Xoʻjalik sudlari tomonidan 2013-2014-yillar mobaynida lizing shartnomasidan kelib chiqqan nizolarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
MAʼLUMOT
Oliy xoʻjalik sudining 2015-yillik ish rejasiga asosan 2013 — 2014-yillar mobaynida lizing shartnomasidan kelib chiqqan nizolarni koʻrish bilan bogʻliq xoʻjalik sudlari tomonidan taqdim etilgan (520 ta) xoʻjalik ishlari va ular yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
Mazkur toifadagi ishlar xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) hamda “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) va boshqa qonun hujjatlari asosida hal etilmoqda.
1. Lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda lizing beruvchi barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni yohud yetkazilgan zararni undirib va (yoki) lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etishga haqli.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi “UzMashLizing” ShK manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Teshaboy ishonchi” FXdan 11 900 978 soʻm asosiy qarz, 8 335 088 soʻm foiz va 5 494 007 soʻm penya undirishni, undiruvni garovga qoʻyilgan mulkka qaratishni hamda lizing shartnomasini bekor qilib, lizing obyektini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “UzMashLizing” ShK (lizing beruvchi) va “Teshaboy ishonchi” FX (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra lizing beruvchi “Dominator-130” rusumli bir dona gʻalla oʻrish kombaynini lizing shartlarida haq evaziga egalik qilish hamda foydalanish uchun kelgusida sotib olish huquqi bilan lizing oluvchiga berishi, lizing oluvchi esa qishloq xoʻjaligi texnikasini qabul qilib olishi, shartnomada belgilangan muddatlarda va miqdorda lizing toʻlovlarini toʻlab borish majburiyatini olgan.
Shuningdek, lizing beruvchi, lizing oluvchi va “Navoiy Traktor” MChJ oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan. Unga asosan lizing shartnomasida koʻrsatilgan majburiyatlarni taʼminlash maqsadida MChJ tomonidan “VT-150” rusumli, 2007-yilda ishlab chiqarilgan zanjirli traktor garovga qoʻyilgan.
Lizing shartnomasining ilovasida koʻrsatilgan grafik asosida lizing toʻlovlari har 6 (olti) oyda toʻlanishi belgilangan.
Ushbu shartnomaga binoan lizing beruvchi tomonidan 2010-yil 11-iyunda lizing obyekti tegishli tartibda lizing oluvchiga topshirilgan.
Biroq, lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasida belgilangan tartibda toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan va natijada lizing beruvchi oldidagi jami qarzdorligi 25 730 073 soʻmni tashkil etgan. Shu sababli lizing beruvchi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni toʻliq qanoatlantirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan. Chunki, Qonunning 11-moddasiga koʻra, lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni yoxud yetkazilgan zararni undirib va (yoki) lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etishga haqli ekanligi belgilangan.
Ushbu moddaning mazmunidan kelib chiqib, lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasi jiddiy tarzda buzilgan taqdirda, lizing beruvchi bir vaqtning oʻzida ham barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni, ham yetkazilgan zararni qoplashni, ham shartnomani bekor qilib, lizing obyektini qaytarishni talab etish huquqiga ega emas. Lizing beruvchi yoki barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni talab qilishi yoki yetkazilgan zararni undirib, lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.
Bunday holatda sud daʼvo talabining asosiy qarz, foiz va penya undirish qismini yoki lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini qaytarish qismini qanoatlantirishi lozim edi.
2. Lizing shartnomasi bekor boʻlgandagina, lizing obyektini lizing oluvchidan lizing beruvchiga qaytarib olib berishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Sulaymonbek” FXdan 6 668 843 soʻm asosiy qarz, 3 334 421 soʻm penya va yetkazib berilgan bir dona “TTZ-80.10” rusumli chopiq traktorini lizing kompaniyasiga qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, lizing kompaniyasi foydasiga FX hisobidan 4 610 483 soʻm asosiy qarz va 1 667 120 soʻm penya undirilgan. Daʼvo talabining “TTZ-80.10” rusumli chopiq traktorini lizing kompaniyasiga qaytarish haqidagi talabi rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan..
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Andijon viloyat filiali (lizing beruvchi) va “Qunduzxon opa” FX (lizing oluvchi) oʻrtasida 2006-yil 24-oktabrda lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra lizing beruvchi “TTZ-80.10” rusumli bir dona chopiq traktorni lizing shartlarida haq evaziga egalik qilish hamda foydalanish uchun kelgusida sotib olish huquqi bilan lizing oluvchiga berish, lizing oluvchi esa qishloq xoʻjaligi texnikasini qabul qilib olish, shartnoma belgilangan muddatlarda va miqdorda lizing toʻlovlarini toʻlab borish majburiyatini olgan.
Keyinchalik, 2009-yil 13-yanvarda lizing beruvchi, lizing oluvchi va “Sulaymonbek” FX oʻrtasida huquq va majburiyatdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqida shartnoma tuzilib, 2006-yil 24-oktabrdagi lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchining barcha huquq va majburiyatlari “Sulaymonbek” FXga oʻtgan. Mazkur shartnomaga koʻra, “TTZ-80.10” rusumli bir dona chopiq traktori texnikasini qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida “Sulaymonbek” FX qabul qilgan. FX ushbu texnikani qabul qilib olish bilan bir vaqtda shartnomada belgilangan miqdorda va muddatlarda toʻlovni amalga oshirishni oʻz zimmasiga olgan.
Biroq, FX tomonidan lizing shartnomasida belgilangan muddatda toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, uning lizing kompaniyasi oldidagi jami qarzdorligi 10 002 724 soʻmni tashkil etgan. Shu sababli daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ishni koʻrish jarayonida lizing beruvchi vakillari sudga maʼlumotnoma taqdim etib, unda FX tomonidan toʻlov qisman, yaʼni 2 058 000 soʻmga amalga oshirilganligini maʼlum qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida, yaʼni daʼvoning asosiy qarz va penya undirish haqidagi qismini qisman qanoatlantirib, daʼvo talabining yetkazib berilgan bir dona “TTZ-80.10” rusumli chopiq traktorni lizing beruvchiga qaytarish qismini rad etish haqida asosli xulosaga kelgan. Chunki, Qonun 11-moddasi birinchi qismi beshinchi xatboshisining mazmunidan kelib chiqadiki, lizing beruvchi lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etish huquqiga ega, yaʼni lizing beruvchi lizing shartnomasini bekor qilishni soʻramagan holda, lizing obyektini talab qila olmaydi.
Daʼvo arizasida lizing shartnomasini bekor qilish talabi qoʻyilmaganligi bois, sud lizing obyektini qaytarish toʻgʻrisidagi talabini qanoatlantirishni rad etib toʻgʻri xulosaga kelgan.
