Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Manipulatsiya narxi deganda, birja savdolari ishtirokchilari tomonidan qimmatli qogʻozlar narxlarini sunʼiy ravishda oshirish tushuniladi
[Koʻchirma]
Daʼvogar — Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi javobgarlar — “ISHONCH INVEST LLC” MChJ hamda “BARAKA-VOSITA” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2008-yil 7-iyulda “Polatqurilma” OAJ aksiyalari bilan “Toshkent” Respublika fond birjasida savdoni oʻtkazishda, qimmatli qogʻozlar narxini asossiz ravishda oshirishda manipulatsiya holati mavjudligini eʼtirof etishni soʻragan.
Sudning 2008-yil 24-oktabrdagi ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “Toshkent” Respublika fond birjasi jalb qilingan.
Xoʻjalik sudining 2008-yil 29-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 28-yanvardagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, “ISHONCH INVEST LLC” MChJ hamda “BARAKA-VOSITA” MChJ tomonidan 2008-yil 7-iyulda “Polatqurilma” OAJ aksiyalari bilan “Toshkent” Respublika fond birjasida savdoni oʻtkazishda, qimmatli qogʻozlar narxini asossiz ravishda oshirishda manipulatsiya holati mavjud deb eʼtirof etilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 28-yanvardagi qarorini bekor qilib, 2008-yil 29-oktabrdagi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2008-yil 7-iyul kuni “Polatqurilma” OAJ aksiyalari bilan “Toshkent” Respublika fond birjasida amalga oshirilayotgan auksionda jamiyat aksiyalarining narxlari koʻtarilishida manipulatsiya holatlari mavjudligi haqidagi birja bosh makleri oʻrinbosarining xabariga asosan birja faoliyatini nazorat qilish boʻyicha davlat inspektori tomonidan savdo toʻxtatib qoʻyilgan.
“Toshkent” Respublika fond birjasida qimmatli qogʻozlar bilan birja savdolarini oʻtkazish qoidalarining 279-bandiga koʻra, manipulatsiya holatlari aniqlanganda birja shubhali bitim roʻyxatga olingandan soʻng uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazini bu haqda xabardor qilishi lozimligi qayd etilgan.
Ushbu holat boʻyicha Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tomonidan R05-30/09-sonli ish yuritish boshlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchiligi buzilishiga oid ishlarni koʻrib chiqish komissiyasining 2008-yil 11-avgustdagi yigʻilishida R05-30/09-sonli ish “ISHONCH INVEST LLC” MChJ hamda “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari ishtirokida koʻrib chiqilgan.
Yuqorida qayd etilayotgan komissiya tomonidan quyidagilar aniqlangan:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 3-martda 660-raqam bilan roʻyxatga olingan “Qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizomning 1.3-bandi hamda “Toshkent” Respublika fond birjasida qimmatli qogʻozlar bilan birja savdolarini oʻtkazish qoidalari”ning 17-bandi talablariga zid ravishda “ISHONCH INVEST LLC” MChJ brokeri I. Kamildjanova malaka guvohnomasi boʻlmasa-da, 2008-yil 7-iyuldagi “Toshkent” Respublika fond birjasi savdosida “Polatqurilma” OAJ aksiyalarini sotib olish boʻyicha buyurtma berib, ushbu aksiyalar bilan amalga oshirilgan auksionda ishtirok etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2002-yil 13-martda 1108-raqam bilan roʻyxatga olingan Investitsiya vositachilari toʻgʻrisidagi nizomning 5 (a)-bandiga asosan broker qimmatli qogʻozlarni xarid qilish shartnomasini tuzish haqida mijozning toʻlovga qobilligi haqida axborot berilishini talab qilishga haqliligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-iyundagi 285-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar tuzish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 7 (a)-bandiga asosan investitsiya vositachisi mijoz bitishuvni toʻlash qobiliyatiga ega ekanligiga ishonch boʻlmagan taqdirda qimmatli qogʻozlarni sotib olish boʻyicha topshiriqlarni qabul qilishdan voz kechishga majburligi haqidagi talablar belgilangan. Biroq, “ISHONCH INVEST LLC” MChJ brokeri I.Kamildjanova bilan A.Urunov oʻrtasida “Polatqurilma” OAJ aksiyalarini sotib olish toʻgʻrisida 2008-yil 4-iyulda 267 va 268-sonli topshiriq shartnomalari tuzilgan boʻlsa-da, broker tomonidan mijozning toʻlov qobiliyati tekshirilmagan.
