Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish tartibini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuniga muvofiq, shuningdek siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini va ularning saylov kampaniyasidagi ishtirokini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-yanvar,
9-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-yanvardagi 9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi 456-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 11-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalarni xarid qilish boʻyicha tender savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Ushbu Nizomning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlarga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishga;
agar donor mamlakatlarning, tegishli xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarning tartibotlarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida xorijiy kreditlar berish va xorijiy grantlar berish shartlarida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishning oʻzgacha tartibi belgilangan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga saylovlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi referendumlarini tayyorlash va oʻtkazish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishga tatbiq etilmaydi”.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-martdagi 86-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 3-4-son, 16-modda) bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan davlat mablagʻlari partiya tomonidan partiyaning ustavda nazarda tutilgan vazifalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan davlat mablagʻlarini sarflashda siyosiy partiyalarga nisbatan budjet mablagʻlarini sarflash talablari, tartibi, normativlari, shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar uchun belgilangan buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish qoʻllanmaydi.
Har yili ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga davlat mablagʻlari oladigan siyosiy partiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tasdiqlangan xarajatlar smetasini, shuningdek oʻzlarining banklar tomonidan tasdiqlangan hisob raqamlarini quyidagi muddatlarda taqdim etadilar:
yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida — siyosiy partiya davlat tomonidan moliyalashtirish huquqini oladigan oy boshlangungacha;
keyingi yillarda — navbatdagi moliya yilidan oldingi yilning oʻninchi dekabrigacha.
Xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda partiya Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida 10 kun muddatda yozma xabar beradi. Bunda joriy yil xarajatlar smetasiga joriy yilning 15-dekabridan keyin oʻzgartirishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi”;
b) 8-bandda:
“davlat budjeti” va “Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida” soʻzlari tegishli ravishda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti” va “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga Yagona gʻaznachilik hisob raqamidan ajratiladigan budjet mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasi, smetada budjet tizimining budjetlar xarajatlari iqtisodiy klassifikatsiyasini bir satrda aks ettirgan holda, umumiy summa uchun tuziladi”;
v) 15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Siyosiy partiya tomonidan moliya yili mobaynida foydalanilmagan davlat mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilmaydi va ulardan kelgusi yillarda ularning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun foydalaniladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 3-son, 24-modda; 27.01.2021-y., 09/21/37/0067-son)