Xoʻjalik sudlari tomonidan 2011-2014-yillar va 2015-yilning birinchi yarmida firma nomi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish hamda ularni huquqiy himoya qilish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
MAʼLUMOT
Oliy xoʻjalik sudining 2015-yillik ish rejasiga asosan 2011 — 2014-yillar va 2015-yilning birinchi yarmida firma nomi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish hamda ularni huquqiy himoya qilish bilan bogʻliq xoʻjalik sudlari tomonidan taqdim etilgan (84 ta) xoʻjalik ishlari va ular yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
1. Tovar belgisiga doir guvohnomani yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudiga taalluqli hisoblanadi.
Daʼvogar Toshkent vrachlarni malakasini oshirish instituti javobgarlar “A” MChJ (Qozogʻiston) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “A” MChJ nomiga rasmiylashtirilgan “Chelovek i lekarstvo” tovar belgisiga berilgan MGU 24786-conli guvohnomani haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sud XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asoslanib, yaʼni nizo xoʻjalik sudida koʻrib chiqishga tegishli emas deb hisoblab daʼvo arizasini qabul qilishni rad etgan.
Vaholanki, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasiga asosan Tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida, basharti u ushbu Qonunning 4-moddasi ikkinchi qismida va 10-moddasi birinchi qismining 1—12-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa yoki tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran besh yil mobaynida, basharti u ushbu qonunning 10-moddasi birinchi qismining 13 va 14-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa, toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar belgisi egasining harakatlari belgilangan tartibda insofsiz raqobat fakti deb topilgan taqdirda, tovar belgisiga doir guvohnoma uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran uch yil ichida toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma uning amal qilishining butun muddati davomida, basharti u ushbu Qonunda belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar belgisiga doir guvohnoma yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma Apellatsiya kengashining yoki sud qarori asosida toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topiladi.
Shu sababli, apellatsiya instansiyasi sudi asosli ravishda birinchi instansiya sudining daʼvo arizasini qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilib, ishni mazmunan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topgan.
2. Tovar belgisiga doir guvohnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran uzrli sababsiz uzluksiz besh yil mobaynida undan foydalanilmaganda, istalgan manfaatdor shaxs uni muddatidan oldin toʻliq yoki qisman tugatishni sudga soʻrab murojaat qilishga haqli.
Daʼvogar “A” MChJ javobgar “B” AJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, AJ nomiga 484353A-son bilan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan “PRIMALAN” tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Madrid kelishuviga muvofiq “B” AJ nomiga 2003-yilda “PRIMALAN” tovar belgisi 484353A-son bilan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilib, dori vositalarini tarqatish va tovar belgisini himoya qiluvchi davlat sifatida Oʻzbekiston Respublikasi tanlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “B” AJ nomiga 2003-yilda “PRIMALAN” tovar belgisidan foydalanish uchun guvohnoma berilgan. Biroq, “B” AJ “PRIMALAN” tovar belgisi uchun guvohnoma olgan vaqtdan daʼvo kiritilgunga qadar, yaʼni 2014-yilgacha bu nomdagi dori vositasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelmagan yoki shu erda ishlab chiqarib sotuvga chiqarmagan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 25-moddasining uchinchi qismiga koʻra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran istalgan besh yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.
FK 1104-moddasining birinchi qismiga asosan tovar belgisidan u roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin uzrli sababsiz uzluksiz besh yil davomida foydalanilmagan taqdirda, uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bilan bekor qilinishi mumkin.
“A” MChJ “PRIMALAC” tovar belgisi ostida dori vositasi ishlab chiqarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga talabnoma bilan murojaat qilgan. Biroq, agentlik tomonidan MChJning talabnomasi rad qilingan. Talabnomaning rad qilinishiga “PRIMALAC” tovar belgisiga fonetik jihatdan adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan “PRIMALAN” tovar belgisi “B” AJ nomiga roʻyxatga olinganligi asos qilib koʻrsatilgan.
Shu sababli, “A” MChJ sudga murojaat qilib, “B” AJ “PRIMALAN” tovar belgisidan besh yil mobaynida uzluksiz foydalanmaganligini inobatga olib ushbu tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi FK 1104-moddasining birinchi qismi va yuqoridagi Qonun 25-moddasining uchinchi qismiga asoslanib daʼvoni qanoatlantirgan. “PRIMALAN” tovar belgisidan foydalanish uchun “B” AJ nomiga berilgan guvohnomaning amal qilishi muddatidan oldin tugatilgan.
3. Hammaga maʼlum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritiladi. Hammaga maʼlum tovar belgisiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar ular hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi.