3. Lizing obyekti lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran u bilan bogʻliq yuzaga keladigan har qanday xavflar, shu jumladan, uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi va ushbu xavflar uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida lizing oluvchi javobgar boʻladi.
“Farhod-N” XK “Texno lizing” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, lizing shartnomasini bekor qilishni va shartnomaga asosan toʻlab berilgan lizing toʻlovlarini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Texno lizing” MChJ (lizing beruvchi) va “Farhod-N” XK (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnomada lizing beruvchi MChJ 1 dona “Neksiya” rusumli avtomashinani lizingga berishi, lizing oluvchi esa lizingga olingan avtomashina uchun lizing toʻlovlarini amalga oshirishi belgilangan. Shartnoma shartlari lizing beruvchi tomonidan toʻliq bajarilib, avtomashina lizing oluvchiga topshirish-qabul qilish dalolatnomasi asosida topshirilgan.
Biroq, baxtsiz hodisa roʻy berishi natijasida avtomashinadan foydalanish imkoniyati yoʻqotilgan. Baxtsiz xodisaga sabab boʻluvchi holatning yuzaga kelishida lizing oluvchining aybi boʻlmaganligi va avtomashinadan foydalanish imkoniyati umuman qolmaganligi uchun lizing oluvchi sudga daʼvo bilan murojaat qilgan.
Qonun 19-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra, lizing obyekti bilan bogʻliq barcha xavflar, shu jumladan, uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi. Xavflar lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar boʻladi.
Agar xavflar lizing beruvchidan lizing oluvchiga oʻtadigan vaqt lizing shartnomasida belgilangan boʻlmasa, xavflar lizing oluvchiga u lizing obyektini olgan daqiqadan eʼtiboran oʻtadi.
Shu bois, apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonun hujjatlariga muvofiq holda qabul qilinganligi sababli uni oʻzgarishsiz qoldirish haqida asosli xulosaga kelgan.
4. Sotuvchi lizing oluvchi tomonidan tanlangan boʻlib, lizing obyekti sotuvchining aybi bilan lizing oluvchiga lizing shartnomasida belgilangan muddatlarda yetkazib berilmagan hollarda, lizing beruvchi lizing oluvchi oldida javobgar boʻlmaydi.
“Dilmurod” FX javobgar “Gurlan” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, lizing shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Gurlan” MChJ (lizing beruvchi) va “Dilmurod” FX (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, lizing beruvchi 1 dona “TTZ-8011” rusumli traktor va 1 dona “VP-1” rusumli purkagichni lizingga berishi, lizing oluvchi esa traktor va purkagich uchun toʻlovni amalga oshirishi belgilangan. Lizing beruvchi lizing oluvchi tanlagan sotuvchi bilan lizing obyektlarini sotib olish uchun oldi-sotdi shartnomasini tuzgan. Ammo, lizing obyektlari sotuvchining aybi bilan shartnomada belgilangan muddatlarda yetkazib berilmagan, natijada lizing oluvchi lizing beruvchiga nisbatan sudga murojaat qilgan.
Qonun 24-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra, lizing beruvchi mol-mulkni yetkazib bermaganlik, toʻliq yetkazib bermaganlik, yetkazib berish muddatini oʻtkazib yuborganlik va tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni yetkazib berganlik uchun, agar bu uning aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli boʻlsa, lizing oluvchining oldida javobgar boʻladi.
Lizing beruvchi lizing oluvchi oldida lizing obyekti yuzasidan javobgar boʻlmaydi, lizing obyekti sotuvchisi va lizing obyektining oʻzi lizing beruvchi tomonidan tanlangan va lizing oluvchi shu tufayli zarar koʻrganligi isbotlangan hollar bundan mustasno.
Mazkur holatda lizing obyektlarini oʻz vaqtida yetkazib berilmasligida lizing beruvchining aybi yoʻqligi va sotuvchini lizing oluvchining oʻzi tanlaganligi sababli, birinchi instansiya sudi asosli ravishda Qonunning 24-moddasiga asosan daʼvoni rad etgan.
Shu sababli, apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
5. FKning 382-moddasiga muvofiq lizing shartnomasi bir taraflama oʻzgartirilishi mumkin emas. Shu sababli, shartnomada belgilangan toʻlovlar qiymati bir tarafning xohishi bilan oʻzgartirilmaydi.
Daʼvogar “Madina” XK javobgar “Azal lizing” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, lizing shartnomasida koʻrsatilgan shartlarda lizing obyektini lizing oluvchiga mulk huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Azal lizing” MChJ (lizing beruvchi) va “Madina” XK (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, lizing beruvchi Karmana shahri, Mustaqillik koʻchasida joylashgan qaxvaxona binosini lizingga berishi, lizing oluvchi esa lizingga olingan qaxvaxona binosi uchun avans pullarini toʻlab berib, qolgan toʻlovlarni toʻlov grafigiga asosan amalga oshirib borishi belgilangan.
Lizing oluvchi tomonidan avans pullari shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlab berilgan. Ammo lizing oluvchi toʻlov jadvalida belgilangan toʻlovlarni toʻliq amalga oshirishdan bosh torgan. Chunki lizing oluvchi qaxvaxonani ishga tushirgach, uning old fasad qismini oʻzgartirgan. Natijada qaxvaxona fasad qismini oʻzgartirish uchun 8 000 000 soʻm sarf-xarajat qilgan va ushbu sarf-xarajatni chegirib, shu miqdordagi lizing toʻlovlarini toʻlashdan bosh tortgan.
Shartnomada koʻrsatilgan lizing toʻlovlari toʻliq toʻlab berilmaganligi uchun lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga mulk huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirmagan.
Shu sababli, lizing oluvchi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida xulosaga kelishda FK 382-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga tayangan.
FK 382-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:
1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;
2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda.
FKning ushbu normalaridan koʻrinib turibdiki, shartnomani bir taraflama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mazkur holatda taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasiga hech qanday oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilmaganligi uchun lizing oluvchi shartnomada belgilangan toʻlovlarni toʻliq amalga oshirishga majbur.
Shu sababli apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida asosli xulosaga kelgan.
6. Moliyaviy ijara obyektini sotib olish, yetkazib berish yoki belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qoʻshiladi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa.
“DELTA LEASING” MChJ (lizing beruvchi) va “GREAT PRODUKT” MChJ (lizing oluvchi) oʻrtasida 2013-yil 11-martda lizing shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnomaga asosan lizing beruvchi tomonidan lizing oluvchi tanlagan - sotuvchi “Elyas Shateri Trading Co.” Eron kompaniyasidan texnologik uskuna sotib olingan va ushbu uskuna lizing oluvchiga lizing obyekti sifatida topshirilgan.
Shartnomaning 2.1-bandiga koʻra sotib olingan uskuna (lizing obyekti)ning qiymati 1 827 800 000 soʻmni tashkil qilgan.
