Xoʻjalik sudlari tomonidan 2013-2014-yillar davomida qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish, hal qiluv qarorini tushuntirish, yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
MAʼLUMOT
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan xoʻjalik sudlari tomonidan 2013-2014-yillar davomida qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish, hal qiluv qarorini tushuntirish, yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirish uchun xoʻjalik ishlari va ushbu masala boʻyicha xoʻjalik sudlarida oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
1. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish masalasi sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida XPKning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi.
Daʼvogar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgarlar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Navoiy” xalqaro aeroportidan 221 526 240 soʻm asosiy qarz va11 076 312 soʻm penya, jami 232 602 552 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilib, ishni 2014-yil 12-dekabrda videokonferensaloqa rejimida mazmunan koʻrib chiqqan.
Sudning hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan va daʼvogar tomonidan davlat boji oldindan toʻlanganligi inobatga olingan. Biroq sud muhokamasi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi uchun xarajatlar undirilmagan.
Sud undirilmagan ushbu xarajatlarini undirish uchun qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilish masalasini hal qilish maqsadida 2014-yil 17-dekabrda ajrim chiqarib, ishni koʻrishni 2014-yil 22-dekabrga tayinlagan.
XPK 149-moddasining uchinchi qismiga asosan qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish masalasi sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Tegishli ravishda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelmaganligi masalani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
XPK 124-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida sud ajrimi orqali xabardor qilinadi, ajrim topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki ushbu shaxslarga tilxat olib topshiriladi yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda xabardor qilinadi.
Biroq, xoʻjalik ishida ajrimni ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.
Sud 2014-yil 22-dekabrdagi sud majlisida daʼvogar va javobgar vakillari ishtirokisiz sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilgan.
2. Hal qiluv qarorida davlat bojini undirish masalasi hal etilmagan boʻlsa, sud davlat bojini undirish boʻyicha yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarmaydi, balki qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qiladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan shuʼba kompaniyasi Navoiy viloyat filiali manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Navoiy toj qurilish servis” xususiy korxonasidan 11 089 816 soʻm zarar va 12 795 954 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan shuʼba kompaniyasi ishga javobgar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 11 089 816 soʻm yetkazilgan zarar va toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajati jami 11 096 763 soʻm undirilgan. Daʼvoning penya undirish qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Biroq, sud oʻzining hal qiluv qarorida ishni koʻrish natijalari boʻyicha davlat boji undirish masalasini hal etmagan.
Shu sababli, sud 2013-yil 25-iyulda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqargan. Mazkur ajrimda hal qiluv qarorining xulosa qismi “javobgar hisobidan 238 756 soʻm davlat boji Respublika budjetiga hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga undirilsin degan jumla bilan toʻldirilsin” deb koʻrsatilgan. Yaʼni, ushbu ajrim bilan javobgardan daʼvogar foydasiga davlat boji undirilgan.
Vaholanki, XPK 149-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal qilinmagan boʻlsa, hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudi qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qiladi.
Shu bois, mazkur holatda sud davlat bojini undirish masalasini yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarish yoʻli bilan hal etmasdan, balki XPKning 149-moddasida belgilangan talablarga rioya qilgan holda qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilishi lozim edi.
3. XPK 149-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biron-bir talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilmagan boʻlsa, qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qiladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Qishloq qurilish bank” Namangan mintaqaviy filiali manfaatida (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) “Taksi” MChJ (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi)ga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ va bank oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni va 1 569 939 899,9 soʻm kredit qarzini undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan. Shuningdek, daʼvoni taʼminlash maqsadida garovga qoʻyilgan va kredit hisobiga sotib olingan avtomashinalarni jarima maydonchasiga tortish haqida ajrim chiqarishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan OATB “Qishloq qurilish bank” daʼvogar sifatida ishga jalb etilgan. Shuningdek, sudning ajrimi bilan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 4-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, MChJ hisobidan bank foydasiga 1 472 960 947,26 soʻm asosiy qarz va 5 000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan hamda undiruv garov (ipoteka) narsasiga qaratilgan. Shuningdek, MChJ hisobidan respublika budjeti va Sudlar hamda adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 16 660 438 soʻm davlat boji undirilgan.
