Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Tojikiston “Talko” DUK korxonasining ishlab chiqarish faoliyati ekologiyaga va odamlar sogʻligʻiga koʻrsatayotgan halokatli taʼsirni bartaraf etish choralari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Oliy Majlisining quyi va yuqori palatalari muhokamasiga mamlakat Ekologik harakati va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim etilgan “Talko” DUK zararli chiqindilarining atrofdagi ekologik muhitga va aholining salomatligiga tobora kuchayib borayotgan salbiy taʼsirini chuqur oʻrganishga doir materiallar ushbu chiqindilar taʼsirini yoʻqotish boʻyicha shoshilinch choralar koʻrish masalasini gʻoyat zarur muammo sifatida kun tartibiga olib chiqmoqda.
Tojikiston Respublikasining Tursunzoda shahrida 1975-yilda qurilgan, ishlab chiqarish texnologiyasi eskirib ketgan, tozalash tizimi samarasiz boʻlgan alyuminiy korxonasi har yili atmosferaga 22 — 23 ming tonnaga yaqin ifloslantiruvchi moddalarni, shu jumladan 200 tonnadan ortiq gʻoyat xavfli hamda odamlar salomatligi va atrof muhit uchun zararli boʻlgan ftorli vodorodni chiqarib tashlamoqda. Hozirgi vaqtda “Talko” DUK faoliyati natijasida Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlari hududida atmosfera havosidagi ftorli vodorodning miqdori yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyadan (YQYuK) oʻrta hisobda 1,8 — 2 baravar, yoz oylarida esa 3,4 baravar oshib ketmoqda.
Ushbu zararli moddalarning talay qismi havo oqimi bilan tevarak atrofga, shu jumladan Oʻzbekistonning Denov, Sariosiyo, Uzun va boshqa tumanlari hududiga oʻtib, mintaqaning ming yillar davomida shakllangan ekologik tizimini buzmoqda, shuningdek bu erda zich yashayotgan 1 millionga yaqin aholining sogʻligʻiga oʻnglab boʻlmaydigan darajada zarar yetkazmoqda.
Muammoning mohiyati shundaki, tarkibida ftor birikmalari, zaharli gazlar — karbon, oltingugurt oksidlari, uglevodorodlar va boshqa zararli moddalar juda koʻpligi bilan ajralib turuvchi “Talko” DUKning chiqindilaridan atrofdagi aholi jabr koʻrmoqda, va birinchi navbatda, surunkali endokrin va suyak-mushak tizimi, yuqori nafas olish yoʻllari kasalliklaridan, tugʻma anomaliyalar va flyuorozdan, shuningdek onkologiya kasalliklaridan azob chekmoqda.
Bolalar oʻrtasida patologik kasalliklar koʻpayib borayotganligi ayniqsa xavotirga solmoqda. Oxirgi besh yilda Sariosiyo tumanida bolalarning oʻlik tugʻilishi hollari 7,7 baravar koʻpaygan. Sariosiyo tumanida 175 ming aholining 42 mingdan koʻprogʻi endokrin kasalliklarga chalingan, Uzun tumanida yashaydigan 150 ming kishining 100 mingga yaqini esa turli oʻziga xos xastaliklarga duchor boʻlgan. Umuman olganda, Tojikiston alyuminiy korxonasi chiqindilarining transchegaraviy taʼsiriga uchragan tumanlarda bolalarning ham, katta yoshli aholining ham kasallanishi patologik buzilishlarning qaytalanishi jihatidan Surxondaryo viloyatidagi oʻrtacha darajadan 3 baravar yuqori.
Mintaqaning iqtisodiyoti, qishloq xoʻjaligiga juda katta koʻlamda zarar yetkazilmoqda.
Alyuminiy korxonasining zararli chiqindilari bilan atmosfera, tuproq, suv resurslari ifloslanmoqda. Natijada bogʻlar barbod boʻlmoqda, sabzavotlar, mevali daraxtlar va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligi pasaymoqda. Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlari hududida oxirgi 20 yilda sabzavot ekinlarining hosildorligi 27 — 46 foizga, poliz ekinlarining hosildorligi 24,4 foizga, uzumzorlar hosildorligi 37,8 foizga pasayib ketdi, ushbu mintaqa uchun anʼanaviy boʻlgan pillachilik deyarli barham topdi.
