Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 25-fevralda 1859-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 14-avgustdagi 17/2-son qarori (roʻyxat raqami 1859, 2008-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 39-son, 400-modda) bilan tasdiqlangan Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-yanvar,
1/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 16-yanvardagi 1/2-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq tijorat banklari tomonidan depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibini belgilaydi.”.
2. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
depozit (omonat) sertifikati (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) — bankka qoʻyilgan depozit (omonat) summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) depozit (omonat) summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qogʻoz;
tsessiya — sertifikat boʻyicha talab qilib olish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish;
tsedent — sertifikat boʻyicha talab qilib olish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechayotgan tomon;
tsessionariy — sertifikat boʻyicha talab qilib olish huquqini olayotgan tomon.”.
3. 9-bandning birinchi xatboshisidagi “1 — 3 ilovalar” degan soʻzlar “1 va 3-ilovalar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 10-bandning birinchi xatboshisidagi “talab qilib olish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish (tsessiya)” degan soʻzlar “tsessiya” degan soʻz bilan almashtirilsin.
5. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Sertifikat blankasida sertifikatni chiqarish va uning muomalada boʻlish shartlari (bundan buyon matnda chiqarilish shartlari deb yuritiladi), shu jumladan tsessiyani rasmiylashtirish hamda sertifikat yoʻqotilganda uni qayta tiklash tartibi aks ettirilgan boʻlishi lozim.”.
6. 19-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Sertifikat blankalari Qimmatli qogʻozlar blankalariga qoʻyiladigan texnik talablar toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 1312, 2004-yil 17-fevral) talablariga muvofiq tayyorlanadi.”.
7. 21 va 22-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Depozit sertifikati boʻyicha tsessiya faqat yuridik shaxslar oʻrtasida rasmiylashtiriladi.
22. Omonat sertifikati boʻyicha tsessiya faqat jismoniy shaxslar oʻrtasida rasmiylashtiriladi.”.
8. 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Sessiya sertifikatning orqa tomonida yoki qoʻshimcha varaqlarda (ilovalar) tsedent va tsessionariyning ikki tomonlama bitimi bilan rasmiylashtiriladi.
Depozit sertifikati boʻyicha tsessiya har bir tomondan shu kabi bitimlarni amalga oshirish uchun yuridik shaxs tomonidan vakolat berilgan ikki nafar shaxs tomonidan imzolanadi va yuridik shaxslarning muhrlari (muhrlar mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Omonat sertifikati boʻyicha tsessiyani har ikki tomon shaxsan imzolaydi.
Har bir tsessiya tsedent tomonidan raqamlanadi.
Sessiyani rasmiylashtirish uzluksiz boʻlishi shart.”.
9. 25-banddagi “Sertifikat boʻyicha talab qilib olish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish” degan soʻzlar “Sessiya” degan soʻz bilan almashtirilsin.
10. 26-band “imzolanishi va muhrlanishi” degan soʻzlardan keyin “(muhr mavjud boʻlgan taqdirda)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
11. 27-band “bankda” degan soʻzdan keyin “yoki uning filialida” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
12. 28-banddagi “Talab qilib olish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganda (tsessiyada)” degan soʻzlar “Sessiya rasmiylashtirilganda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
13. 31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Sertifikat saqlovchisi tomonidan bankka toʻlab berish uchun taqdim etilgan sertifikatlarda tsessiyalar mavjud boʻlsa, bank tsessiyalarning rasmiylashtirilishi va uzluksizligini tekshiradi. Bunda:
omonat sertifikatlari boʻyicha — oxirgi tsessiyada qayd etilgan shaxsning familiyasi, ismi, sharifi va imzosi, sertifikatni toʻlab berishni soʻrab yozilgan arizadagi shaxsning familiyasi, ismi, sharifi va imzosiga mos kelmagan taqdirda, sertifikat saqlovchisi tomonidan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma (yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasi) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
depozit sertifikatlari boʻyicha — oxirgi tsessiyada qayd etilgan tsessionariy vakolatli shaxsining imzosi, nomi va muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) sertifikat toʻlab berilishi haqidagi arizada vakolatli shaxs imzosi, yuridik shaxsning nomi, muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) mos kelmagan taqdirda, sertifikat saqlovchisi tomonidan sertifikat summasini talab qilib olish huquqini tasdiqlovchi hujjat(lar) taqdim etilishi lozim.
Sertifikat saqlovchisi tomonidan taqdim etilgan sertifikat summasi boʻyicha talab qilib olish huquqini tasdiqlovchi hujjat(lar) yoki uning nusxasi bank tomonidan toʻlab berilgan sertifikatga qoʻshib tikib qoʻyiladi.”.
14. 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Sertifikat boʻyicha foizlarni hisoblash Tijorat banklarida foizlarni hisoblash toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1306, 2004-yil 30-yanvar) muvofiq amalga oshiriladi.”.
15. Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bilan kelishilgan.
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktori B. ATAXANOV
2016-yil 15-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 8-son, 83-modda)