Birinchi instansiya sudi taraflar vakillari ishtirokida 2014-yil 28-aprelda qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilgan. Unga koʻra daʼvo talabining kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilish qismi sud majlisida muhokama qilinib, hal qiluv qarorining bayon qismi va asoslantiruvchi qismida kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va shartnoma bekor qilinganligi sababli davlat boji undirish lozimligi hamda hal qiluv qarorining xulosa qismida ushbu daʼvo talabi boʻyicha 961 050 soʻm davlat boji undirilishi belgilangan boʻlsada, biroq mazkur talab qanoatlantirilganligi hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatilmagan.
XPK 149-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biron-bir talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan boʻlsa, qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilishi lozimligi belgilangan.
Shu sababli, sud qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilib, daʼvo talabining kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Yana bir misol.
Daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi TIF “Milliy banki” xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgarlar “MSX Agrosnab” MChJ va “Qoraozek” MTPdan 117 923 095 soʻm kredit qarzini undirishni va undiruvni garovga qoʻyilgan “Keys-2166” rusumli, dvigatel raqami 45253899, davlat belgisi 3799 JF boʻlgan kombayn va “Keys-2166” rusumli, dvigatel raqami 45322902, davlat belgisi 3797 JF boʻlgan kombaynlarga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 117 923 095 soʻm kredit qarzi undirilib, undiruv “Keys-2166” rusumli, dvigatel raqami 45322902, davlat belgisi 3797 JF boʻlgan kombayniga qaratilgan.
Biroq, sud tomonidan undiruvni garov shartnomasiga asosan garovga qoʻyilgan “Keys-2166” rusumli, dvigatel raqami 45253899, davlat belgisi 3799 JF boʻlgan kombayniga qaratish masalasi muhokama qilinmagan.
Shu sababli, sud daʼvogarning arizasiga binoan asosli ravishda qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilib, “MSX Agrosnab” MChJning 117 923 095 soʻm kredit qarzini undirish boʻyicha undiruvni garovga qoʻyilgan “Keys-2166” rusumli, dvigatel raqami 45253899, davlat belgisi 3799 JF boʻlgan kombayn va “Keys-2166” rusumli, dvigatel raqami 45322902, davlat belgisi 3797 JF boʻlgan kombaynlarga qaratgan.
XPK 149-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra, hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biron-bir talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilmagan boʻlsa, qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qiladi.
4. Hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudi tomonidan pochta xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal qilinmagan boʻlsa, qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilinishi lozim.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi “Don xalq rizqi” AJ manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Elmurod ota oʻgʻli Baxodir” fermer xoʻjaligidan 3 388 450soʻm jarima undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan “Don xalq rizqi” AJ foydasiga 406 614 soʻm jarima va respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 91 530 soʻm davlat boji undirilgan.
Biroq, sudning hal qiluv qarorida pochta xarajatlarini undirish masalasi hal etilmagan.
Shu sababli, sud 2013-yil 29-noyabrda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, hal qiluv qarorining xulosa qismidagi “Don xalq rizqi” AJ foydasiga 406 614 soʻm jarima undirilsin” jumlasi “Don xalq rizqi” AJ foydasiga 406 614 soʻm jarima, 4 500 soʻm pochta xarajati undirilsin” jumlasiga tuzatilgan.
Vaholanki, XPK 149-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal qilinmagan boʻlsa,hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudi qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qiladi.
XPK 90-moddasining birinchi qismiga koʻra, sud xarajatlari davlat bojidan va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlardan: sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan, xoʻjalik sudi tayinlagan ekspertizani oʻtkazish, guvohni chaqirish, dalillarni oʻz joyida koʻzdan kechirish uchun toʻlanishi kerak boʻlgan summa, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan tashkil topadi.