Shuningdek, shartnomaning 7.2-bandiga binoan lizing obyektidan foydalanganligi uchun lizing oluvchi lizing beruvchiga 2 710 992 960 soʻm miqdordagi lizing toʻlovlarni toʻlov grafigida belgilangan muddatlarda toʻlab berish majburiyatini olgan.
Lizing oluvchi tomonidan majburiyatlar lozim darajada bajarilmaganligi sababli, 142 225 687 soʻm asosiy qarz, 118 499 647 soʻm foiz va 16 362 432 soʻm xarajatlar summasi toʻlanmagan.
Shu bois lizing beruvchi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, lizing oluvchidan ushbu summalarni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan va lizing oluvchidan 142 225 687 soʻm asosiy qarz, 118 499 647 soʻm foiz hamda 3 340 010 soʻm xarajatlar undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, 16 362 432 soʻm xarajatlar summasi bojxona omborxonasida uskuna saqlanganligi, temir yoʻl va bojxona brokeri xizmati, uskunani sugʻurtalash uchun toʻlangan pul mablagʻlaridan kelib chiqqan.
Qonun 22-moddasining birinchi qismiga koʻra, lizing toʻlovlari lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009-yil 24-aprelda 1946-son bilan roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi 6-son “Ijara hisobi” Buxgalteriya hisobi milliy standartining 14-bandiga asosan, ijara (lizing) toʻlovi bu-tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan ijaraga (lizingga) beruvchiga toʻlab beriladigan summasi.
Ushbu 6-son Buxgalteriya hisobi milliy standartining 31-bandiga koʻra, ijaraga beruvchi (lizing beruvchi) tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy ijara obyektini sotib olish, yetkazib berish yoki belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qoʻshiladi.
Mazkur holatda uskunani Oʻzbekiston hududiga olib kelish, uni bojxona omborida saqlash, bojxona organlarida rasmiylashtirish va sugʻurtalash bilan bogʻliq xarajatlar lizing obyektining qiymatiga qoʻshilmagan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasining 2.11.1-bandida lizing obyektining qiymatiga kiritilmagan va lizing beruvchi tomonidan moliyalashtirilgan xarajatlarni lizing beruvchi lizing obyektining qiymatiga qoʻshish va lizing toʻlovlar grafigiga oʻzgartirish kiritish yoki ushbu xarajatlarni qoplab berishni talab qilish huquqiga egaligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi ish koʻrish paytida ushbu holatlarni inobatga olmagan holda lizing beruvchi tomonidan moliyalashtirilgan xarajatlarni toʻliq undirmagan. Shu bois apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini oʻzgartirib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirilgan.
7. Agar shartnomada lizing obyektini yetkazish bilan bogʻliq xarajatlar va transport harajatlari lizing toʻlovlari boʻlib hisoblanishi nazarda tutilgan boʻlsa, lizing oluvchi ushbu xarajatlarni lizing toʻlovlari ichida toʻlab beradi.
“Proflizing” MChJ javobgar “Marjona” MChJga nisbatan sudga murojaat qilib, lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganligi uchun lizing obyektini yetkazib berish va transportirovka qilish bilan bogʻliq sarflangan 4 000 000 soʻm xarajatlarni undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Proflizing” MChJ (lizing beruvchi) va “Marjona” MChJ (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, lizing beruvchi lizing oluvchiga “Lasyetti” rusumli avtomobilni lizingga berishi, “Marjona” MChJ esa lizingga olingan avtomobil uchun lizing toʻlovlarini amalga oshirishi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi lizing obyektini yetkazib berish va transportirovka qilish bilan bogʻliq xarajatlar Qonun hujjatlarida lizing toʻlovlari tarkibiga kiritilmaganligiga asoslanib, daʼvoni qanoatlantirmasdan qoldirgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talablarini qanoatlantirgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi qarorni qabul qilishda lizing shartnomasining 4.1-bandiga hamda FK 354-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga asoslangan. Shartnomaning 4.1-bandida lizing obyektini yetkazib berish va transportirovka qilish bilan bogʻliq xarajatlar ham lizing toʻlovlari ichiga kirishi toʻgʻrisida kelishuv belgilangan.
FK 354-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga koʻra, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Taraflar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishlari mumkin.
Shu sababli apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talablarini qanoatlantirish haqida toʻgʻri qaror qabul qilgan.
8. Lizing munosabatlarining lizing toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismlari FKning oldi-sotdi va ijara haqidagi umumiy qoidalari bilan tartibga solinadi. FK 422-moddasining uchinchi qismiga koʻra sotib oluvchi haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan va oʻziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi toʻlovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va sotilgan tovarni qaytarishni talab qilishga haqli, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchidan olingan toʻlovlar summasi tovar bahosining uchdan ikki qismidan ortiq boʻlgan hollar bundan mustasno.
“Lizing Bussines” ShK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Orzu” XKdan 14 000 000 soʻm asosiy qarz, 9 000 000 soʻm foiz va 6 000 000 soʻm penya undirishni hamda lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Lizing Bussines”ShK (lizing beruvchi) va “Orzu” XK (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra lizing beruvchi “Dominator-130” rusumli bir dona gʻalla oʻrish kombaynini lizing shartlarida haq evaziga egalik qilish hamda foydalanish uchun berish, lizing oluvchi esa qishloq xoʻjaligi texnikasini qabul qilib olish, shartnoma belgilangan muddatlarda va miqdorda lizing toʻlovlarini toʻlab borish majburiyatini olgan.
Lizing shartnomasiga koʻra lizing toʻlovlari 110 000 000 soʻmni, shu jumladan 90 000 000 soʻm lizing obyektining qiymati, 20 000 000 soʻm esa foizlarni tashkil qilgan.
Lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasida belgilangan tartibda toʻlovlar amalga oshirilmagan. Yaʼni, lizing oluvchi tomonidan 87 000 000 soʻm toʻlab berilgan boʻlib, qolgan 23 000 000 soʻmni toʻlanmagan. Shu sababli lizing beruvchi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
FK 422-moddasining uchinchi qismiga koʻra, sotib oluvchi haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan va oʻziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi toʻlovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va sotilgan tovarni qaytarishni talab qilishga haqli, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchidan olingan toʻlovlar summasi tovar bahosining uchdan ikki qismidan ortiq boʻlgan hollar bundan mustasno ekanligi belgilangan.
Mazkur holatda lizing oluvchi lizing obyekti uchun toʻlanishi lozim boʻlgan summaning uchdan ikki qismidan ortiq boʻlgan qismini amalga oshirgan.
Bunday holatda daʼvo talabining asosiy qarz, foiz va penya undirish qismi qanoatlantirilib, daʼvo talabining lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini qaytarish qismi rad etilishi lozim edi.
9. Lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, lizing oluvchi lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va oʻzi ilgari avans sifatida toʻlagan toʻlovlarni qaytarib berishni talab qilish huquqiga ega.
“Nishon” XK “Lizing Bussines” ShKga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasini bekor qilish va oldindan toʻlangan avans summasini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Lizing Bussines” ShK (lizing beruvchi) va “Nishon” XK (lizing oluvchi) oʻrtasida 2013-yil 25-noyabrda lizing shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaga koʻra lizing beruvchi “ORPD-12m” rusumli qishloq xoʻjalik texnikasini kelgusida sotib olish huquqi bilan haq evaziga egalik qilish hamda foydalanish uchun lizing oluvchiga berishi, lizing oluvchi esa qishloq xoʻjaligi texnikasini qabul qilib olishi, shartnoma belgilangan muddatlarda va miqdorda lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatini olgan. Lizing shartnomasiga asosan lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Sotuvchi va lizing obyekti lizing beruvchi tomonidan tanlangan.
Shartnomaning 6.4-bandida shartnoma obyekti boʻlgan texnika vositasi sotuvchi tomonidan bevosita lizing oluvchiga u turgan manzilga yetkazilishi va topshirilishi belgilangan.
Lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasida belgilangan avans (boʻnak) pullari oʻz vaqtida amalga oshirilgan boʻlsada, sotuvchi lizing shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda lizing obyektini lizing oluvchiga topshirmagan.
Shu sababli, lizing oluvchi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishda FK 592-moddasi va “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun 12-moddasining birinchi qismiga tayangan. Chunki FK 592-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu shartnoma obyekti boʻlgan mol-mulk sotuvchi tomonidan bevosita lizing oluvchiga u turgan joyda topshiriladi.
Agar lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulk shu shartnomada koʻrsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oqilona muddatda lizing oluvchiga topshirilmagan boʻlsa, lizing beruvchi javobgar boʻladigan holatlar tufayli muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, lizing oluvchi shartnomani bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
“Lizing toʻgʻrisida”gi Qonun 12-moddasining birinchi qismiga binoan lizing oluvchi lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing shartnomasining bekor qilinishini talab etish, lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, oʻzi ilgari avans sifatida toʻlagan toʻlovlarni lizing obyektidan foydalanishdan olingan foydaning qiymatini chegirib tashlagan holda, qaytarib berishni talab qilish huquqiga ega.
Mazkur holatda, apellatsiya instansiyasi sudi sotuvchi lizing beruvchi tomonidan tanlanganligi va lizing obyekti oʻz vaqtida lizing oluvchiga topshirilmaganligida lizing beruvchini ham aybdor deb hisoblab, yuqoridagi qonun hujjatlariga tayangan holda daʼvoni qanoatlantirishni lozim topgan.
10. Lizing oluvchi tomonidan shartnomada belgilangan lizing toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, lizing beruvchi shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni soʻrab sudga murojaat qilganda, lizing oluvchi hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar toʻlanmagan lizing toʻlovlarini toʻliq toʻlab bersa, sud shartnomani muddatidan oldin bekor qilmasdan, balki nizo bartaraf etilganligi uchun daʼvoni qanoatlantirishni rad etishi lozim.
Daʼvogar “Barlos lizing” MChJ javobgar “Dunyo-M” xususiy korxonasiga nisbatan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, lizing shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirishni rad etgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Barlos lizing” MChJ (lizing beruvchi) va “Dunyo-M” XK (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra lizing beruvchi 2 dona “Damas” rusumli avtomobilni lizingga berishi, lizing oluvchi esa lizingga olingan avtomobillar uchun avans pullarini toʻlab berib, qolgan toʻlovlarni toʻlov grafigiga asosan amalga oshirib borishi belgilangan.
Lizing oluvchi tomonidan avans pullari shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlab berilgan boʻlsada, toʻlov jadvalida belgilangan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Natijada daʼvogar javobgarga talabnoma bilan murojaat qilib, toʻlanmay kelinayotgan lizing toʻlovlarini amalga oshirishni soʻragan.
Qonun 11-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshiga koʻra, lizing beruvchi lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni yoxud yetkazilgan zararni undirib va (yoki) lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
Daʼvogarning daʼvo arizasi sudda koʻrib chiqilayotganda, javobgar barcha lizing toʻlovlarini daʼvogarga toʻlab bergan.
Birinchi instansiya sudi javobgar daʼvogarga toʻlab berilishi lozim boʻlgan barcha lizing toʻlovlarini toʻlab berganligini inobatga olib, Qonun 11-moddasining birinchi qismini qoʻllashni maqsadga muvofiq emas deb hisoblab, asosli ravishda daʼvoni qanoatlantirishni rad etgan. Chunki daʼvogarning talabi lizing toʻlovlari toʻlab berilmaganligidan kelib chiqqan. Javobgar esa, toʻlab berilishi lozim boʻlgan lizing toʻlovlarini daʼvogarga toʻlab berib, nizoli holatni bartaraf etgan.
Shu bois, apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
11. Lizing shartnomasining obyekti koʻchmas mulk boʻlganda, bunday shartnoma albatta davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart. Aks holda shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan shartnoma hisoblanadi. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilinganda, bunday talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi “Qishloq qurilish bank” OATB manfaatida javobgar “Igama-Ayu” MChJga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2010-yil 19-noyabrdagi lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni va 547 824 248 soʻm lizing toʻlovlari boʻyicha asosiy qarzni, 89 690 452 soʻm lizing foizlarini, jami 637 544 700 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Qishloq qurilish bank” OATB Margʻilon filiali (lizing beruvchi) va “Igama-Ayu” MChJ (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Shartnomaning 1.2-bandiga koʻra lizing beruvchi tomonidan Fargʻona shahri, Qoshgʻar koʻchasi, 1-uyda joylashgan bino va inshootlar (toʻyxona zali, ovqatlanish xonalari, yordamchi va xoʻjalik binolari), shuningdek ushbu bino ichidagi jihozlarni lizing oluvchiga lizingga berilishi, lizing oluvchi tomonidan esa bino va inshoatlar hamda bino ichidagi jihozlar uchun shartnomada belgilangan lizing toʻlovlarini amalga oshirishi belgilangan.
Lizing oluvchi shartnoma shartlarini jiddiy tarzda buzgan holda, unda belgilangan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmagan. Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi lizing beruvchi manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni va lizing toʻlovlarini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan. Daʼvogar daʼvoning 637 544 700 soʻm lizing toʻlovlarini undirish qismidan voz kechganganligi sababli, sud daʼvodan voz kechishni qabul qilib, daʼvo talabining bu qismi boʻyicha ish yuritishni tugatgan.
