Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 24-fevralda 2765-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 5-iyuldagi 49-sonli ““Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2765-1, 18.07.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-yanvar,
2-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-yanvar,
2016-03-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2016-yil 28-yanvardagi 2, 2016-03-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar soliq solish tizimidan (soliq solishning umumbelgilangan yoki soddalashtirilgan tartibi) qatʼi nazar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni ushbu Nizomda belgilangan tartibda hisoblab chiqadilar va toʻlaydilar.
2. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan 2011-yil 28-yanvarda 05-268-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Umumdavlat tasniflagichi OʼzDT 005: 2011 “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy faoliyat turlari tasniflagichiga (2-tahrir) muvofiq “Spirtsiz ichimliklar ishlab chiqarish; butilkada mineral suvlar va boshqa suvlar ishlab chiqarish” (11.07-sinf) faoliyat turiga quyidagilar kiradi:
butilkalardagi, shu jumladan plastik butilkalardagi tabiiy mineral suvni va boshqa suvlarni ishlab chiqarish;
alkogolsiz xushboʻylashtirilgan va/yoki bir oz shirin ichimliklarni (limonad, oranjad, kola, mevali ichimliklar, toniklar va h.k.) ishlab chiqarish.
2-bob. Soliq solish obyekti, soliq solinadigan baza
3. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning soliq solish obyekti yer usti va yer osti manbalaridan foydalaniladigan suv resurslari hisoblanadi.
4. Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish va boshqa maqsadlar uchun foydalaniladigan suv hajmi soliq solinadigan baza hisoblanadi.
Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmi deganda, isteʼmol idishidagi tayyor mahsulotga toʻgʻri keladigan suv hajmi tushuniladi.
Boshqa maqsadlar uchun foydalaniladigan suv hajmi deganda alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmidan tashqari suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan olinadigan suvning umumiy hajmi tushuniladi.
5. Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmi m3 da quyidagi formula orqali aniqlanadi.
V alkogolsiz ichimliklar uchun suv = V TM i/ch. x N / 1000, bunda:
V TM i/ch. — alkogolsiz ichimliklar tayyor mahsuloti ishlab chiqarishning yillik hajmi, litrda;
N — 1 litr tayyor mahsulotni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suvning hisob-kitob normativi (N = 1).
6. Boshqa maqsadlar uchun foydalaniladigan suv hajmi m3 da quyidagi formula orqali aniqlanadi:
V boshqa maqsadlar uchun suv = V olingan suv — V alkogolsiz ichimliklar uchun suv, bunda:
V olingan suv — yer usti va yer osti manbalaridan olingan suv resurslari hajmi.
3-bob. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, soliq davri
7. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq suv resurslaridan foydalanish maqsadlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan tabaqalashtirilgan stavkalardan kelib chiqib hisoblanadi:
alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmi boʻyicha;
boshqa maqsadlar uchun foydalaniladigan suv hajmi boʻyicha.
8. Kalendar yil soliq davridir.
4-bob. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash
9. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi yil uchun soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
10. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilingan yillik soliq summasidan kelib chiqib joriy soliq davrida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha joriy toʻlovlarni hisoblash boʻyicha maʼlumotnoma asosida toʻlanadigan joriy toʻlovlar summasi aniqlanadi.
11. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning hisob-kitobi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha joriy toʻlovlarni hisoblash boʻyicha maʼlumotnoma suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli joyidagi davlat soliq xizmati organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 4-martdagi 23, 2013-8-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2439, 2013-yil 22-mart) 6-ilovaga muvofiq shakllar boʻyicha taqdim etiladi.
12. Soliq davri uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash joriy toʻlovlarni hisobga olgan holda hisob-kitob taqdim etiladigan muddatdan kechiktirmay amalga oshiriladi.
5-bob. Soliq toʻlovchilarning javobgarligi va davlat soliq xizmati organlarining nazorati
13. Soliq toʻlovchilar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi va toʻlanishi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning toʻgʻri hisoblab chiqilishi va toʻlanishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 8-son, 82-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)