XPK 90-moddasi birinchi qismining mazmunidan koʻrinib turibdiki, pochta xarajatlari ham sud xarajatlarining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Shu bois, mazkur holatda sud pochta xarajatlarini undirish masalasini yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarish yoʻli bilan hal etmasdan, balki XPK 149-moddasida belgilangan talablarga rioya qilgan holda qoʻshimcha hal qiluv qarori qabul qilishi lozim edi.
Xuddi shunday xatolikka 18-1306/23477-sonli ishni koʻrishda ham yoʻl qoʻyilgan.
5. Hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatilishi shart boʻlgan maʼlumotlarning mavjud emasligini hal qiluv qarorini tushuntirish yoʻli bilan bartaraf etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2014-yil 5-martda” GANJBAYJAN” YoAJ aksiyadorlari oʻrtasida nizoni sudgacha kelishuv yoʻli bilan hal etish haqida kelishuv imzolangan. Unga koʻra jamiyatning chet el aksiyadori “Can Gida Sanayi ve Dis Ticaret A.S.” kompaniyasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) oʻziga tegishli boʻlgan 10 752 dona aksiyalarni korxonaning aksiyadori A.Isroilovga, 11 000 dona aksiyalarini korxonaning aksiyadori T.Kuziyevga va 10 000 dona aksiyalarini korxonaning aksiyadori M.Xidoyatovga rasmiylashtirib berish majburiyatini olgan.
Biroq javobgar tomonidan majburiyat bajarilmagan. Shu bois, aksiyador A.Isroilov (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar zimmasiga taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuvni bajarish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, javobgar zimmasiga taraflar oʻrtasida 2014-yil 5-martda tuzilgan kelishuvni bajarish majburiyati va sud xarajatlari yuklangan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sud tomonidan ijro varaqasi berilgan.
Daʼvogar sudga ariza bilan murojaat qilib, sud hujjatini XPK 150-moddasiga asosan tushuntirib berishni soʻragan. Bunga asos qilib javobgar vakili Oʻzbekiston Respublikasi hududida emasligi, hal qiluv qarorining xulosa qismida aksiyalarni jamiyatning oʻzbek aksiyadorlari oʻrtasida taqsimlanishi koʻrsatilmaganligi, bu esa sud hujjatini ijro etishda qiyinchilikka olib kelishini koʻrsatgan. Shuningdek, “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariyasi” davlat korxonasiga tegishli koʻrsatma berishni soʻragan.
Daʼvogarning ushbu arizasi sud tomonidan koʻrib chiqilgan va natijasi boʻyicha hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisida 2014-yil 17-noyabrda ajrim chiqarilgan. Sudning ajrimida daʼvogar oʻz daʼvo arizasida oʻtkazilishi lozim boʻlgan aksiyalar sonini aniqlash yoki aksiyalarni jamiyatning oʻzbek aksiyadorlari oʻrtasida taqsimlanish tartibini belgilash talabi qoʻyilmaganligi sababli, shuningdek aksiyalarning soni va uni taqsimlash tartibi taraflar oʻrtasida 2014-yil 5-martda tuzilgan kelishuvda belgilanganligi bois, mazkur holatda javobgar tomonidan ushbu kelishuv ixtiyoriy yoki majburiy tarzda bajarilganidan soʻng aksiyalarga boʻlgan huquq qayta rasmiylashtirilishi mumkinligi daʼvogarga tushuntirilgan.
XPK 150-moddasining birinchi qismiga koʻra hal qiluv qarori noaniq boʻlgan taqdirda, nizoni hal qilgan xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki sud ijrochisining arizasiga koʻra, hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirib berishga haqlidir.
Mazkur holatda, hal qiluv qarorida noaniqlik emas, balki protsessual huquq normalarini qoʻllashda xatolik mavjud.