Daʼvogar “M” MChJ javobgar “N” AJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni toʻxtatish majburiyatini yuklashni va 100 000 000 soʻm zararni undirishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “M” MChJ tomonidan 2009-yilda “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” nomli vino ichimliklarining texnologik instruksiyalari ishlab chiqilib, shu nomdagi ichimliklar qadoqlangan. Biroq, MChJ ushbu nomlarda vino ichimliklarini qadoqlash va sotuvga chiqarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani olmagan. 2010-yil 3-martda MChJga vino qadoqlash uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugagan. Shu sababli, MChJ vaqtincha oʻz faoliyatini toʻxtatib turgan. U oʻz faoliyatini toʻxtatib turgan davrda 2010-yil 22-iyuldagi 83-sonli xat bilan “Oʻzbekiston shampani” AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanib turish uchun ruxsat bergan.
2014-yil 24-martda “M” MChJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnoma berilgan. Shundan soʻng, “M” MChJ “Oʻzbekiston shampani” AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni toʻxtatishni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar talab darajasida emasligini, endilikda, ushbu nomdagi tovar belgisi ostida MChJning oʻzi mahsulot ishlab chiqarishini maʼlum qilgan.
Ammo, “N” AJ talabnomani oqibatsiz qoldirgan.
Shu sababli, “M” MChJ sudga murojaat qilib, javobgarga mazkur tovar belgilaridan foydalanishni toʻxtatish majburiyatini yuklashni va shu nomlarda talab darajasida boʻlmagan mahsulotlar ishlab chiqarilganligi oqibatida yetkazilgan 100 000 000 soʻm zararni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni toʻxtatish majburiyati yuklatilgan. Daʼvo talabining 100 000 000 soʻm zarar undirish qismi isbotlab berilmaganligi uchun qanoatlantirish rad etilgan.
Sud daʼvo talabining AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni toʻxtatish majburiyatini yuklash qismini qanoatlantirishda “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 322-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga tayangan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 322-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga binoan hammaga maʼlum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritiladi. Hammaga maʼlum tovar belgisiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar ular hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi. Eʼlon qilinadigan maʼlumotlar tarkibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
Javobgar yuqoridagi tovar belgilarini Agentlik tomonidan hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritilganligini va hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritilib, Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinganligini isbotlab bera olmagan.
Shu sababli, sud asosli ravishda daʼvo talabining “N” AJga “Korolevskiy Sharm”, “Stariy zamok”, “Medvejya krov”, “Vio Amore”, “Dolce VITA” tovar belgilaridan foydalanishni toʻxtatish majburiyatini yuklash qismini qanoatlantirgan.
“N” AJ hal qiluv qaroridan norozi boʻlib apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Biroq AJ apellatsiya shikoyatidan voz kechganligi uchun apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Yana bir misol.
Daʼvogar “A” MChJ javobgar “I” kompaniyasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kompaniya nomiga “INTEL” tovar belgisi uchun berilgan 8853-sonli guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 1999-yil 19-iyulda Davlat patent idorasida “I” kompaniyasi nomiga “INTEL” tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilib, 8853-sonli guvohnoma berilgan. Biroq, “I” kompaniyasi “INTEL” tovar belgisi uchun guvohnoma olgan vaqtdan daʼvo kiritilgunga qadar, yaʼni 2014-yilgacha bu nomdagi mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelmagan yoki shu erda ishlab chiqarib sotuvga chiqarmagan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 25-moddasining uchinchi qismiga koʻra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran istalgan besh yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.
Shu sababli, “A” MChJ sudga murojaat qilib, “I” kompaniyasi “INTEL” tovar belgisidan besh yil mobaynida uzluksiz foydalanmaganligini inobatga olib ushbu tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
“INTEL” tovar belgisi ostidagi mahsulotlardan Oʻzbekiston Respublikasi va butun jahonda keng miqyosda foydalanib kelinayotgan boʻlsa-da, bu tovar belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan hammaga maʼlum tovar belgisi sifatida roʻyxatga olinmagan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 322-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga binoan hammaga maʼlum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritiladi. Hammaga maʼlum tovar belgisiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar ular hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi. Eʼlon qilinadigan maʼlumotlar tarkibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
Birinchi instansiya sudi Qonun 25-moddasining uchinchi qismiga asoslanib daʼvoni qanoatlantirgan. “INTEL” tovar belgisidan foydalanish uchun “I” kompaniyasi nomiga berilgan guvohnomaning amal qilishi muddatidan oldin tugatilgan.
