Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi xalqlari oʻrtasidagi madaniyat va sanʼat sohasidagi doʻstona aloqalarini va hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash niyatini ifoda etib,
ikkala davlat xalqlarining madaniy aloqa va doʻstona munosabatlari anʼanalarini eʼtiborga olib,
madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalar ikkala mamlakat xalqlarining tub manfaatlariga javob berishiga va doʻstlik va oʻzaro hamkorlik munosabatlarining yanada rivojlanishiga ishongan holda,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududlarida istiqomat qiluvchi ikkala davlat fuqarolarining manfaatlarini eʼtiborga olib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston va Latviya xalqlarining madaniy aloqalariga tayangan holda, ularning madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorligining bundan keyin ham rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz davlatlari fuqarolarini ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati madaniyati yutuqlari bilan tanishishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Ahdlashuvchi Tomonlar davlat muassasalari oʻrtasida bevosita hamkorlik va toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarning oʻrnatilishi va kengaytirilishiga, manfaatdor tashkilotlar oʻrtasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniy hamkorlikning ikki tomonlama dasturlari va loyihalari asosida professional va havaskor badiiy kollektivlar, guruhlar, ansambllar, alohida ijrochilar bilan almashuvga koʻmaklashadilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sanʼat arboblarini, ijodiy kollektivlarni musiqa, teatr, ashula va folklor konkurslarida festivallarida qatnashish uchun bir-birlariga taklif qilishni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar teatr, estrada, sirk, kino sanʼati, tarixiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, havaskor xalq ijodi, xalq hunarmandchiligi sohalarida mutaxassislar bilan almashuvga va hamkorlikka qulay sharoitlar yaratadilar.
6-modda
Ahdlashuvchi tomonlar kitoblar, nashrlar, kataloglar, boshqa axborot materiallari bilan almashish yoʻli bilan kutubxona ishida hamkorlik qiladilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat va sanʼat oʻquv yurtlari oʻqituvchilari, olimlar, aspirantlar hamda mutaxassislar bilan almashuvni amalga oshiradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar muzey ishi sohasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar, tasviriy, dekorativ amaliy sanʼat koʻrgazmalari bilan almashuvga koʻmaklashadilar.
9-modda
Ushbu Bitimni bajarish maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari boʻyicha vazirligi va Latviya Respublikasi Madaniyat vazirligi oʻrtasida budjet imkoniyatlari doirasida ikki tomonlama almashuv dasturlari ishlab chiqiladi.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan paytdan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim 5 yil muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonga uning amalini toʻxtatish niyati haqida yozma ravishda tegishli muddat tugashidan olti oy ilgari bildirmasa, oʻz-oʻzidan har safar keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Bu Bitim amalining toʻxtatilishi ushbu Bitim doirasida boshlangan va uning amalining tugashi vaqtida toʻliq bajarilmagan har qanday qoʻshma faoliyatning oxiriga yetkazilishiga taʼsir qilmaydi.
Toshkent shahrida 1996-yil 23-mayda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, latish va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda har qanday kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)