Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Yakka tartibdagi tadbirkorlarga bozorda savdo faoliyatini amalga oshirish hamda xizmatlar koʻrsatish uchun shartnoma asosida savdo oʻrinlari berish bozor maʼmuriyatining huquqi hisoblanadi
[Koʻchirma]
Yakka tartibdagi tadbirkor N.Xayrullayeva xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar — yakka tartibdagi tadbirkor J. Shamsiyev, Gʻijduvon tumanidagi “Xoʻjai Jahon” buyum bozoriga nisbatan noqonuniy egallangan 474-sonli savdo oʻrnidan yakka tartibdagi tadbirkor J. Shamsiyevni majburiy koʻchirishni, asossiz daʼvo arizalar berilganligi uchun nooʻrin sarflangan pullarni va maʼnaviy zararni, jami — 2000000 soʻm undirishni, shuningdek daʼvogarga tegishli boʻlgan 474-savdo oʻrni uchun boshqa tadbirkorlarning daʼvogarlik qilishlari nooʻrinligi toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 1-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, nizoli 474-savdo oʻrni daʼvogarga olib berilgan, daʼvo talabining 1000000 soʻm moddiy zararni undirish qismi rad qilinib, 1000000 soʻm maʼnaviy zararni undirish qismi yuzasidan ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 11-sentabrdagi qarori bilan 2008-yil 1-iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 5-noyabrdagi qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 11-sentabrdagi qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sudning 2008-yil 11-noyabrdagi ajrimi bilan yakka tartibdagi tadbirkor Shamsiyev Jasur ishga qoʻshimcha javobgar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 17-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, nizoli 474-savdo oʻrni daʼvogarga olib berilgan, daʼvo talabining qolgan qismlari yuzasidan ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 22-apreldagi qarori bilan 2009-yil 17-fevraldagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatlarida sud hujjatlarini bekor qilib, daʼvoni rad qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi mavjud hujjatlardan koʻrinishicha, yakka tartibdagi tadbirkor N. Xayrullayeva “Xoʻjai Jahon” buyum bozori maʼmuriyatiga 2006-yil 2-martda ariza bilan murojaat qilib, yangi qurilayotgan bozor hududidan savdo oʻrni ajratib berishni soʻragan. Ijaraga beruvchi “Xoʻjai Jahon” buyum bozori hamda yakka tartibdagi tadbirkor N. Xayrullayeva oʻrtasida 2006-yil 20-oktabrda 1545a-sonli ijara shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga koʻra ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga 5,0 kv. metrdan iborat savdo rastasi ajratib berishi, ijaraga oluvchi esa, har bir kv.metr joyda savdo qilganligi uchun ijaraga beruvchiga 600 soʻmdan ijara haqi toʻlab borishi lozim boʻlgan. Tadbirkor N. Xayrullayeva 2006-yil 23-oktabrda 712-sonli kvitansiya bilan savdo rastasi yasatish uchun tadbirkor B. Tolibovga 498260 soʻm toʻlab bergan va unga savdo oʻrni qurilganligi toʻgʻrisida 474-sonli guvohnoma berilgan. Bundan tashqari, tuman hokimligi tomonidan savdo oʻrinlarini tartibga solish maqsadida 2006-yil 20-oktabrda 474-sonli savdo oʻrniga mulk huquqini tasdiqlovchi order ham berilgan.
Yakka tartibdagi tadbirkor Shamsiyev Jamil “Xoʻjai Jahon” buyum bozori maʼmuriyatiga 2006-yil 22-martda ariza bilan murojaat qilib, yangi qurilayotgan bozor hududidan savdo oʻrni ajratib berishni soʻragan. Ijaraga beruvchi “Xoʻjai Jahon” buyum bozori hamda yakka tartibdagi tadbirkor Shamsiyev Jamil oʻrtasida 2006-yil 19-aprelda 751-sonli ijara shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga koʻra ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga 7,5 kv.metrdan iborat savdo rastasi ajratib berishi, ijaraga oluvchi esa, har bir kv.metr joyda savdo qilganligi uchun ijaraga beruvchiga 600 soʻmdan ijara haqi toʻlab borishi lozim boʻlgan. Tadbirkor Shamsiyev Jamil 2006-yil 10-aprelda 457-sonli kvitansiya bilan savdo rastasi yasatish uchun tadbirkor B. Tolibovga 498260 soʻm toʻlab bergan.
