Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Hal qiluv qarorini qabul qilishga asos boʻlgan xoʻjalik sudining hujjati yoki sudning hal qiluv qarori, hukmi yoxud boshqa organning qarori bekor qilinganligi sud hujjatining qayta koʻrilishi uchun asos boʻladi
[Koʻchirma]
Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qarshi filiali yakka tartibdagi tadbirkor Sh.Murodovning manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, yakka tartibdagi tadbirkor A.Karimovni oʻzboshimchalik bilan egallab turgan yer maydonidan chiqarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2006-yil 17-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasining 2006-yil 3-maydagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2006-yil 28-iyundagi qarori bilan sud qarorlari oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2007-yil 28-avgustdagi ajrimi bilan ishni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish rad etilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2007-yil 5-noyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining 2007-yil 28-avgustdagi ajrimi hamda kassatsiya instansiyasi sudining 2006-yil 28-iyundagi qarori yangi ochilgan holatlar boʻyicha bekor qilingan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2007-yil 5-noyabrdagi qarori bilan 2006-yil 17-martdagi hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining 2007-yil 3-maydagi qarori bekor qilinib, daʼvogarning yakka tartibdagi tadbirkor A.Karimovni oʻzboshimchalik bilan egallab turgan yer maydonidan chiqarish haqidagi daʼvosi qanoatlantirilgan.
Javobgar — yakka tartibdagi tadbirkor A.Karimov Oliy xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, kassatsiya instansiyasi sudining 2007-yil 5-noyabrdagi ajrimi va qarorini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqishni soʻragan.
Sudlov hayʼati arizada keltirilgan vajlarni muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra javobgarning sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Qarshi shahar hokimining 2005-yil 8-noyabrdagi X-628/11-sonli qarori bilan 1 va 2-ilovalar tasdiqlanib, Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Nasaf koʻchasini rekonstruksiya qilish loyihasiga asosan buzilishi koʻzda tutilgan binolarni buzib olish va buzib olingan doʻkonlar hamda ustaxonalar qurilishi uchun boshqa yer maydoni ajratish koʻrsatilgan.
Qaror ilovalarida yakka tartibdagi tadbirkor Sh.Murodovning ustaxonasi buzilishini va unga Nasaf koʻchasidagi Pirnazarov Sobirning hovlisidan yer maydoni ajratilishi koʻzda tutilgan. Ammo, Qarshi shahar hokimining 2006-yil 6-martdagi X-122/Z-sonli qarori bilan 2005-yil 8-noyabrdagi X-628/11-sonli qarorga oʻzgartirish kiritilib, qarorning 2-ilovasiga koʻra daʼvogarga ajratilgan yer maydoni yakka tartibdagi tadbirkor A.Karimovga ajratilib berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 204-moddasi ikkinchi qismining 4-bandiga koʻra, hal qiluv qarorini qabul qilishga asos boʻlgan xoʻjalik sudining hujjati yoki sudning hal qiluv qarori, hukmi yoxud boshqa organning qarori bekor qilinganligi sud hujjatining qayta koʻrilishi uchun asos boʻladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilishda Qarshi shahar hokimining 2005-yil 8-noyabrdagi X-628/11-sonli qaroriga asoslangan. Mazkur qarorning 2-ilovasida fuqaro Murodov Shuhratga fuqaro Pirnazarov Sobirning hovlisidan yer maydoni ajratilishi nazarda tutilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudining 2008-yil 11-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan Qarshi shahar hokimining 2005-yil 8-noyabrdagi 628/11-sonli qarori 2-ilovasining fuqaro Murodov Shuhratga Qarshi shahridagi fuqaro Pirnazarov Sobirning hovlisidan yer maydoni ajratish haqidagi 15-bandi bekor qilingan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat sudi apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 11-noyabrdagi ajrimi bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Yuqoridagilarga koʻra sudlov hayʼati yakka tartibdagi tadbirkor A.Karimovning sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni, kassatsiya instansiyasi sudining 2007-yil 5-noyabrdagi qarorini bekor qilishni lozim topadi.
2008-yil 17-dekabr,
18-0602/1611-son