XPK 142-moddasining birinchi qismiga binoan javobgar zimmasiga mol-mulkni berish yoki pul summasini undirish bilan bogʻliq boʻlmagan muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklaydigan hal qiluv qarori qabul qilinganida xoʻjalik sudi uning xulosa qismida shu harakatlarni kim, qayerda, qachon yoki qaysi davr mobaynida bajarishi shartligini koʻrsatadi.
Ushbu holatda, sud javobgar zimmasiga majburiyat yuklagan boʻlsada, biroq hal qiluv qarorining xulosa qismida kim, qayerda, qachon yoki qaysi davr mobaynida qaysi harakatlarni bajarishi shartligini koʻrsatmagan. Bu esa, oʻz navbatida sud hujjatini ijro etishda qiyinchilikka olib kelgan. Shu bois, daʼvogar sudga ariza bilan murojaat qilishga majbur boʻlgan.
6. Hal qiluv qarorini tushuntirish, yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim XPKning 151-moddasi talablariga javob berishi lozim.
Zangiota tuman DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Saliyev Shuxrat Biznes” MChJning budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalardan boʻlgan 7 748 189 soʻm soliq qarzi undiruvini MChJning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Ish sudda koʻrilgunga qadar MChJ tomonidan soliq qarzi toʻlab berilgan. Shu bois, birinchi instansiya sudining 2014-yil 4-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Biroq, hal qiluv qarorining bayon qismida daʼvogar sifatida Zangiota tuman DSI koʻrsatilgan boʻlsada, hal qiluv qarorining qolgan qismlarida daʼvogar sifatida Parkent tuman DSI koʻrsatilgan.
Shu bois, sud oʻz tashabbusi bilan 2014-yil 9-dekabrda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, hal qiluv qaroridagi “Parkent tumani” soʻzlarini “Zangiota tumani” soʻzlari bilan almashtirgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
XPK 151-moddasining birinchi qismiga koʻra xoʻjalik sudi ish koʻrishni keyinga qoldirganda, ish yuritishni toʻxtatib turganda, tugatganda, daʼvoni koʻrmasdan qoldirganda, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda alohida hujjat tariqasida ajrim chiqaradi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga binoan alohida hujjat tariqasida chiqariladigan ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami, ajrim chiqarilgan sana, sud tarkibi, sud majlisi kotibi, nizo predmeti;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi;
3) ajrim chiqarilayotgan masala;
4) xoʻjalik sudi oʻz xulosalarini chiqarishga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonun hujjatlari;
5) koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa.
Mazkur holatda, sud yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarishda XPKning ushbu talablariga rioya qilmagan. Ajrimning kirish qismida “sudya viloyat xoʻjalik sudining 11-1405/15273-sonli ishi yuzasidan 2014-yil 14-iyulda qabul qilingan hal qiluv qarorini oʻrganib chiqqanligini”, bayon qismida “hal qiluv qaroridagi “Zangiota tumani” soʻzlari oʻrniga texnik xatolik tufayli “Parkent tumani” soʻzlari yozilganligi”, asoslantiruvchi qismida esa XPK 150-moddasining birinchi qismining matni keltirilib, “texnik xatolikni tuzatish lozimligi”, xulosa qismida “hal qiluv qaroridagi “Parkent tumani” soʻzlari “Zangiota tumani” soʻzlariga tuzatilishi” koʻrsatilgan.
7. Yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim bilan hal qiluv qarorining sanasi va tartib raqamiga tuzatish kiritilganda, sud majlisi bayonnomasining sanasi va unda qayd etilgan ishning tartib raqami ham tuzatilishi kerak.
Toshkent shahar Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “AS Qashqadaryo-Servis” shuʼba korxonasidan 1 828 869 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 29-avgustdagi ajrimi bilan daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilinib, ishni koʻrish 2014-yil 25-sentabrga tayinlangan. 2014-yil 25-sentabrdan ishni koʻrish 2-oktabrga qoldirilgan.
