻich va umumiy taʼlimga qamrab olinishi, shuningdek aholining savodxonlik darajasi mutlaq oʻlchamlarga mos keladi, bu esa BMTning boshlangʻich va oʻrta maktablarda taʼlim sifatini oshirish sohasidagi Ming yillik rivojlanish maqsadlarining Oʻzbekiston tomonidan ancha ildam bajarilayotganligini toʻliq tasdiqlaydi.
Soʻnggi yillarda tibbiy xizmat tizimi amalda toʻliq modernizatsiya qilindi, aholiga bepul yuqori malakali shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun yuksak talablarga javob beruvchi kasalxonalar va boʻlimlarning ixtisoslashtirilgan tarmogʻini tashkil etish islohotlarning eng muhim va aniq natijasi boʻldi. Mamlakatda zamonaviy tashxis qoʻyish va davolash uskunalari bilan jihozlangan qishloq shifokorlik punktlari, onalar salomatligining ahvolini tizimli nazorat qilishni amalga oshiruvchi va sogʻlom bolalar tugʻilishiga koʻmaklashuvchi ixtisoslashtirilgan skrining markazlari ishlab turibdi.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi tizimli chora-tadbirlar hamda “Sogʻlom avlod”, “Ona va bola” maqsadli dasturlari va boshqa dasturlarning bajarilishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasida 2010-yilda BMTning bu masalalardagi Ming yillik rivojlanish maqsadlari amalga oshirildi.
Jamoatchilik nazorati instituti jamiyatning davlat bilan samarali aloqasini taʼminlash, oʻtkazilayotgan chuqur demokratik islohotlarni, mamlakatni siyosiy-huquqiy rivojlantirish maqsadlari va ustuvorliklarini aholi tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek xalqning baxt-saodatini taʼminlash va farovonligini oshirish, iqtisodiyotning raqobatbardoshliligini, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, qoʻllab-quvvatlash va taʼminlash, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim qismiga aylanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari G.K. Saidova, Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.A. Haitov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri A.R. Marahimov, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari G.M. Maʼrufova, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.I. Ikromov, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N.M. Umarov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi xalqaro iqtisodiyot boʻlimi boshligʻi A.H. Usmonovning jamiyat farovonligini oshirish, aholining ijtimoiy jihatdan kam taʼminlangan qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash va maktab taʼlimini rivojlantirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi va sotsial-iqtisodiy islohotlardagi rolini faollashtirish, sogʻliqni saqlashni isloh qilish, maqsadli davlat dasturlarini (“Sogʻlom avlod”, “Ona va bola”) amalga oshirish va yuqumli kasalliklarning oldini olish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, Orolboʻyi muammolarini hal etish va mintaqaning suv resurslaridan oqilona foydalanish, global sherikchilik doirasida oʻzaro hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirish borasida qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish, shuningdek ularning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan qonun loyihalarini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish;
BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha oʻtkazilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga har yili axborot berish tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
oʻzining nazorat-tahlil faoliyatida BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan masalalarni muntazam muhokama etsin;
BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirish borasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni oʻrganish va takomillashtirish uchun global sherikchilik doirasidagi uzviy hamkorlikda konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar oʻtkazsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U.N. Muhammadiyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 9-sentabr,
141-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 9-son, 345-modda)