“Polatqurilma” OAJning 2007-yil yakuni boʻyicha hisobotlari tahlil qilinganda 2008-yil 1-yanvar holatiga tuzilgan buxgalteriya balansi boʻyicha jamiyatning oʻzlik mablagʻlari manbai (sof aktivlari) 1203903 ming soʻmni tashkil etgan, jumladan: ustav fondi taqsimlanmagan foydasi — 454245 ming soʻm, kelgusi davr xarajat va toʻlovlar zaxirasi — 106906 ming soʻm.
Jamiyatning 2008-yil 1-yanvar holatiga jami aktivlari 3637152 ming soʻm, jumladan asosiy vositalari qoldiq qiymati 562695 ming soʻmni tashkil etgan.
“BARAKA-VOSITA” MChJning 2008-yil 6-iyundagi 4-sonli buyrugʻida oʻz investitsiya portfelini shakllantirish maqsadida “Polatqurilma” OAJning aksiyalarini sotib olish boʻyicha “Toshkent” Respublika fond birjasi va “Elsis-savdo” YoAJga buyurtma berish belgilangan.
Brokerlik idorasining komissiyaga yozgan axborotida “Polatqurilma” OAJning aksiyalarini sotib olish uchun “Elsis kliring” XKPga 18,0 mln.soʻm oʻtkazilganligi, buyruqning ijrosini taʼminlash borasida “Elsis savdo” tizimi orqali “Polatqurilma” OAJning 22777 dona aksiyalarini 379,82 soʻmdan, “Toshkent” Respublika fond birjasi orqali esa 3451 dona aksiyalarni 380 soʻmdan xarid qilganligi, 2008-yil 7-iyulda “Polatqurilma” OAJning aksiyalariga spekulyativ xarakterdagi savdo boʻlishi mumkinligi haqida shubha uygʻonganligi va taʼsischilar roziligi asosida auksionda ishtirok etganligi bayon etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-iyundagi 285-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar tuzish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6 (a)-bandi talablariga zid ravishda “BARAKA-VOSITA” MChJ qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar tuzilishiga qadar qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotishning dastlabki qatʼiy narxlarini oshkora eʼlon qilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 23-aprelda 1131-son bilan roʻyxatga olingan “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini buzganlik uchun ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 27-bandiga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi haqida koʻrib chiqilgan ishlarning natijalari boʻyicha koʻrib chiqish davomida komissiya tomonidan aniqlangan holatlar va xulosalar bayon qilingan qaror qabul qilinadi.
Har ikkala brokerlik idorasi tomonidan aksiyalar narxi koʻtarilishi dalillar bilan komissiyaga asoslab berilmaganligi, brokerlik idoralari tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi 2008-yil 11-avgustdagi komissiya yigʻilishi qarorida qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 21-sentabrda 820-son bilan roʻyxatga olingan Qimmatli qogʻozlar bozorida manipulatsiya qilishlarning oldini olish qoidalarining 2.3.3.-bandida uchinchi shaxslarni manipulatsiya qiluvchilar uchun foydali narxda qimmatli qogʻozlarni xarid qilish/sotishga tortish maqsadida soxta yoki adashtiruvchi faol savdo taassurotini yaratish, qimmatli qogʻozlar narxlarini sunʼiy tarzda oshirish/tushirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish taqiqlanishi koʻrsatilgan.
“Toshkent” Respublika fond birjasida qimmatli qogʻozlar bilan birja savdolarini oʻtkazish qoidalarining 272-bandiga koʻra, manipulatsiya narxi deganda, birja savdolari ishtirokchilari tomonidan qimmatli qogʻozlar narxlarini sunʼiy ravishda oshirish tushuniladi.
2008-yil 7-iyuldagi auksion “Polatqurilma” OAJning aksiyalari narxi keskin (soat 11:54:05 da nominal qiymatiga nisbatan 154,3 baravarga, savdoga qoʻyilgan narxga nisbatan 81 baravarga) koʻtarilishiga qaratilgan harakatlarda manipulatsiya holati mavjudligi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan toʻgʻri aniqlanib, ish holatlariga huquqiy baho berilgan.
2009-yil 15-aprel,
10-0812/12301-son