Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining sotib oluvchiga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Obodon” kichik korxonasi javobgar — R. Shohimardonov nomli “Kasbi-88” transport shirkatiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Kasbi tuman hokimining 2008-yil 11-fevraldagi X-81/2-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni hamda avtosaroy binosi va unga tegishli boʻlgan 2,75 gektar yer maydonidan foydalanishga toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini yuklashni soʻragan.
Sudning 2009-yil 12-maydagi ajrimi bilan Kasbi tuman hokimligi ishga javobgar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 12-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 29-iyuldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 23-sentabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 8-oktabrdagi ajrimi bilan ishga Kasbi tuman hokimligi yer resurslari va davlat kadastr boʻlimi, Kasbi tuman Navoiy nomli tajriba elita urugʻchilik xoʻjaligi tugatish komissiyasi, Respublika koʻchmas mulk birjasi viloyat filiali jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 16-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Kasbi tuman hokimining 2007-yil 17-apreldagi X-175/4-sonli qarori bilan 2,75 gektar yer maydoni vaqtincha foydalanish uchun R. Shohimardonov nomli “Kasbi-88” transport shirkatiga ajratib berilgan. Tuman hokimining ushbu qarori prokurorning protestiga asosan bekor qilinib, yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.
2007-yil 30-oktabrda Alisher Navoiy nomli tajriba elita urugʻchilik xoʻjaligi tugatish komissiyasi (sotuvchi), “Obodon” kichik korxonasi (xaridor), Respublika koʻchmas mulk birjasi Qashqadaryo filiali (savdo tashkilotchisi) oʻrtasida Alisher Navoiy nomli tajriba elita urugʻchilik xoʻjaligiga qarashli qurilishi tugallanmagan avtosaroy binosi Respublika koʻchmas mulk birjasida sotilgan va bu haqda 197/9203/oʻ-17712-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Kasbi tuman hokimining 2008-yil 11-fevraldagi X-81/2-sonli qarori bilan 2,75 gektar yer maydoni R. Shohimardonov nomli “Kasbi-88” transport shirkatiga “Bolalar sport majmuasi” binolarini qurish uchun ajratib berilib, ushbu qaror asosida tuman kadastr xizmati tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida 2008-yil 21-noyabrda 283525-sonli guvohnoma berilgan.
Tuman hokimining ushbu qaroridan norozi boʻlgan “Obodon” kichik korxonasi R. Shohimardonov nomli “Kasbi-88” transport shirkatiga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Kasbi tuman hokimining 2008-yil 11-fevraldagi X-81/2-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni hamda avtosaroy binosi va unga tegishli boʻlgan 2,75 gektar yer maydonidan foydalanishga toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini yuklashni soʻragan.
2007-yil 30-oktabrda tuzilgan 197/9203/oʻ-17712-sonli oldi-sotdi shartnomasida Respublika koʻchmas mulk birjasida sotuvchi tomonidan “Obodon” kichik korxonasiga qurilishi tugallanmagan avtosaroy binosi sotilganligi qayd etilgan.
Koʻchmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 484-moddasiga koʻra, koʻchmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma boʻyicha sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar, shu jumladan koʻchmas mulk tegishli yer uchastkasida yoki boshqa koʻchmas mulkning tarkibida qanday joylashganligini belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi shart. Shartnomada bunday maʼlumotlar boʻlmasa, boshqa shaxsga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi shartni taraflar oʻzaro kelishib olmagan, tegishli shartnoma esa, tuzilmagan hisoblanadi.
Taraflar oʻrtasidagi oldi-sotdi qurilishi tugallanmagan avtosaroy binosi, yaʼni koʻchmas mulkni sotib olish bilan bevosita bogʻliq boʻlsa-da, oldi-sotdi shartnomasida sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 486-moddasining birinchi qismiga koʻra, koʻchmas mulkning sotuvchi tomonidan topshirilishi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish toʻgʻrisidagi boshqa hujjatga binoan amalga oshiriladi. Biroq, bunday dalolatnoma sotuvchi va xaridor oʻrtasida tuzilmagan.
Daʼvogar asos qilib koʻrsatayotgan ishdagi mavjud 2008-yil 7-martdagi 4-sonli hisob-fakturada sotuvchi sotib oluvchiga 1 dona qurilishi tugallanmagan avtosaroy binosini 7 878000 soʻmga yetkazib berayotganligi qayd etilgan. Biroq sotib oluvchi tomonidan ushbu hisob-faktura imzolanmagan. Qolaversa, ushbu hujjatda ham koʻchmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar mavjud emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 482-moddasining birinchi qismida bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan sotib oluvchiga bunday koʻchmas mulkka egalik huquqini topshirish bilan bir vaqtda ushbu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasining muayyan qismiga boʻlgan huquqlar ham topshirilishi belgilangan.
Ammo, sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan qurilishi tugallanmagan avtosaroy binosining oldi-sotdi shartnomasini tuzishda ushbu modda talablariga ham amal qilinmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 481-moddasining birinchi qismiga muvofiq koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining sotib oluvchiga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Daʼvogar va Alisher Navoiy nomli tajriba elita urugʻchilik xoʻjaligi tugatish komissiyasi vakillari tomonidan oldi-sotdi shartnomasida qurilishi tugallanmagan obyekt sotilganligi koʻrsatilganligi, aslida tovar moddiy boyliklar sotilganligi sababli qurilishi tugallanmagan obyektga hamda yerga nisbatan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligi haqida vajlar bildirilgan boʻlsa-da, koʻchmas mulk emas, balki tovar moddiy boyliklar sotilganligini tasdiqlovchi biron-bir hujjat taqdim etilmagan. Ishdagi mavjud 2008-yil 7-martdagi 4-sonli hisob-fakturada sotuvchi sotib oluvchiga fundament, plitalar yoki boshqa qurilish materiallarini sotganligi koʻrsatilmagan.
Respublika koʻchmas mulk birjasida tuzilgan shartnomaning 1.2-bandida xaridorning obyektga egalik huquqi ushbu shartnomaga asosan mablagʻlar toʻliq toʻlanganidan soʻng qonuniy hisoblanishi kelishilgan. Biroq, oldi-sotdi shartnomasining hisob-kitob bilan bogʻliq boʻlgan bandlarining birortasi bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ishda mavjud emas.
Sotuvchi va sotib oluvchi vakillarining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha hisob-kitob xoʻjalikning kichik korxona oldidagi eski qarzlari evaziga berilganligi haqidagi vajlari ham tegishlicha asoslantirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 12-moddasining birinchi qismiga binoan davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Kasbi tuman hokimining 2008-yil 11-fevraldagi X-81/2-sonli 2,75 gektar yer maydoni R. Shohimardonov nomli “Kasbi-88” transport shirkatiga “Bolalar sport majmuasi” binolarini qurish uchun ajratib berish haqidagi qarori bilan daʼvogarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilganligi dalillar bilan isbotlab berilmagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 55-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Daʼvoni qanoatlantirish uchun yetarli asoslar boʻlmaganligi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvoni rad etish haqida toʻgʻri xulosa qilingan.
Bunday vaziyatda sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim deb topadi.
2010-yil 3-mart,
18-0904/5096-son