Lekin yakka tartibdagi tadbirkor Shamsiyev Jamil 474-sonli savdo oʻrni belgilangan tartibda unga rasmiylashtirilib berilmagan boʻlsa-da, ushbu savdo oʻrnida bozor maʼmuriyati ruxsatisiz cavdo faoliyati bilan shugʻullangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2003-yil 28-iyuldagi 330-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida bozorlarda savdo faoliyatini tashkil etish qoidalari”ning 26-bandiga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlarga bozorda savdo faoliyatini amalga oshirish hamda xizmatlar koʻrsatish uchun shartnoma asosida savdo oʻrinlari berish bozor maʼmuriyatining huquqi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-iyuldagi 330-sonli qaroriga asosan tadbirkor bozorda xohlagan joyda emas, faqat bozor maʼmuriyati tomonidan belgilangan joyda savdo qilish huquqiga ega.
“Xoʻjai Jahon” buyum bozori hududidagi 474-sonli savdo oʻrni daʼvogar — yakka tartibdagi tadbirkor Xayrullayeva Nasibaga ajratib berilganligi bozor maʼmuriyati tomonidan tadbirkorlarni savdo oʻrinlari bilan taʼminlashni hisobga olish kitobi va roʻyxati, quruvchi — xususiy tadbirkor Tolibov Baxtiyor tomonidan ochiq bozor rastalari guvohnomasi hamda tuman hokimligi tomonidan 474-sonli savdo oʻrniga mulkiy huquqni tasdiqlovchi order bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyat xoʻjalik sudining 2008-yil 27-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvogar — yakka tartibdagi tadbirkor Abdulxayrov Olimjonning javobgarlar — “Xoʻjai Jahon” buyum bozori, yakka tartibdagi tadbirkorlar Jamil Shamsiyev va Nasiba Xayrullayevalarga nisbatan 474-sonli savdo oʻrnini olib berish toʻgʻrisidagi daʼvosi rad qilingan. Mazkur hal qiluv qarorining asoslantirish qismida “Xoʻjai Jahon” buyum bozori hududidagi 474-sonli savdo oʻrni yakka tartibdagi tadbirkor N. Xayrullayevaga qonuniy asoslarda ajratilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu hal qiluv qarori qonuniy kuchda.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 60-moddasi ikkinchi qismida xoʻjalik sudining ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar, xuddi shu shaxslar ishtirokchisi boʻlgan boshqa ishni sud koʻrayotganda yangidan isbot qilinmasligi koʻrsatilgan.
Koʻrsatib oʻtilganlarga asosan birinchi instansiya sudi asosli ravishda daʼvo talabini 474-sonli savdo oʻrnidan yakka tartibdagi tadbirkorlar Jamil Shamsiyev va Jasur Shamsiyevlarni majburiy chiqarishni qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 23-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra xoʻjalik sudiga iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 24-moddasida xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladigan nizolar koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, daʼvogarga tegishli boʻlgan 474-savdo oʻrni uchun boshqa tadbirkorlarning daʼvogarlik qilishlari nooʻrinligi toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilish toʻgʻrisidagi nizolar nazarda tutilmagan.
Daʼvogar javobgarlardan 1 000000 soʻm moddiy va 1 000000 soʻm maʼnaviy zararni undirish qismidan voz kechgan. Birinchi instansiyasi sudi daʼvogarning daʼvo talabining ushbu qismidan voz kechishini qabul qilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud hujjatlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini javobgarlar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 15-iyul,
20-0807/2760-son