Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Apellatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga shikoyatning va unga ilova qilingan, bu shaxslarda boʻlmagan hujjatlarning nusxalarini yuboradi
[Koʻchirma]
Daʼvogarlar fuqarolar Payzixoʻjayev Askarxoʻja Gʻanixoʻjayevich va Payzixoʻjayev Qaxraman Gʻanixoʻjayevichlar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar “TOShVILBOZORSAVDO” uyushmasi, Yuqori Chirchiq tumani “Dehqon bozori” MChJ, Yuqori Chirchiq tumani hokimligidan 30 000 000 soʻm dividendlar boʻyicha qarzni undirishni soʻragan.
Sudning 2013-yil 23-iyuldagi ajrimi bilan daʼvo arizasi qaytarilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 7-avgustdagi hamda 2013-yil 28-avgustdagi ajrimlari bilan fuqarolar Payzixoʻjayev Askarxoʻja Gʻanixoʻjayevich va Payzixoʻjayev Qaxraman Gʻanixoʻjayevichlarning apellatsiya shikoyatlari qaytarilgan.
Fuqarolar Payzixoʻjayev Askarxoʻja Gʻanixoʻjayevich va Payzixoʻjayev Qaxraman Gʻanixoʻjayevichlar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 28-avgustdagi ajrimini bekor qilishni soʻrashgan.
Kassatsiya protestida apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 28-avgustdagi ajrimii bekor qilish va ishni koʻrib chiqish uchun apellatsiya instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 28-avgustdagi ajrimini bekor qilishni va ishni koʻrib chiqish uchun apellatsiya instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 28-avgustdagi ajrimi bilan fuqarolar Payzixoʻjayev Askarxoʻja Gʻanixoʻjayevich va Payzixoʻjayev Qaxraman Gʻanixoʻjayevichlarning apellatsiya shikoyati qaytarilgan.
Apellatsiya instansiya sudi shikoyat nusxasi Vaspiddinov Muxsiddin, Raxmonxujayev Kurvanxuja va Utbosarov Zaxrablarga yuborilmaganligini koʻrsatib, 2013-yil 28-avgust kuni apellatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqargan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksning 160-moddasiga koʻra, apellatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga shikoyatning va unga ilova qilingan, bu shaxslarda boʻlmagan hujjatlarning nusxalarini yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksning 162-moddasi birinchi qismi 2-bandida apellatsiya shikoyatiga (protestiga) uning nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga joʻnatilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan boʻlsa, sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarishi belgilangan.
Daʼvo arizada ishda ishtirok etuvchi shaxslar sifatida “TOShVILBOZORSAVDO” uyushmasi, Yuqori Chirchiq tumani “Dehqon bozori” MChJ, Yuqori Chirchiq tumani hokimligi koʻrsatilgan.
Shu bois, apellatsiya instansiya sudi tomonidan apellatsiya shikoyati asossiz ravishda qaytarilgan.
Bunday holatda sudlov hayʼati, apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 28-avgustdagi ajrimini bekor qilishni va ishni koʻrib chiqish uchun shu xoʻjalik sudining apellatsiya instansiyasiga yuborishni lozim topadi.
2013-yil 25-sentabr,
11-1306/8826-son