Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyulda qabul qilingan “Qonunlarning havola qiluvchi normalarini tatbiq etishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-2003-sonli Qarori haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyulda qabul qilingan “Qonunlarning havola qiluvchi normalarini tatbiq etishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ–2003-sonli Qarorida:
quyidagi sohalarda: davlat va jamiyat qurilishi sohasida; sud-huquq sohasida; iqtisodiy rivojlantirish sohasida; ijtimoiy va gumanitar rivojlantirish sohasida qonunlarning havola qiluvchi normalarini tatbiq etishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish;
tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining quyidagi qoʻmitalari ushbu Qaror bajarilishining borishini muvofiqlashtirish uchun masʼul etib belgilansin:
2-ilovaning 5-bandi uchun – Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi;
3-ilovaning 8-bandi uchun – Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi;
4-ilovaning 14-bandi uchun – Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi;
4-ilovaning 29-bandi uchun – Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kelib tushayotgan qonun loyihalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqish davomida havola qiluvchi normalarni qisqartirish imkoniyatini aniqlash hamda qonun loyihalari matnlarini tegishli normalar bilan toʻldirish maqsadida havola qiluvchi normalarning maromiga yetkazilishini taʼminlasin;
nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish chogʻida havola qiluvchi normalarning huquqni qoʻllash amaliyotida qoʻllanilishi bilan bogʻliq masalalarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratsin;
qonun loyihalari ustida ish olib borish amaliyotiga qonun hujjatlarining holatini oʻrganishga, qonun loyihasini tartibga solish predmeti boʻyicha uni amaliyotda qoʻllashga qaratilgan nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishni joriy etsin.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
5. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 6-avgust,
713-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 8-son, 234-modda)