Ftoridlarning sabzavotlar va mevalarda, boshqa oʻsimliklarda toʻplanishi yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyadan (YQYuK) 11 — 19 baravar, bugʻdoyda toʻplanishi 5 — 6,5 baravar yuqori. Hayvonlar organizmida oʻnglanmas fiziologik oʻzgarishlar yuz bermoqda — ularning tishlari tushib ketmoqda, ilik suyaklari qiyshayib ketmoqda, boʻgʻimlar zararlanmoqda, shuning natijasida yirik va mayda mollar bosh soni qisqarmoqda, sogʻib olinayotgan sut miqdori kamaymoqda, goʻsht-sut mahsulotlarining sifati yomonlashmoqda. Tadqiqotlar natijasida sut tarkibidagi ftor normadan 9 — 13 baravar, goʻsht tarkibida 10,9 foiz yuqori ekanligi aniqlangan. Bularning barchasi odamlar hayoti va sogʻligʻiga jiddiy tahdid tugʻdirmoqda.
Oʻzbekiston Ekologik harakatining baholashicha, “Talko” DUK tomonidan birgina oxirgi 5 yilning oʻzida yetkazilgan umumiy iqtisodiy zarar 447,3 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Shu bilan birga alyuminiy korxonasining deyarli 40 yillik faoliyati davomida mintaqa iqtisodiyotiga, odamlar sogʻligʻiga va atrof muhitga yetkazilgan haqiqiy zararni aniqlashning imkoni yoʻq.
Shuni qayd etish kerakki, Oʻzbekiston tomoni doimiy ravishda murojaat qilayotgan boʻlishiga qaramay, Tojikiston tomonidan xalqaro huquqiy hujjatlarning talablari, shu jumladan Atrof muhit va rivojlanish boʻyicha deklaratsiyaning (Rio-de-Janeyro, 1992-yil 14-iyun) qoidalari, shuningdek ikki tomonlama bitimlar doirasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlar bajarilmayotir.
Chunonchi, Oʻzbekiston va Tojikiston parlamentlari deputatlik guruhlari qoʻshma majlisining 1991-yilda qabul qilingan qarori bajarilmay qolib ketdi. Bu qarorga muvofiq zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini qisqartirish, shu jumladan 100 ta elektrolizer ishini toʻxtatish, “ekologik noxushlik oʻchogʻini zararsiz ishlab chiqarishga aylantirishi hamda ikkala respublika aholisini, Surxon va Hisor vohalarida istiqomat qilayotgan millatlar vakillarini ekologik halokatdan asrab qolishi” kerak boʻlgan boshqa tadbirlarni roʻyobga chiqarish nazarda tutilgan edi.
1994-yil 17-noyabrdagi “Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy taʼsir zonasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston — Tojikiston hukumatlararo Bitimi ham bajarilmay qolib ketdi.
Mustaqil ekspertlar, xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkilotlarining xulosasiga koʻra mintaqada ekologik vaziyat yomonlashib borayotganligi jiddiy tashvish tugʻdirmoqda.
Ayni paytda atrof muhitni ifloslantirib, mintaqadagi ekologik vaziyatni mushkullashtirishga chek qoʻyishga doir zarur choralar qabul qilishga chaqirayotgan xalqaro jamoatchilik, xalqaro ekologik tashkilotlarning talablari butunlay eʼtiborga olinmayotir. Chunonchi, “Talko” DUK transchegaraviy chiqindilari Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlari atrof muhitiga va aholisi sogʻligʻiga halokatli taʼsir koʻrsatayotganligi tufayli vujudga kelgan ekologik vaziyat munosabati bilan ushbu masalani oʻz majlisida koʻrib chiqqan Belgiya parlamentining aʼzolari, Latviya parlamentining deputatlari, BMT atrof muhit boʻyicha dasturining (YuNEP), Yevropa va Osiyodagi bir qator ekologik jamoat tashkilotlarining ekspertlari salbiy fikr bildirdilar.
2012-yilda Jahon banki shafeligida oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvlarining materiallari “Talko” DUK asosiy ishlab chiqarish texnikasining resurslari tugaganligidan, uskunalarning tabiiy ravishda jismonan eskirishi yuz berganligidan, asosiy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish tugallanmaganligidan, shu tariqa uning xavfsizligi va ekologik jihatdan tozaligi taʼminlanmaganligidan dalolat beradi.
Xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning mintaqada ekologik vaziyat yomonlashib borayotganligi haqidagi koʻp sonli xulosalariga qaramay, Tojikiston tomonidan turli darajalarda taqdim etilayotgan materiallarda, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining murojaatiga Tojikiston parlamenti quyi palatasi — Majlisi namoyandagon Majlisi Oliy rahbariyatining 2013-yil 10-iyundagi javobida ekologiya sohasida vujudga kelayotgan vaziyat hamda aholi sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha ogʻirlashib borayotgan ahvol inkor etiladi. Ayni vaqtda mustaqil ekspertlarning materiallarida qayd etilayotgan amaldagi holat, shuningdek Tojikiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining epidemiologiya va gigiyena ilmiy-tadqiqot instituti hamda profilaktik tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti kabi Tojikistonning nufuzli institutlari tomonidan olib borilgan izlanishlar “Talko” DUK chiqindilarining taʼsir zonasida vaziyat ogʻirlashib borayotganligidan dalolat beradi. Xususan, Tojikistonning Tursunzoda tumani, Hisor vodiysidagi tekshiruvdan oʻtgan katta yoshli aholining umumiy kasallanishi, shuningdek bolalarda flyuoroz tarqalishi, aholi punkti “Talko” DUKdan qay darajada uzoqdaligiga qarab, 2001-yil holatiga koʻra 46 foizdan 16,1 foizgacha oʻzgaradi. Tojikistonning Tursunzoda tumanida bolalardagi tugʻma anomaliyalar boshqa hududlardagiga qaraganda uch baravar koʻp uchraydi.
Oʻz-oʻzidan ravshanki, tobora ogʻirlashib borayotgan, Tojikistonning ham, Oʻzbekistonning ham ekologiyasi va aholisi sogʻligʻiga katta zarar yetkazayotgan shunday keng koʻlamli muammoga bunday munosabatni normal deb hisoblash mumkin emas.
“Talko” DUK sanoat chiqindilarining halokatli taʼsirini kamaytirish maqsadida Oʻzbekistonda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2010 — 2012-yillar davrida Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo, Uzun va Oltinsoy tumanlarida eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan bir qator koʻp tarmoqli tuman poliklinikalari va davolash-profilaktika muassasalari foydalanishga topshirildi, 54 ta qishloq vrachlik punkti (QVP) tashkil etildi. Ushbu masalalarni hal qilishda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining 2013 — 2017-yillarda atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha harakat dasturi katta ahamiyatga ega.
“Talko” DUK ishlab chiqarish faoliyati tufayli ogʻir surunkali va patologik kasalliklardan, ekologik muhitning oʻnglab boʻlmas darajada oʻzgarishlaridan jafo chekayotgan odamlarning sogʻligʻiga va aholi genofondiga yetkazilayotgan juda katta zararning koʻlami tobora kengayib borayotganligidan qattiq tashvish bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari quyidagilarni kechiktirib boʻlmaydi deb hisoblaydilar:
Birinchidan, Oʻzbekiston hududi doirasida “Talko” DUK chiqindilarining odamlar sogʻligʻiga va tabiiy muhitga salbiy taʼsirini bartaraf etish hamda kamaytirish, mintaqada ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha oʻzimizga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrish, buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy normalar, resurslar va imkoniyatlarni safarbar qilish.
Ikkinchidan, barcha manfaatdor xalqaro ekologik tashkilotlar, BMT tuzilmalari, parlamentlar, hukumatlar va xalqaro jamoatchilikning eʼtiborini “Talko” DUKning faoliyat zonasidagi tobora ogʻirlashib borayotgan ekologik halokatni bartaraf etishga, ushbu zararli hamda odamlar sogʻligʻi va atrof muhit uchun xavfli boʻlgan korxonaning faoliyat sohasini oʻzgartirish boʻyicha shoshilinch choralar koʻrishga qaratish.
Uchinchidan, biz ishonamizki, vujudga kelgan ahvoldan qutulish yoʻli boʻlishi kerak va u albatta topiladi. Transchegaraviy ifloslantirish muammolari xalqaro huquqning umum qabul qilingan prinsiplari va normalarini, xalqaro-huquqiy hujjatlar, BMT tegishli qarorlarining inson salomatligini, uning toza atrof muhitga ega boʻlish huquqini himoya qilishga yoʻnaltirilgan qoidalarini hisobga olgan holda hal qilinishi mumkin va kerak.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston va Tojikistondagi yuz minglab aholining hayoti va sogʻligʻi, ushbu mintaqada yashaydigan va mehnat qiladigan kelgusi avlodlarning taqdiri mazkur masalalarni tezroq hal qilinishiga bogʻliq.
Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 22-avgust,
SQ-384-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 8-son, 214-modda)