4. Xoʻjalik sudiga Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellatsiya kengashining qarorini bekor qilish toʻgʻrisida daʼvo arizasi berilganda, uni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi, agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, daʼvo boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
Daʼvogar “T” kompaniyasi javobgar Davlat patent idorasi va “K” MChJ QKga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Davlat patent idorasi (Hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi) Apellatsiya kengashining 2010-yil 6-maydagi qarorini bekor qilishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2006-yil 13-aprelda Davlat patent idorasida “T” kompaniyasiga nomiga “DOHONGWAN” tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilgan. 2006-yilda tashkil etilgan “K” MChJ Apellatsiya kengashiga murojaat qilib, “T” kompaniyasiga berilgan tovar belgisining yuqori qismida “Xitoy katta qizil kosa korxonasi” hamda pastki qismida “Bolshaya krasnaya chashka KNR” soʻz birikmalari mavjudligi, bu esa “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga zid ekanligi sababli tovar belgisi uchun berilgan guvohnomani bekor qilishni soʻragan.
Davlat patent idorasi Apellatsiya kengashi “T” kompaniyasiga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatgan.
Shu sababli, “T” kompaniyasi 2011-yil 26-yanvarda sudga murojaat qilib, Davlat patent idorasi Apellatsiya kengashining 2010-yil 6-maydagi qarorini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining uchinchi qismiga asoslanib, daʼvo muddati oʻtganligi uchun, daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni qanoatlantirishni rad etgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi ishni mazmunan koʻrishdan oldin Davlat patent idorasi Apellatsiya kengashining qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudida koʻrishga taalluqliligi masalasini hal etishi lozim edi.
5. Talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy mobaynida sudga shikoyat berishga haqli.
Daʼvogar “M” kompaniyasi javobgar Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Tubex” MChJga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan MGU 23823-sonli guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni va Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellatsiya kengashi 2014-yil 12-martdagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2013-yil 1-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Tubex” MChJ nomiga tovar belgisidan foydalanish uchun № MGU 23823-sonli guvohnoma berilgan.
Mazkur tovar belgisidagi tasvir “M” kompaniyasiga qarashli № 837520 va № 254351-son bilan xalqaro roʻyxatdan oʻtgan tovar belgilariga adashtirish darajasida oʻxshash boʻlganligi uchun daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellatsiya kengashiga murojaat qilib, “Tubex” MChJ nomiga berilgan № MGU 23823-sonli guvohnomani haqiqiy emas deb topishni soʻragan. Biroq, Apellatsiya kengashining 2014-yil 12-martdagi qarori bilan “M” kompaniyasining talabnomasini qanoatlantirish rad etilgan.
Shundan soʻng, Kompaniya 2014-yil 10-dekabrda sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Tubex” MChJga tovar belgisidan foydalanish uchun № MGU 23823-son bilan berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan. Ish sudda koʻrilayotgan vaqtda Kompaniya qoʻshimcha daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Apellatsiya kengashining 2014-yil 12-martdagi qarorini ham haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo talabining Apellatsiya kengashining 2014-yil 12-martdagi qarorini haqiqiy emas deb topish qismini asosli tarzda “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining uchinchi qismida belgilangan daʼvo muddati oʻtib ketganligi uchun daʼvo muddatini qoʻllab, uni qanoatlantirishni rad etgan.
Ushbu Qonun 16-moddasining uchinchi qismiga koʻra, talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy mobaynida sudga shikoyat berishga haqli.
Daʼvogar sudga murojaat qilish muddatini oʻtkazib yuborilishiga sabab boʻlgan biron-bir uzrli sababni keltira olmagan.
Sud daʼvoning “Tubex” MChJga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan MGU 23823-sonli guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatish qismini ham qanoatlantirishni daʼvogar daʼvo talabini asoslash uchun keltirgan vajlarini isbotlay olmaganligi uchun rad etgan.
6. FK 53-moddasining birinchi qismiga koʻra, yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi. Shu sababli, yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan unga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomaga boʻlgan huquq ham tugaydi.
Daʼvogar “N” Shuʼba xoʻjalik jamiyati Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Oksampinitsillin” tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2013-yil 15-dekabrda “N” Shuʼba xoʻjalik jamiyati Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga “Oksamp/Oxampum” tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma bilan murojaat qilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi talabnomada koʻrsatilgan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etgan. Agentlikning bunday xulosaga kelishiga “GRANGFARMMEDICAL” MChJ nomiga “Oksampinitsillin” tovar belgisi uchun guvohnoma berilganligi, soʻzlardagi elementlar adashtirish darajasida oʻxshash ekanligi asos qilib keltirilgan.
“GRANGFARMMEDICAL” MChJ 2014-yil 4-avgustda oʻz faoliyatini tugatib, davlat reyestridan chiqarilgan.
Shu sababli, “N” Shuʼba xoʻjalik jamiyati sudga murojaat qilib, “GRANGFARMMEDICAL” MChJ oʻz faoliyatini tugatib davlat reyestridan chiqib ketganligi sababli, uning nomiga “Oksampinitsillin” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomani muddatidan oldin amal qilishini tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo talabini qanoatlantirgan.