Sud lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisida notoʻgʻri xulosaga kelgan. Sud lizing shartnomasi 5 yil muddatga tuzilgan boʻlib, ishda u davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi dalillar mavjud emasligiga eʼtibor bermagan.
Vaholanki, Qonun 7-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi talab etiladigan lizing obyektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lizing beruvchining yoki lizing oluvchining nomiga rasmiylashtiriladi.
FK 84-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan koʻchmas mulkka egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ huquq egasining iltimosiga koʻra amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazishni, roʻyxatdan oʻtkazilgan huquq yoki bitim toʻgʻrisida hujjat berish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozish yoʻli bilan tasdiqlashi shart.
FK 111-moddasining birinchi qismiga koʻra, yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mol-mulk bilan bogʻliq bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
FK 539-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga moʻljallangan boʻlsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs boʻlgan hollarda esa, muddatidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
FK 112-moddasining birinchi qismiga binoan bitimning notarial shakliga yoki uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
Lizing shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligi va shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan shartnoma hisoblanganligi sababli, sud daʼvo talabining shartnomani muddatidan oldin bekor qilish qismini rad etishi lozim edi.
12. Lizing shartnomasi bajarilishining taʼminoti sifatida kafillik shartnomasi tuzilgan boʻlib, lizing oluvchi shartnomada belgilangan oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganda, lizing beruvchi vujudga kelgan qarzdorlikni va hisoblangan neustoykani solidar tartibda undirish toʻgʻrisida talab bilan murojaat qilsa, sud qarzdorlik va neustoykani lizing oluvchi va kafildan solidar tartibda undiradi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi “Oʻzmashlizing” ShK (lizing beruvchi) manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Chust Agrotexservis MTP” MChJ (lizing oluvchi) va “Chust Avtotexxizmat-N” (kafil) MChJdan solidar tartibda 71 973 200 soʻm lizing toʻlovlari va 12 091 497 soʻm penya undirishni soʻragan.
“Chust Avtotexxizmat-N” MChJ ish koʻrilishi jarayonida qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2011-yil 8-apreldagi 11/030, 11/031-sonli, va 2012-yil 29-maydagi 12/083-sonli kafillik shartnomalarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Oʻzmashlizing” ShK foydasiga “Chust Agrotexservis MTP” MChJ va “Chust Avtotexxizmat-N” MChJ hisobidan solidar tartibda 49 658 220 soʻm lizing toʻlovlari va 3 000 000 soʻm penya undirilgan. Shuningdek, respublika budjetiga “Chust Agrotexservis MTP” MChJ va “Chust Avtotexxizmat-N” MChJ hisobidan solidar tartibda 840 647 soʻm davlat boji undirilgan. “Chust Avtotexxizmat-N” MChJning qarshi daʼvosini qanoatlantirish rad etilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Oʻzmashlizing” ShK va “Chust Agrotexservis MTP” MChJ oʻrtasida 2011-yil 1-aprelda 11/07-016, 11/07-017, 11/07-018, 11-07-019 va 2012-yil 15-mayda 12/07-023-sonli lizing shartnomalari tuzilgan. Ushbu shartnomalarga koʻra, “Oʻzmashlizing” ShK “Chust Agrotexservis MTP” MChJga 5 dona “Dominator-130” rusumli gʻalla oʻradigan kombaynlarni lizingga bergan. Barcha lizing shartnomalari shartlari bajarilishining taʼminoti sifatida “Oʻzmashlizing” ShK, “Chust Agrotexservis MTP” MChJ va “Chust Avtotexxizmat-N” MChJ oʻrtasida 2011-yil 8-aprelda 11/030, 11/031, 11/032, 11/033 va 2012-yil 29-mayda 12/083-sonli kafillik shartnomalari tuzilgan.
Birinchi instansiya sudi qarzdorlik qisman toʻlab berilganligidan kelib chiqib, asosli ravishda lizing oluvchi “Chust Agrotexservis MTP” MChJ va kafil “Chust Avtotexxizmat-N” MChJdan 49 658 220 soʻm lizing toʻlovlari va 3 000 000 soʻm penyani solidar tartibda undirish va qarshi daʼvoda bildirilgan talablar asoslab berilmaganligi uchun uni qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan. Chunki lizing oluvchi va kafil oʻrtasida tuzilgan barcha (5 ta) kafillik shartnomalarining 1.1-bandida lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil lizing beruvchi oldida lizing oluvchi bilan birgalikda solidar javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi belgilangan.
Bundan tashqari, daʼvo arizasida undirilishi soʻralayotgan asosiy qarz va penya toʻliq tarzda lizing oluvchi va kafildan solidar tartibda undirish soʻralgan.
FK 293-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra, qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.
Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar toʻlaydi, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi.
Ammo apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini oʻzgartirib, qarorda asossiz ravishda kafil faqat 3 ta kafillik shartnomasi boʻyicha solidar javobgar hisoblanishini koʻrsatib, daʼvogar foydasiga “Chust Agrotexservis MTP” MChJ va “Chust Avtotexxizmat-N” MChJ hisobidan 29 937 240 soʻm lizing toʻlovlari va 1 800 000 soʻm penya solidar tartibda undirgan boʻlsa, “Chust Agrotexservis MTP” MChJ hisobidan daʼvogar foydasiga 19 720 979 soʻm lizing toʻlovlari va 1 200 000 soʻm penya undirishni lozim topgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonun hujjatlariga muvofiq holda qabul qilinganligi uchun oʻzgarishsiz qoldirishi lozim edi.
13. Lizing toʻlovlarini lizing oluvchi va kafildan solidar tartibda undirish toʻgʻrisida talab qoʻyilganda, qarzdorlikni ixtiyoriy toʻlash toʻgʻrisidagi talabnoma lizing oluvchidan tashqari kafilga ham yuborilgan boʻlishi lozim (agar kafillik shartnomasida talabnoma yuborish nazarda tutilgan boʻlsa). Aks holda, kafilga nisbatan daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Vobkent agrotexservis MTP” MChJ va kafil “Saripul” MChJdan 84 113 343 soʻm lizing toʻlovi va 15 131 702 soʻm penya, jami 99 245 045 soʻmni solidar tartibda undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Buxoro viloyat filiali (lizing beruvchi) va “Vobkent agrotexservis MTP” MChJ (lizing oluvchi) oʻrtasida 2011-yil 27-mayda va 2011-yil 4-avgustda lizing shartnomalari tuzilgan. Mazkur shartnomalarga koʻra, lizing beruvchi 1 dona “Tucano-430” rusumli gʻalla oʻrish kombayini va 1 dona “AXION-850” rusumli traktorni lizingga berishi, lizing oluvchi esa lizingga olingan texnika vositalari uchun shartnomada belgilangan lizing toʻlovlarini amalga oshirishi belgilangan.
