Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Lizing oluvchi lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi shart
[Koʻchirma]
Daʼvogar Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyat xududiy boshqarmasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Sirdaryo viloyat filiali manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Chinor Sugʻdiyona” fermer xoʻjaligidan 4 962 641 soʻm qarz, 1 326 217 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgar “Chinor Sugʻdiyona” fermer xoʻjaligidan daʼvogar “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Sirdaryo viloyat filiali foydasiga 3 522 641 soʻm asosiy qarz, 159 546 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya protestida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati quyidagi asoslarga koʻra birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Sirdaryo viloyat filiali va “Shaxriyor Shoxrux Paxtakor” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2010-yil 15-mart kuni 10/10-4-156-sonli lizing shartnomasi tuzilgan.
2010-yil 27-dekabr kuni “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Sirdaryo viloyat filiali (lizing beruvchi), “Shaxriyor Shoxrux Paxtakor” fermer xoʻjaligi (Oʻtkazuvchi — lizing oluvchi), “Chinor Sugʻdiyona” fermer xoʻjaligi (Qabul qiluvchi — lizing oluvchi) oʻrtasida 2010-yil 15-martda tuzilgan 10/10-4-156-sonli lizing shartnomasi boʻyicha barcha huquq va majburiyatlardan boshqa shaxs foydasiga toʻliq voz kechish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
“Chinora Sugʻdiyona” fermer xoʻjaligining shartnoma boʻyicha “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Sirdaryo viloyat filiali oldidagi qarzi 4 962 641 soʻmni tashkil etgan.
“Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” ALK Sirdaryo filiali xoʻjalik sudiga taqdim etgan 2013-yil 1-apreldagi 19-03-19/305-sonli maʼlumotnomasida “Chinor Sugʻdiyona” fermer xoʻjaligi 2013-yil 1-aprel kuni holatiga 440 000 soʻm toʻlov amalga oshirganligi maʼlum qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK)ning 587-moddasiga koʻra, lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) bir taraf lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) ikkinchi tarafning topshirigʻiga binoan sotuvchi uchinchi taraf bilan undan lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olish haqida kelishish majburiyatini oladi, lizing oluvchi esa buning uchun lizing beruvchiga lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatini oladi.
FKning 597-moddasida, Oʻzbekiston Respublikasi “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasida hamda lizing shartnomasi shartlarida lizing oluvchi lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi shartligi koʻrsatilgan.
FKning 326-moddasiga koʻra, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak.
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Birinchi instansiya sudi tomonidan 1 326 217 soʻm penya miqdori asosli ravishda 159 146 soʻmgacha kamaytirilgan.
“Chinor Sugʻdiyona” fermer xoʻjaligi tomonidan 2013-yil 1-aprel kuni holatiga 440 000 soʻm toʻlov amalga oshirilgan boʻlsada, birinchi instansiya sudi 4 962 641 soʻm qarz summasidan 1 440 000 soʻm qarz summasini chegirib, 3 522 641 soʻm qarz summasini undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining 2013-yil 1-apreldagi hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, hal qiluv qarorining 3 522 641 soʻm qarz undirish qismini 4 522 641 soʻmga oʻzgartirishni lozim topadi.
2013-yil 25-sentabr,
12-1301/3128-son