Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi lozim
[Koʻchirma]
Toshkent shahar Mirobod tuman Davlat soliq instpeksiyasi (bundan buyon mantda — DSI) ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Delta Capital Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon mantda — MChJ)ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (bundan buyon mantda – SK)ning 114-moddasiga asosan 27 500 000 soʻm, 116-moddasiga asosan 3 979 500 soʻm, jami 31 479 500 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan MChJga nisbatan SKning 114-moddasiga asosan 27 500 000 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi tomonidan arz qilingan talabning MJChga nisbatan SKning 116-moddasiga asosan 3 979 500 soʻm moliyaviy jarima qoʻllash qismi muhokama qilinmaganligi va ushbu talab buyicha hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi asos qilib keltirilib, hal qiluv qarorini oʻzgartirib, arz qilingan talabning ushbu qismini ham qanoatlantirish soʻralgan.
Protestda esa kassatsiya shikoyatida keltirilgan asoslar qayd etilib, birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal qilishda ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmaganligi asos sifatida keltirilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda protsessual huquq normalarini buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, DSIning 2013-yil 15-martdagi 07/1-4460-sonli arizasida MChJga nisbatan SKning 114-moddasiga asosan 27 500 000 soʻm, 116-moddasiga asosan 3 979 500 soʻm, jami 31 479 500 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllash talabi qoʻyilgan.
Birinchi instansiya sudi arz qilingan talabning MChJga nisbatan SKning 116-moddasiga asosan 3 979 500 soʻm moliyaviy jarima qoʻllash qismini ish yuritishga qabul qilmagan. Shuningdek, ushbu talab sudning hal qiluv qarorida muhokama qilinmagan va hal qiluv qarori qabul qilinmagan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 138-moddasining oltinchi qismiga koʻra hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi lozim. Shuningdek, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 8-bandida sudlarning eʼtibori qarorning xulosa qismi sud muhokamasi predmeti hisoblangan barcha talablar boʻyicha tugallangan va yakuniy javobni oʻz ichiga olgan boʻlishi zarurligiga qaratilishi lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerakligi qayd etilgan talablarga rioya etmaslik qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi, sudlar tomonidan barcha masalalarni hal etmaydigan, yuzaki, asoslantirilmagan qarorlarning qabul qilinishi mumkin emasligi haqida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga asosan sudlov hayʼati, nizoni hal qilishda birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi sababli hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi taraflarni sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilib, soliq tekshiruvi naijasida aniqlangan huquqbuzarlik holatiga huquqiy baho berib, arz qilingan talabning har birini alohida muhokama qilib, moddiy va protsessual huquq normalarini qoʻllagan holda nizo yuzasidan qonuniy va asoslantirilgan sud hujjatini qabul qilishi lozim boʻladi.
2013-yil 8-oktabr,
10-1303/4499-son