Lizing shartnomalarida belgilangan majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida 2011-yil 27-mayda kafillik shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnomalarga asosan lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini bajarmaganda, kafil “Saripul” MChJ lizing oluvchining majburiyatlarini bajarishni oʻz zimmasiga olgan. Ushbu shartnomaning 2.2.1-bandida lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasi majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda, lizing beruvchi kafilga lizing oluvchining majburiyatlarini bajarish toʻgʻrisida yozma talabnoma yuborishi shartligi belgilangan.
Lizing oluvchi lizing shartnomasida belgilangan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganligi sababli, lizing toʻlovlaridan 84 113 343 soʻm qarz boʻlib qolgan. Lizing toʻlovlari shartnomada belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganligi uchun 15 131 702 soʻm penya hisoblangan. Lizing beruvchi lizing oluvchiga talabnoma yuborib, lizing toʻlovlari va hisoblangan penyani ixtiyoriy toʻlab berishni soʻragan. Ammo, talabnoma lizing oluvchi tomonidan oqibatsiz qoldirilgan.
Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi lizing beruvchi manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, lizing toʻlovlari va penyani lizing oluvchi va kafildan solidar tartibda undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo talablarini qisman qanoatlantirib, lizing oluvchidan jami 86 385 599 lizing toʻlovlari, penya va pochta xarajatlarini undirgan. Kafil “Saripul” MChJga nisbatan daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan.
Sudning bunday xulosaga kelishiga kafillik shartnomasida lizing oluvchi lizing shartnomasida belgilangan oʻz majburiyatlarini bajarmaganda, lizing beruvchi lizing oluvchining majburiyatlarini bajarish toʻgʻrisida kafilga talabnoma yuborishi belgilab qoʻyilgan boʻlsada, kafillik shartnomasining ushbu shartlari bajarilmaganligi asos boʻlgan.
XPK 88-moddasining 5-bandiga asosan daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan, bu esa shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi.
14. Lizing oluvchi va bankrot deb topilgan kafilga nisbatan lizing beruvchi tomonidan yoki uning manfaatida qarzdorlikni solidar tartibda undirishni soʻrab daʼvo berilganda, daʼvoning kafilga nisbatan qismi boʻyicha XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritish tugatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK manfaatida javobgar “Olimjon” FX va “Zaynab” XKga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlardan 1 373 300 soʻm lizing toʻlovlarini, 604 252 soʻm penyani undirishni va lizing shartnomasini bekor qilib, lizing obyektini qaytarishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Navoiy viloyat filiali (lizing beruvchi) va “Olimjon” fermer xoʻjaligi (lizing oluvchi) oʻrtasida 2007-yil 17-yanvarda lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, lizing beruvchi 1 dona TTZ-8010 rusumli traktorni lizingga berishi, lizing oluvchi esa lizingga olingan traktor uchun shartnomada belgilangan lizing toʻlovlarini amalga oshirishi belgilangan. Lizing shartnomasida belgilangan majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida 2007-yil 13-fevralda kafillik shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaga asosan lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini bajarmaganda, kafil “Zaynab” xususiy korxonasi lizing oluvchining majburiyatlarini bajarishni oʻz zimmasiga olgan.
Lizing oluvchi shartnomada belgilangan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmasdan lizing toʻlovlaridan 1 373 300 soʻm qarz boʻlib qolgan. Lizing toʻlovlari shartnomada belgilangan muddatlarda amalga oshirmaganligi uchun 604 252 soʻm penya hisoblangan. Lizing beruvchi lizing oluvchiga talabnoma yuborib, lizing toʻlovlari va hisoblangan penyani ixtiyoriy toʻlab berishni soʻragan. Ammo, talabnoma lizing oluvchi tomonidan oqibatsiz qoldirilgan.
Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi lizing beruvchi manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo talablarini qisman qanoatlantirib, taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasini bekor qilgan va lizing obyekti daʼvogarga qaytarilgan. Ish koʻrilishi jarayonida lizing toʻlovlari boʻyicha qarz qisman, yaʼni 500 000 soʻmga toʻlab berilganligi inobatga olinib, lizing toʻlovlari 873 300 soʻmga va penya 181 275 soʻmga qanoatlantirilgan. Kafilga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Birinchi instansiya sudi Qonun 11-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisiga zid ravishda lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, lizing obyektini daʼvogarga qaytarish bilan bir paytda asosiy qarz va penyani ham qisman undirib xatolikka yoʻl qoʻygan. Ammo, kafilga nisbatan ish yuritishni tugatib toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 27-yanvardagi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini xoʻjalik sudlari tomonidan qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 6-bandiga koʻra, Qonunning 10-moddasiga asosan xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas. Agar bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgandan keyin qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza berilgunga qadar paydo boʻlgan qarzni undirish haqida kreditordan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi tushgan boʻlsa, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq daʼvo arizasini qabul qilish rad etiladi. Agar koʻrsatilgan holatlar daʼvo ariza (ariza) ish yurituvga qabul qilingandan keyin aniqlansa, u holda XPKning 86-moddasi 1-bandiga asosan ish boʻyicha ish yuritish tugatiladi.
15. Sud XPK 38-moddasining birinchi qismiga asosan dastlabki daʼvogarni ishga daxldor daʼvogar bilan almashtirsa, dastlabki daʼvogar ishda ishtirok etuvchi shaxslar doirasidan chiqib ketadi va unga nisbatan ish yuritishni tugatish zarurati qolmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Buxoro viloyat filiali manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Zar Muhammad Nigor” FXdan 34 963 540 soʻm asosiy qarz, 15 858 342 soʻm penya, jami 50 821 882 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Buxoro viloyat filiali (lizing beruvchi) va “Zar Muhammad Nigor” fermer xoʻjaligi (lizing oluvchi) oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, lizing beruvchi 1 dona “MXM-140” rusumli traktorni lizingga berishi, lizing oluvchi esa lizingga olingan texnika vositasi uchun shartnomada belgilangan lizing toʻlovlarini amalga oshirishi belgilangan.
Lizing oluvchi lizing shartnomasida belgilangan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganligi sababli lizing toʻlovlaridan 34 963 540 soʻm qarz vujudga kelgan. Lizing toʻlovlari shartnomada belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganligi uchun 15 858 342 soʻm penya hisoblangan.
Lizing beruvchi lizing oluvchiga talabnoma yuborib, lizing toʻlovlari va hisoblangan penyani ixtiyoriy toʻlab berishni soʻragan. Biroq, talabnoma oqibatsiz qoldirilgan.
Shu sababli, daʼvogar “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Buxoro viloyat filiali manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan XPKning 38-moddasiga asosan “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Buxoro viloyat filiali “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AKga almashtirilgan.
Sud daʼvoni qisman qanoatlantirib, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Buxoro viloyat filialiga nisbatan ish yuritishni tugatgan.