Sudning bunday xulosasiga FK 53-moddasining birinchi qismi asos boʻlgan.
FK 53-moddasining birinchi qismiga koʻra, yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi.
FKning mazkur normasiga asosan “GRANGFARMMEDICAL” MChJning tugatilib, davlat reyestridan chiqarilganligi uning tovar belgisiga boʻlgan huquqining bekor qilinishiga olib kelgan.
Shu sababli, sud asosli ravishda daʼvoni qanoatlantirib, “GRANGFARMMEDICAL” MChJga “Oksampinitsillin” tovar belgisi uchun berilgan guvohnomaning amal qilishini muddatidan oldin tugatgan.
7. Koʻrgazmaga oid ustuvorlik soʻrab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik soʻrashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasining qatnashchisi boʻlgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan koʻrgazmaning maqomini, yaʼni rasmiy xalqaro koʻrgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan koʻrgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qoʻyilgan tovarlar roʻyxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani oʻz ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli koʻrgazma maʼmuriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Daʼvogar “K” AJ javobgar Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellatsiya kengashining 2011-yil 14-fevraldagi qarorini haqiqiy emas deb topishni va Agentlikka “K” AJ tomonidan berilgan talabnoma boʻyicha ish yuritishni davom ettirish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 2007-yilda “I” MChJ va “K” AJ oʻrtasida litsenziya shartnomasi imzolangan boʻlib, unga koʻra “K” AJga “DIVNOYE” tovar belgisidan Ukraina Respublikasi hududida foydalanish huquqi berilgan. 2008-yil 3-aprelda Davlat patent idorasi (Hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi)ga “K” AJ tomonidan “DIVNOYE” tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma berilgan. Talabnomani berish uchun daʼvogar tomonidan Gruziya davlatining Tbilisi shahrida 2007-yil 4 — 6-oktabrda oʻtkazilgan “Interfood Georgia 2007” nomli xalqaro koʻrgazmada “DIVNOYE” tovar belgisi ostidagi mahsulotlar bilan ishtirok etganligi bu tovar belgisini olishda ustuvorlik huquqini berishi asos qilib keltirilgan. Biroq, Davlat patent idorasi daʼvogarning talabnomasini qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Bunday qaror qabul qilinishiga “Divnoye” tovar belgisi ilgariroq “Interoyl” MChJ nomiga rasmiylashtirilganligi va bu belgilar aynan oʻxshash boʻlganligi uchun talabnomani qanoatlantirib boʻlmasligi asos boʻlgan.
Daʼvogar Davlat patent idorasining qaroridan norozi boʻlib Apellatsiya kengashiga shikoyat qilgan. Apellatsiya kengashi ham daʼvogarning xalqaro koʻrgazmada ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar ishonchli (haqqoniy) boʻlmaganligini vaj qilib, Adliya Vazirligi tomonidan 2009-yil 29-iyulda 1988-son bilan roʻyxatga olingan Davlat Patent Idorasi rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish Qoidalari”ning 11-bandiga asosan shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan.
Mazkur Qoidalarning 11-bandiga koʻra, koʻrgazmaga oid ustuvorlik soʻrab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik soʻrashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi, u Agentlikka talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab uch oydan kechiktirilmay topshiriladi. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasining qatnashchisi boʻlgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan koʻrgazmaning maqomini, yaʼni rasmiy xalqaro koʻrgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan koʻrgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qoʻyilgan tovarlar roʻyxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani oʻz ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli koʻrgazma maʼmuriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Koʻrgazmaviy ustuvorlikni belgilash haqidagi iltimosnoma talabnomani topshirishda (arizaning tegishli grafasida keltiriladi) yoki talabnoma Patent idorasiga kelib tushgan sanadan soʻng ikki oy mobaynida taqdim etilishi mumkin.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 12-moddasining uchinchi qismiga asosan Konvensiya yoki koʻrgazma ustuvorligi huquqini soʻrayotgan talabnoma beruvchi qoʻyilgan talab haqqoniy ekanligini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni ilova qilgan holda bu haqda tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomani berayotganida yoki Agentlikka talabnoma tushganidan keyin ikki oy mobaynida maʼlum qilishi shart yoxud bu hujjatlarni tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnoma tushgan vaqtdan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay Agentlikka taqdim etishi lozim.
Ish koʻrilishi jarayonida, haqiqatdan, daʼvogar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligiga shubha uygʻongan va uni koʻrgazmada ishtirok etganligi toʻliq tasdiqlanmagan. “Interfood Georgia 2007” koʻrgazmasining rasmiy saytidagi koʻrgazma ishtirokchilari roʻyxati tekshirilganda ham “K” AJ roʻyxatda yoʻqligi maʼlum boʻlgan.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi Qonun 12-moddasining uchinchi qismiga va Qoidalarning 11-bandiga tayangan holda daʼvogar koʻrgazmada ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarning haqqoniy ekanligini isbotlab bera olmaganligidan kelib chiqib, asosli ravishda daʼvoni qanoatlantirishni rad etgan.
8. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga koʻra alkogol mahsulotlarini reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu sababli, reklamani amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi tashkilotning alkogol mahsulotini reklamasi amalga oshirilmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi dalil hisoblanmaydi.
Daʼvogar “I” MChJ javobgar “S” kompaniyasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kompaniyaga “S” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomani amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “I” MChJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga “S” tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida talabnoma berilgan. Biroq, “S” tovar belgisidan foydalanish uchun “S” kompaniyasiga avvalroq guvohnoma berilganligi uchun bu tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga toʻsqinlik qilgan. “S.” kompaniyasi ushbu tovar belgisidan uzluksiz besh yil davomida, yaʼni 2008 — 2013-yillarda foydalanmaganligi uchun “I” MChJ sudga murojaat qilib, uning amal qilishini muddatidan oldin tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirgan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 25-moddasining uchinchi qismiga koʻra, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran istalgan besh yil mobaynida undan uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan oldin toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.
Sud ishni koʻrishda javobgar tomonidan tovar belgisidan besh yil davomida foydalanilmaganligi fakti sifatida turli tashkilot va idoralardan olingan maʼlumotnomalarni, jumladan Toshkent shahar hokimiyatining Reklama-axborot faoliyati boʻyicha ishchi organining “Toshkent Reklama - servis” DUKdan olingan maʼlumotnomasini ham dalil qilib olgan.
Vaholanki, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan tamaki, tamaki mahsulotlari va har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklar reklamasi taqiqlanadi, shu jumladan:
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar namunalarini tekin tarqatish;
tamaki, tamaki mahsulotlari yoki alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoxud tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi tushirilgan tovarlarni (futbol maykalari, bosh kiyimlar, oʻyinlar va boshqa shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
savdo obyektlarining old tomonida, kirish (transportda kirish) joylarida, vitrinalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning tasvirlari, nomlarini va ular haqidagi boshqa axborotni oʻrnatish taqiqlanadi.
Shuningdek, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga koʻra, alkogol va tamaki mahsulotlarini reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishni targʻib etish, yaʼni alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmol qilishni ragʻbatlantiruvchi, shaxsda ularni isteʼmol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi gʻoyalar, qarashlar hamda badiiy obrazlarni oshkora yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan xatti-harakatlar taqiqlanadi.
Mazkur Qonunlardan koʻrinib turibdiki, alkogol mahsulotlarini reklama qilish taqiqlanadi. Shu sababli, sud daʼvoni qanoatlantirishda “Toshkent Reklama - servis” DUKning maʼlumotnomasini dalil sifatida qabul qilib xatolikka yoʻl qoʻygan.
Bundan tashqari, xoʻjalik ishida javobgar tomonidan 2008-2013-yillarda “STOLICHNAYA” tovar belgisidan foydalanilganligi toʻgʻrisida dalillar keltirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilgan. Kassatsiya instansiyasi sudi apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
9. Bojxona kodeksi 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud bojxona organiga noqonuniy tarzda foydalanilgan tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boshqa davlatdan olib kirilishi yoki boshqa davlatga chiqib ketilishini taʼqiqlash majburiyatini yuklashi mumkin.
Daʼvogar “R” AJ javobgar “A” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJga “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostida tayyorlangan tovarlarni tovar belgilari egasining yozma ruxsatisiz olib kirish, tarqatish va realizatsiya qilishni taʼqiqlashni, Davlat Bojxona qoʻmitasiga nazorat qilish yoʻli bilan “A” MChJ tomonidan daʼvogarning huquqlarini buzilishiga, yaʼni daʼvogar bilan litsenziya shartnomasi tuzmasdan chetdan “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostida mahsulot olib kirishga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini yuklashni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Madrid kelishuviga muvofiq “R” AJ nomiga “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilari xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilib, tovar belgisini himoya qiluvchi davlat sifatida Oʻzbekiston Respublikasi tanlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “R” AJ nomiga “RUSSKIY STANDART” va “IMPERIYA” tovar belgilaridan foydalanish uchun guvohnoma berilgan.
Javobgar tomonidan daʼvogarning tovar belgisiga boʻlgan huquqlari buzilib, Oʻzbekiston Respublikasiga “R” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostidagi tovarlar olib kirilib saqlangan va sotishga taklif qilingan. Biroq, javobgar tomonidan qayd etilgan tovar belgilaridan foydalanish boʻyicha tovar egasi bilan litsenziya shartnomasi tuzilmagan. Bu holatni sud majlisida javobgar vakillari ham tan olgan.
