Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Notijorat tashkilotlar Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalarning toʻlovchilari boʻla olmaydilar, bundan ularning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan olgan daromadlari mustasno
[Koʻchirma]
“Bobur” nomli jamoat fondi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi respublika yoʻl jamgʻarmasidan 4724400 soʻm undirishni va Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi (bundan buyon matnda – IIB YHXB deb yuritiladi) zimmasiga “Xunday Stareks” avtomashinasini imtiyoz qoʻllagan holda roʻyxatga olish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Bobur” nomli jamoat fondi 2008-yil 24-oktabrda “VAZ-2107” avtomashinasini rasmiylashtirish uchun 175-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 597000 soʻmni, 2009-yil 8-yanvarda “VAZ-2107” avtomashinasini rasmiylashtirish uchun 14-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 597000 soʻmni, 2009-yil 8-yanvarda “Niva-Shevrolet” avtomashinasini rasmiylashtirish uchun 12-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 1334400 soʻmni, 2009-yil 30-aprelda “Xunday Stareks” avtomashinasini rasmiylashtirish uchun 83-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 2196000 soʻm yigʻimlarni Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi orqali Respublika yoʻl jamgʻarmasiga toʻlagan. Andijon viloyat IIB YHXB tomonidan ikkita “VAZ-2107” va “Niva-Shevrolet” avtomashinalari daʼvogarga rasmiylashtirib berilgan. Ammo, “Xunday Stareks” avtomashinasi uchun toʻlangan yigʻim kam deb hisoblanganligi sababli rasmiylashtirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-iyuldagi “Davlat budjetiga soliqlar va toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi PF-2343-son Farmonining 1-bandida xayriya hamda boshqa jamgʻarmalarga, shuningdek ular tomonidan tashkil qilingan korxonalar va boshqa shoʻba tuzilmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlar 1999-yilning 1-sentabridan boshlab ular amalga oshiradigan notijorat faoliyatigagina joriy etilishi belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 17-noyabrdagi 502-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xayriya hamda boshqa jamgʻarmalar va jamiyatlarga, shuningdek ular tomonidan tashkil qilingan korxonalar va boshqa shoʻba tuzilmalariga soliqlar, yigʻimlar hamda bojxona toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlarning qoʻllanish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3.2-bandida esa taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyatidan daromad olishni koʻzlamaydigan ijtimoiy-xayriya maqsadlari va boshqa maqsadlar uchun tashkil etilgan notijorat tashkilotlardan soliqlar va yigʻimlar undirilmasligi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 30-moddasining uchinchi bandida esa, soliq toʻlovchi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar vujudga kelgan paytdan eʼtiboran ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanishga haqli ekanligi bayon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 316-moddasida notijorat tashkilotlar Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalarning toʻlovchilari boʻla olmasligi, bundan ularning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan olgan daromadlari mustasno ekanligi belgilangan.
Bundan koʻrinadiki, “Bobur” nomli jamoat fondi notijorat tashkilot boʻlgani holda u tomonidan sotib olingan avtomashinalar tadbirkorlik faoliyatidan daromad olishi koʻzlanganligi sudda isbotlanmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlangan, xulosalar esa ish holatlariga muvofiq keladi. Apellatsiya instansiyasi sudi esa asosli ravishda hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 17-noyabr,
17-0910/5124-son