Vaholanki, sudning ajrimi bilan daʼvo taqdim etish huquqiga ega boʻlmagan daxldor daʼvogar bilan almashtirilgan. Sudning bunday ajrim chiqarganligining oʻzi filialni ishda ishtirok etuvchi shaxslar doirasidan chiqib ketishiga olib keladi. Shu sababli, hal qiluv qarori bilan “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Buxoro viloyat filialiga nisbatan ish yuritishni tugatilishiga hojat qolmaydi.
16. XPKning 92-moddasiga asosan mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha daʼvoning bahosi shu mol-mulkning qiymatiga qarab aniqlanadi.
“Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK (lizing beruvchi) va “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJ Muborak filiali (lizing oluvchi) oʻrtasida 2012-yil 28-fevralda 12/05-5-244-sonli lizing shartnomasi tuzilgan va unga koʻra lizing beruvchi lizing oluvchiga 7 dona qiymati 311 851 841 soʻmlik “TTZ-80.11” rusumli texnika (traktor)ni 7 yil muddatga 371 484 190 soʻmlik lizing toʻlovlarni jadval asosida toʻlash sharti bilan lizingga bergan.
Shuningdek, taraflar oʻrtasida 2012-yil 28-fevralda 12/05-5-245-sonli lizing shartnomasi tuzilgan va unga koʻra lizing beruvchi lizing oluvchiga 1 dona qiymati 42 641 045 soʻmlik “TTZ-80.10” rusumli texnika (traktor)ni 7 yil muddatga 50 782 533 soʻmlik lizing toʻlovlarni jadval asosida toʻlash sharti bilan lizingga bergan.
Biroq, lizing oluvchi tomonidan oʻz majburiyati lozim darajada bajarilmaganligi sababli 87 467 000 soʻm miqdordagi lizing toʻlovlari summasi toʻlanmasdan qolgan.
Shu bois Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi lizing beruvchi manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomalarini bekor qilish va lizing obyekti boʻlgan 8 dona traktorlarni lizing beruvchiga qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sudning ijro varaqasi berilgan.
Ijro jarayonida taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilgan va unda lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomalari boʻyicha 206 000 000 soʻm miqdorda lizing toʻlovlari toʻlanganligi bois, lizing beruvchi daʼvosidan voz kechishi, lizing oluvchi esa lizing toʻlovlarini shartnomada belgilangan toʻlov grafigi asosida toʻlab borish majburiyatini olishi, lizing oluvchi tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, lizing beruvchi lizing shartnomalarini bir tomonlama bekor qilish va lizing obyektini qaytarib olish huquqini oʻzida saqlab qolishi belgilangan.
Lizing oluvchi sudga ariza bilan murojaat qilib, ushbu kelishuv bitimini tasdiqlab berishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan kelishuv bitimini tasdiqlash rad etilgan va bunga asos qilib kelishuv bitimi shartli tuzilganligi koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, ajrimning xulosa qismida ushbu ajrim ustidan shikoyat qilinishi mumkinligi koʻrsatilgan.
Sud ishni koʻrishda protsessual xatolikka yoʻl qoʻygan.
Xususan, daʼvogarning talabi ikkitadan iborat boʻlib, birinchisi- nomulkiy tusga ega, ikkinchisi esa mulkiy tusga egadir. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga binoan nomulkiy talab uchun eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida, mulkiy talablar uchun - daʼvo bahosining 1 foizi miqdorida davlat boji toʻlanadi. Mazkur xolatda shartnomalarni bekor qilish talabi uchun har bir shartnoma boʻyicha eng kam ish hakining 10 barobari miqdorida, yaʼni 1 922 100 soʻm (96 105 x 10 x 2) va qiymati 354 492 886 soʻmlik 8 dona lizing obyekti boʻlgan traktorlarni qaytarish haqidagi talab uchun 3 544 929 soʻm (354 492 886 x 1%), jami 5 467 029 soʻm miqdorda davlat boji undirilishi lozim edi. Biroq birinchi instansiya sudi davlat bojini faqat daʼvoning nomulkiy talabidan kelib chiqib undirgan.
Bundan tashqari, XPK 172-moddasining birinchi qismiga koʻra xoʻjalik sudining ajrimlari ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
XPKda kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkinligi nazarda tutilmagan.
17. Qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomalari bekor qilinganda, bekor qilingan shartnomalar boʻyicha taraflarning majburiyatlari saqlanib qolishi haqidagi kelishuv bitimi noqonuniy hisoblanadi va u tasdiqlanmaydi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK (lizing beruvchi) manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Malika Xolmamat qizi” FX (lizing oluvchi) dan 9 601 000 soʻm asosiy qarz va 3 650 000 soʻm penya undirishni hamda lizing shartnomasini bekor qilib, lizing obyektlarini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan lizing shartnomasi bekor qilingan, “TTZ-80.11” va “TTZ-80.10” rusumli traktorlari lizing kompaniyasiga qaytarilib, lizing kompaniyasi foydasiga FX hisobidan 9 601 000 soʻm asosiy qarz va 438 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvo talabining qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” AK Qashqadaryo viloyat filiali va “Malika Xolmamat qizi”FX oʻrtasida 2005-yil 22-noyabrda va 2010-yil 2-martda lizing shartnomalari tuzilgan. Mazkur shartnomalarga koʻra lizing beruvchi “TTZ-80.11” va “TTZ-80.10” rusumli traktorlarni lizing shartlarida haq evaziga egalik qilish hamda foydalanish uchun kelgusida sotib olish huquqi bilan lizing oluvchiga berish, lizing oluvchi esa qishloq xoʻjaligi texnikasini qabul qilib olish, shartnoma belgilangan muddatlarda va miqdorda lizing toʻlovlarini toʻlab borish majburiyatini olgan.
Ushbu shartnomalar shartlariga koʻra lizing beruvchi tomonidan qabul qilish va topshirish dalolatnomasiga asosan “TTZ-80.11” va “TTZ-80.10” rusumli traktorlar lizing oluvchiga topshirilgan.
Biroq lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasida belgilangan muddatda toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi natijasida lizing oluvchining lizing beruvchi oldidagi jami qarzdorligi 13 251 000 soʻmni tashkil etgan. Shu sababli daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvoning asosiy qarz qismini 9 601 000 soʻmga, FXning iqtisodiy ahvolini inobatga olib, talab qilingan 3 650 000 soʻm penyani 438 000 soʻmga qanoatlantirish, daʼvo talabining lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektlarini qaytarish qismi qanoatlantirilgan.