Shu sababli, sud daʼvo talabining MChJga “R” va “IMPERIYA” tovar belgilari ostida tayyorlangan tovarlarni tovar belgilari egasining yozma ruxsatisiz olib kirish, tarqatish va realizatsiya qilishni taʼqiqlash qismini qanoatlantirgan.
Daʼvo talabining bu qismini qanoatlantirilganligi ikkinchi talabni, yaʼni Davlat Bojxona qoʻmitasiga “A” MChJ tomonidan chetdan mahsulot olib kirishda tovar belgisiga boʻlgan daʼvogarning huquqlarini buzilishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini yuklash talabini qanoatlantirishga asos boʻlgan.
Sud daʼvoning bu qismini ham asosli ravishda qanoatlantirgan.
Bojxona kodeksi 9-moddasining birinchi qismiga asosan davlat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, maʼnaviyat, inson hayoti va salomatligini saqlash, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, Oʻzbekiston Respublikasi hamda boshqa mamlakatlar xalqlarining badiiy, tarixiy va arxeologik boyliklarini, mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqni, olib kirilayotgan tovarlarni isteʼmol qiluvchilarning manfaatlarini himoya qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanishi mumkin.
10. Oʻzga shaxslarga tegishli va Oʻzbekiston Respublikasi hududida taniqli boʻlgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga boʻlgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan boʻlsa, takrorlovchi belgilar deb hisoblanadi va tovar belgilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
Daʼvogar “S” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “C” (C.A.T.I.A.) MChJga muayyan harakatlarni bajarish, yaʼni ommaviy axborot vositalari va internetda “Silk Road Destinations” tovar belgisi ostida turistik xizmatlar tashkillashtirilishi boʻyicha xizmatlar reklamasini bekor qilish, “ZONDA BUS” turistik transport vositalaridan noqonuniy ishlatilayotgan “Silk Road Destinations” tovar belgisini olib tashlash, turistik xizmatlarni reklama qilish uchun tayyorlangan har qanday qayd etilgan tovar belgisi tasvirlarini yoʻq qilish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Ishga “Katia - Silk Road Destinations” MChJ nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudida ish koʻrilishi jarayonida javobgar “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan “Silk Road Connections Group” MChJga 2008-yil 16-aprelda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomani haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Katia - Silk Road Destinations” MChJ yuridik shaxs sifatida Samarqand shahar hokimligida 2008-yil 4-fevralda davlat roʻyxatidan oʻtgan. Biroq, ushbu MChJ mustaqil yuridik shaxs boʻlib “Katia - Silk Road Destinations” nomi bilan oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsada, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan “Silk Road Connections Group” MChJga 2008-yil 16-aprelda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun guvohnoma berilgan.
“Katia - Silk Road Destinations” MChJ va “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ oʻrtasida litsenziya shartnomasi tuzilib, 2009-yil 3-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasidan roʻyxatdan oʻtkazilgan. Unga koʻra, “Katia - Silk Road Destinations” MChJ “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJga MGU 17964-sonli tovar belgisidan va guvohnomasidan foydalanish huquqi berilgan.Mazkur shartnomaga asosan “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ oʻz faoliyatini amalga oshirishda, yaʼni turistik xizmatlarni tashkillashtirishda va reklamalarda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanib kelgan.
Shu sababli, “Silk Road Connections Group” MChJ sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Oʻz navbatida, “Central Asia Tours Incoming Agency” (C.A.T.I.A.) MChJ ham litsenziya shartnomasiga asosan tovar belgisidan foydalanish huquqi mavjud boʻlganligi va daʼvogarga “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun guvohnoma qonun hujjatlariga zid ravishda berilganligi uchun uni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasining birinchi qismiga koʻra, tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida, basharti u ushbu Qonunning 4-moddasi ikkinchi qismida va 10-moddasi birinchi qismining 1 — 12-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa yoki tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran besh yil mobaynida, basharti u ushbu qonunning 10-moddasi birinchi qismining 13 va 14-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa, toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Mazkur Qonun 14-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra, oʻzga shaxslarga tegishli va Oʻzbekiston Respublikasi hududida taniqli boʻlgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga boʻlgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan boʻlsa, takrorlovchi belgilar tovar belgilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
FK 1099-moddasiga asosan yuridik shaxsning firma nomidan unga tegishli tovar belgisida foydalanilishi mumkin.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi asosli ravishda dastlabki daʼvoni qanoatlantirishni rad etib, qarshi daʼvoni qanoatlantirgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan “Silk Road Connections Group” MChJga 2008-yil 16-aprelda “Silk Road Destinations” tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnoma haqiqiy emas deb topilgan.
Apellatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
11. FK 1098-moddasining uchinchi qismiga asosan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan darajada avval roʻyxatdan oʻtkazilgan nomga oʻxshab ketadigan boʻlsa, u roʻyxatga olinishi mumkin emas. Agar daʼvo talabini asoslash uchun bir firma nomi ikkinchi firmaning nomi bilan bir xil yoki aynan oʻxshash ekanligi toʻgʻrisida vaj keltirilgan boʻlsa, firma nomlari bir xil yoki aynan oʻxshash ekanligini daʼvogar isbotlab berishi lozim. Aks holda, bunday talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Daʼvogar “INTEL CORPORATION” kompaniyasi javobgar Toshkent shahar Statistika boshqarmasi va Mirzo Ulugʻbek tuman Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish Inspeksiyasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Toshkent shahar Statistika boshqarmasining 2009-yil 3-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomining “INTEL” soʻzi bilan adashtirish darajasida oʻxshash emasligi toʻgʻrisida bergan maʼlumotnomasini va Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish Inspeksiyasining 2009-yil 20-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomi ostida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ajrim bilan Mirzo Ulugʻbek tuman Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish Inspeksiyasi yuridik shaxs boʻlmaganligi uchun Mirzo Ulugʻbek tuman hokimligi ishga javobgar sifatida jalb qilingan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, 1999-yil 19-iyulda Davlat patent idorasi (hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi)da “INTEL CORPORATION” kompaniyasi nomiga “INTEL” tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilib, 8853-sonli guvohnoma berilgan.
“INTELLSHERE GROUP” MChJ taʼsischilari ushbu korxonani roʻyxatdan oʻtkazish maqsadida boshqa nomlar bilan birga Toshkent Statistika boshqarmasiga soʻrovnoma bergan. Boshqarma tomonidan 2009-yil 3-iyulda “INTELLSHERE GROUP” firma nomi mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berilgan. Natijada, 2009-yil 20-iyulda “INTELLSHERE GROUP” MChJ Mirzo-Ulugʻbek tuman Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish Inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtkazilgan. Biroq, daʼvogar ushbu holatlarni FK 1098-moddasining uchinchi qismiga zid deb hisoblab sudga murojaat qilgan.
FK 1098-moddasining uchinchi qismiga asosan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan darajada avval roʻyxatdan oʻtkazilgan nomga oʻxshab ketadigan boʻlsa, u roʻyxatga olinishi mumkin emas.
Ish koʻrilishi vaqtida daʼvogar Toshkent shahar Statistika boshqarmasining 2009-yil 3-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomining “INTEL” soʻzi bilan adashtirish darajasida oʻxshash emasligi toʻgʻrisida bergan maʼlumotnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi talabdan voz kechganligi uchun bu talab boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo talabining Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish Inspeksiyasining 2009-yil 20-iyuldagi “INTELLSHERE GROUP” MChJ firma nomi ostida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorini qisman haqiqiy emas deb topish qismini qanoatlantirishni rad etgan. Sudning bunday xulosaga kelishda daʼvogar tomonidan keltirilayotgan FK 1098-moddasining uchinchi qismidagi normani mazkur holatga tatbiq etib boʻlmaydi deb hisoblagan. Chunki, “INTEL CORPORATION” kompaniyasi nomidagi “INTEL” soʻzi kompaniyaning dastlabki nomi “Integrated Electronics”ning qisqartmasidan olingan. “INTELLSHERE GROUP” MChJ vakillarining bergan tushuntirishlari va yozishmalaridan koʻrinishicha “INTELLSHERE GROUP” MChJning firma nomidagi “INTELL” soʻzi esa “Intellectual”, “Intelligent”, “Intelligence”, soʻzlaridan olinganligi maʼlum qilingan. “INTELLSHERE GROUP” MChJning firma nomidagi “INTELL” soʻzida “INTEL” soʻzidan farqli ravishda ikkita inglizcha “LL” harflari mavjud. “INTELLSHERE GROUP” MChJ vakillarining tushuntirishlari va ish hujjatlariga asosan sud “INTELLSHERE GROUP” firma nomidagi “INTELL” soʻzi “INTEL CORPORATION” firma nomidagi “INTEL” soʻzidan olinmagan degan xulosaga kelgan.
Shu sababli, daʼvo talabining bu qismini ham asosli ravishda rad etgan.
12. Isteʼmolchining ongida tovarning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida notoʻgʻri tasavvur hosil qiladigan belgilar tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Chunki, bunday tovar belgilari tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar hisoblanadi.
