Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasining 2005 — 2007-yillardagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2005-yil 28-yanvardagi qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov qilgan maʼruzasida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadli vazifalari hisobga olingan holda 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturida belgilab berilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan 2005 — 2007-yillardagi faoliyati haqidagi hisobotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, hisobot davrida ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishning qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda bu sohaga doir qonunlar ijrosi ustidan nazorat qilish borasida Qoʻmita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Oʻtgan davrda “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi hamda “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihalari Qoʻmita tomonidan Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Ommaviy axborot vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga taalluqli sakkizta Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosi koʻrib chiqildi, ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish hamda soʻz erkinligi masalalari boʻyicha bir turkum konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazildi.
Shu bilan birga Qoʻmita ishida bir qator kamchiliklar va foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Masalan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi qonunchilik bazasini tizimli tahlil etish hamda mamlakatda kompyuterlashtirish va axborotlashtirishni jadal rivojlantirishga koʻmaklashuvchi qonunchilik chora-tadbirlarini ishlab chiqish borasidagi ish Qoʻmita tomonidan talab darajasida tashkil etilmagan. “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi, “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa shu kabi qonunlar ijrosi Qoʻmita tomonidan biror marta ham oʻrganilmagan.
Qonunlarning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish vaqtida qonun u yoki bu normasining joylardagi ijrosi uchun toʻsqinlik qilayotgan sabablar chuqur oʻrganilmagan. Qoʻmita oʻzi qabul qilgan qarorlarning ijrosi ustidan nazorat qilish borasida yetarli darajada samaraga erishmagan.
Parlament soʻrovi, Qoʻmitada idoralar rahbarlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishning eng dolzarb masalalari boʻyicha fikr-mulohazalarini eshitish kabi nazorat qilishning shakllaridan toʻliq darajada foydalanilmagan.
Ushbu kamchiliklarga koʻp jihatdan Qoʻmita rahbariyati va uning aksariyat aʼzolari kompyuter, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi muammolardan yetarli darajada xabardor emasligi sababdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasining kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oʻtkazilayotgan islohotlarni qonunchilik yoʻli bilan taʼminlash boʻyicha hisobot davridagi ishi qoniqarsiz deb topilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi koʻrsatilgan kamchiliklarga barham berish va oʻz faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan choralar koʻrsin. Shu maqsadda:
Oʻzbekiston Respublikasida axborotlashtirish va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun ustuvor ahamiyatga ega masalalar batafsil oʻrganilishini taʼminlash hamda kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy etish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqish maqsadida Qoʻmitaning 2008 — 2009-yillarga moʻljallangan ish rejasini qayta koʻrib chiqsin;
ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi jahon amaliyoti oʻrganilishini hisobga olgan holda bu sohadagi qonun loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartib-taomillarini takomillashtirsin;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga taalluqli qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirsin;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlarning ahamiyati va mohiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish, bu qonunlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish borasidagi faoliyatini kuchaytirsin;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilish masalalari boʻyicha jamoatchilik guruhi tarkibini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar bilan kuchaytirgan holda qayta koʻrib chiqsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasining tarkibini mustahkamlash boʻyicha taklif kiritish tavsiya etilsin.
4. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻtgan davrdagi faoliyatini boʻlib oʻtgan muhokama va ushbu Qarordan kelib chiqqan holda chuqur va tanqidiy tahlil etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadli vazifalari hisobga olingan holda 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturini oʻz vaqtida va sifatli bajarish uchun zarur choralar koʻrsinlar, qonunchilik tashabbusi subyektlari bilan hamkorlikni faollashtirsinlar, Oʻzbekiston parlamenti tomonidan qabul qilingan qonunlar nazorat-tahlil faoliyati bilan qamrab olinishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi 2008-yilning 1-oktabriga qadar aniqlangan kamchiliklarga barham berish boʻyicha ish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni Kengash koʻrib chiqishi uchun taqdim etsin.
6. Ushbu qarorning ijrosi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 28-mart,
769-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 3-son, 128-modda)