Keyinchalik, lizing oluvchi sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, lizing beruvchi va lizing oluvchi oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlab berishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlanib, xoʻjalik ishi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Kelishuv bitimiga koʻra, taraflar shartnomaviy majburiyatlarni bajarishni davom ettirish, lizing oluvchi tomonidan majburiyatlar tegishli ravishda bajarilmagan taqdirda, lizing beruvchi keyinchalik shartnomalarni bir tomonlama bekor qilish va lizing obyektlarini qaytarib olish huquqini oʻzida saqlab qolishiga kelishilgan.
FKning 385-moddasiga koʻra, shartnoma bekor qilinganida taraflarning majburiyatlari bekor boʻladi. Shartnoma oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan taqdirda, agar kelishuvdan yoki shartnomani oʻzgartirish xususiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, taraflar shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga kelishgan paytdan boshlab, shartnoma sud tartibida oʻzgartirilgan yoki bekor qilinganida esa - sudning shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab majburiyatlar oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.
Sudning hal qiluv qarori bilan daʼvo talabining taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomalari bekor qilingan va ushbu hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan. Shu bois, ushbu shartnomalar boʻyicha majburiyatlar ham bekor boʻlgan. Shuning uchun majburiyatlar saqlanib qolinishi haqidagi kelishuv noqonuniy hisoblanadi.
Bundan tashqari, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi shartli ravishda tuzilgan. Yaʼni, kelishuv bitimining 3.1-bandiga koʻra fermer xoʻjaligi tomonidan lizing shartnomalarda belgilangan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, lizing beruvchi fermer xoʻjaligi bilan lizing shartnomasi bir tomonli bekor qilish va lizing obyektlarini qaytarib olish huquqini lizing kompaniyasi oʻzida saqlab qolishiga kelishilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining qoʻllanilishi haqida”gi 204-son qarorining 7-bandi ikkinchi xatboshisiga koʻra, shartli tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Shu bois, birinchi instansiya sudi tomonidan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlab, xoʻjalik ishi boʻyicha ish yuritishni tugatish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Sud amaliyotini umumlashtirish natijalari boʻyicha quyidagi tavsiyalar beriladi.
Xoʻjalik sudlari sudyalari:
lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda lizing beruvchi barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni yohud yetkazilgan zararni undirib va (yoki) lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etishga haqliligiga;
lizing shartnomasi bekor boʻlgandagina, lizing obyektini lizing oluvchidan lizing beruvchiga qaytarib olib berishga yoʻl qoʻyilishiga;
lizing obyekti lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran u bilan bogʻliq yuzaga keladigan har qanday xavflar, shu jumladan, uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtishiga va ushbu xavflar uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida lizing oluvchi javobgar boʻlishiga;
sotuvchi lizing oluvchi tomonidan tanlangan boʻlib, lizing obyekti sotuvchining aybi bilan lizing oluvchiga lizing shartnomasida belgilangan muddatlarda yetkazib berilmagan hollarda, lizing beruvchi lizing oluvchi oldida javobgar boʻlmasligiga;
FKning 382-moddasiga muvofiq lizing shartnomasi bir taraflama oʻzgartirilishi mumkin emas. Shu sababli, shartnomada belgilangan toʻlovlar qiymati bir tarafning xohishi bilan oʻzgartirilmasligiga;
moliyaviy ijara obyektini sotib olish, yetkazib berish yoki belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qoʻshilishiga, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa;
agar shartnomada lizing obyektini yetkazish bilan bogʻliq xarajatlar va transport harajatlari lizing toʻlovlari boʻlib hisoblanishi nazarda tutilgan boʻlsa, lizing oluvchi ushbu xarajatlarni lizing toʻlovlari ichida toʻlab berilishiga;
lizing munosabatlarining lizing toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismlari FKning oldi-sotdi va ijara haqidagi umumiy qoidalari bilan tartibga solinadi. FK 422-moddasining uchinchi qismiga koʻra sotib oluvchi haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan va oʻziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi toʻlovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va sotilgan tovarni qaytarishni talab qilishga haqli, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchidan olingan toʻlovlar summasi tovar bahosining uchdan ikki qismidan ortiq boʻlgan hollar bundan mustasnoligiga;
lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, lizing oluvchi lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va oʻzi ilgari avans sifatida toʻlagan toʻlovlarni qaytarib berishni talab qilish huquqiga egaligiga;
lizing oluvchi tomonidan shartnomada belgilangan lizing toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, lizing beruvchi shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni soʻrab sudga murojaat qilganda, lizing oluvchi hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar toʻlanmagan lizing toʻlovlarini toʻliq toʻlab bersa, sud shartnomani muddatidan oldin bekor qilmasdan, balki nizo bartaraf etilganligi uchun daʼvoni qanoatlantirishni rad etishi lozimligiga;
lizing shartnomasining obyekti koʻchmas mulk boʻlganda, bunday shartnoma albatta davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart. Aks holda shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan shartnoma hisoblanadi. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan lizing shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilinganda, bunday talabni qanoatlantirish rad etilishiga;
lizing shartnomasi bajarilishining taʼminoti sifatida kafillik shartnomasi tuzilgan boʻlib, lizing oluvchi shartnomada belgilangan oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganda, lizing beruvchi vujudga kelgan qarzdorlikni va hisoblangan neustoykani solidar tartibda undirish toʻgʻrisida talab bilan murojaat qilsa, sud qarzdorlik va neustoykani lizing oluvchi va kafildan solidar tartibda undirishiga;
lizing toʻlovlarini lizing oluvchi va kafildan solidar tartibda undirish toʻgʻrisida talab qoʻyilganda, qarzdorlikni ixtiyoriy toʻlash toʻgʻrisidagi talabnoma lizing oluvchidan tashqari kafilga ham yuborilgan boʻlishi lozim (agar kafillik shartnomasida talabnoma yuborish nazarda tutilgan boʻlsa). Aks holda, kafilga nisbatan daʼvo koʻrmasdan qoldirilishiga;
lizing oluvchi va bankrot deb topilgan kafilga nisbatan lizing beruvchi tomonidan yoki uning manfaatida qarzdorlikni solidar tartibda undirishni soʻrab daʼvo berilganda, daʼvoning kafilga nisbatan qismi boʻyicha XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritish tugatilishiga;
sud XPK 38-moddasining birinchi qismiga asosan dastlabki daʼvogarni ishga daxldor daʼvogar bilan almashtirsa, dastlabki daʼvogar ishda ishtirok etuvchi shaxslar doirasidan chiqib ketishiga va unga nisbatan ish yuritishni tugatish zarurati qolmasligiga;
XPKning 92-moddasiga asosan mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha daʼvoning bahosi shu mol-mulkning qiymatiga qarab aniqlanishiga;
qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomalari bekor qilinganda, bekor qilingan shartnomalar boʻyicha taraflarning majburiyatlari saqlanib qolishi haqidagi kelishuv bitimi noqonuniy hisoblanishiga va u tasdiqlanmasligiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
2014-yil 31-dekabr.