Daʼvogar “Culbahar Tobacco International FZE” kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Apellatsiya kengashining 2013-yil 25-iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, “Culbahar Tobacco International FZE” kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga “MILANO” tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishuchun talabnoma bilan murojaat qilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi talabnomada koʻrsatilgan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etgan. Daʼvogar Agentlikning qaroridan norozi boʻlib Apellatsiya kengashiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Apellatsiya kengashi ham shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan. Apellatsiya kengashining bunday xulosaga kelishiga tovar belgisi uchun tanlangan “MILANO” soʻzi Italiya davlatida joylashgan Milan shahridan olingan boʻlib, italyancha shahar nomini anglatishi koʻrsatilgan. Bunday tovar belgisining berilishi bu tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Milan shahrida ishlab chiqarilgan degan xulosani keltirib chiqarib, isteʼmolchilarni tovar kelib chiqqan joy nomi boʻyicha chalgʻitishi mumkinligi bildirilgan.
Adliya vazirligida 2009-yil 29-iyulda 1988-son bilan roʻyxatga olingan Davlat patent idorasi buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish Qoidalari” 4-bandining “i” kichik bandiga koʻra, roʻyxatdan oʻtkazilmaydigan tovar belgilariga — tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar, ularga xususan, isteʼmolchining ongida tovarning haqiqatga toʻgʻri kelmagan maʼlum bir sifati, uning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida tasavvur hosil qiladigan belgilar kiradi. Belgining kamida bitta elementi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlsa, belgi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin deb eʼtirof etiladi.
Birinchi instansiya sudi yuqoridagi Qoidalarning ushbu bandiga asoslanib, daʼvo talabini asosli ravishda qanoatlantirishni rad etgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Sud amaliyotini umumlashtirish natijalari boʻyicha quyidagi tavsiyalar beriladi.
Xoʻjalik sudlari sudyalari:
tovar belgisiga doir guvohnomani yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudiga taalluqli hisoblanishiga;
tovar belgisiga doir guvohnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran uzrli sababsiz uzluksiz besh yil mobaynida undan foydalanilmaganda, istalgan manfaatdor shaxs uni muddatidan oldin toʻliq yoki qisman tugatishni sudga soʻrab murojaat qilishga haqliligiga;
hammaga maʼlum tovar belgisiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi. Hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgisi Agentlik tomonidan Hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritiladi. Hammaga maʼlum tovar belgisiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar ular hammaga maʼlum tovar belgilari roʻyxatiga kiritilganidan keyin Agentlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinishiga;
xoʻjalik sudiga Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellatsiya kengashining qarorini bekor qilish toʻgʻrisida daʼvo arizasi berilganda, uni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi, agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, daʼvo boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishiga;
talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy mobaynida sudga shikoyat berishga haqliligiga;
FK 53-moddasining birinchi qismiga koʻra, yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi. Shu sababli, yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan unga tovar belgisidan foydalanish uchun berilgan guvohnomaga boʻlgan huquq ham tugashiga;
koʻrgazmaga oid ustuvorlik soʻrab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik soʻrashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasining qatnashchisi boʻlgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan koʻrgazmaning maqomini, yaʼni rasmiy xalqaro koʻrgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan koʻrgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qoʻyilgan tovarlar roʻyxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani oʻz ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli koʻrgazma maʼmuriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozimligiga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga koʻra alkogol mahsulotlarini reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu sababli, reklamani amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi tashkilotning alkogol mahsulotining reklamasi amalga oshirilmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi dalil hisoblanmasligiga;
oʻzga shaxslarga tegishli va Oʻzbekiston Respublikasi hududida taniqli boʻlgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga boʻlgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushgan sanadan avvalroq olingan boʻlsa, takrorlovchi belgilar deb hisoblanishiga va tovar belgilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmasligiga;
Bojxona kodeksi 9-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud bojxona organiga noqonuniy tarzda foydalanilgan tovar belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boshqa davlatdan olib kirilishi yoki boshqa davlatga chiqib ketilishini taʼqiqlash majburiyatini yuklashi mumkinligiga;
FK 1098-moddasining uchinchi qismiga asosan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan darajada avval roʻyxatdan oʻtkazilgan nomga oʻxshab ketadigan boʻlsa, u roʻyxatga olinishi mumkin emas. Agar daʼvo talabini asoslash uchun bir firma nomi ikkinchi firmaning nomi bilan bir xil yoki aynan oʻxshash ekanligi toʻgʻrisida vaj keltirilgan boʻlsa, firma nomlari bir xil yoki aynan oʻxshash ekanligini daʼvogar isbotlab berishi lozim. Aks holda, bunday talabni qanoatlantirish rad etilishiga;
isteʼmolchining ongida tovarning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida notoʻgʻri tasavvur hosil qiladigan belgilar tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Chunki, bunday tovar belgilari tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar hisoblanishiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
2015-yil 31-dekabr.