2014-yil 2-oktabrda ish koʻrilib, daʼvoni qisman qanoatlantirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Biroq, hal qiluv qarorining kirish qismida ishning tartib raqami va sanasini yozishda texnik xatolikka yoʻl qoʻyilgan. Ishning tartib raqami “18-1405/21852” oʻrniga “18-1405/21652” yozilgan va ish koʻrilgan sana “02.10.2014-yil” oʻrniga “29.09.2014-yil” yozilgan. Shuningdek, hal qiluv qarori qabul qilingan sud majlisida yuritilgan sud majlisi bayonnomasining sanasi va ishning tartib raqamini yozishda xatolikka yoʻl qoʻyilgan. Yaʼni bayonnomaning sanasi 29.09.2014-yil va ishning tartib raqami “18-1405/21652” deb koʻrsatilgan.
Shu sababli, sud 2014-yil 7-noyabrda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, hal qiluv qarorining kirish qismidagi ish koʻrilgan sana, yaʼni “29.09.2014-yil” “02.10.2014-yil”ga va ishning tartib raqami “18-1405/21652” “18-1405/21852”ga tuzatilsin deb koʻrsatilgan.
Biroq, sud ushbu ajrimda sud majlisi bayonnomasidagi sana va ishning tartib raqamiga tuzatish kiritmagan. Vaholanki, hal qiluv qarori va sud majlisi bayonnomasining sanasi va ishning tartib raqamida farq yuzaga kelib qolgan.
Shuning uchun sud ajrimda hal qiluv qarori bilan birga sud majlisi bayonnomasining sanasi va unda qayd etilgan ishning tartib raqamiga ham tuzatish kiritishi lozim.
Yana bir misol.
Xoʻjayli tuman DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Jana omir” MChJdan Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 4 805 250 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 16-iyundagi ajrimi bilan daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilinib, ishni koʻrish 2014-yil 1-iyulga tayinlangan. 2014-yil 1-iyuldagi sud majlisida ishni koʻrish 11-iyulga qoldirilgan. 2014-yil 11-iyulda ish koʻrib chiqilib, daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Biroq, sudning hal qiluv qarorida ishni koʻrish sanasi 2014-yil 11-iyul emas, balki 2014-yil 9-iyul deb koʻrsatilgan.
Shu sababli, sud 2014-yil 15-iyulda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, unda hal qiluv qarorining kirish qismidagi ish koʻrilgan sanani “09.07.2014-yil” “11.07.2014-yil”ga tuzatilsin deb koʻrsatilgan.
Biroq, sud ushbu ajrimda sud majlisi bayonnomasidagi sanaga tuzatish kiritmagan. Vaholanki, hal qiluv qarori va sud majlisi bayonnomasining sanasida farq yuzaga kelib qolgan. Shu sababli, sud majlisi bayonnomasiga ruchka yordamida tuzatish kiritib qoʻygan.
Mazkur holatda, sud oʻzining ajrimida hal qiluv qarori bilan birga sud majlisi bayonnomasining sanasiga ham tuzatish kiritishi lozim edi.
8. Ajrim bilan undirilishi koʻrsatilgan pul mablagʻi miqdoriga tuzatish kiritishga faqat bu noaniqlik hisoblashdagi tasodifiy xatolik yoki harfiy xatolik, yozuvdagi xatolik natijasi boʻlgan holda yoʻl qoʻyiladi.
Navbahor tuman DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Toshkent”fermer xoʻjaligidan 71 873 500soʻm soliq qarzini uning mol-mulki hisobidan undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan. Mazkur hal qiluv qarorining kirish, bayon, asoslantiruvchi qismlarida javobgarning soliq qarzi 718 735 000 soʻmni tashkil etishi koʻrsatilgan.
Sud oʻzining hal qiluv qarorida javobgar soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan qarzdorlikni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda toʻlamaganligi natijasida 718 735 000 soʻm qarzdorlikka yoʻl qoʻyganligi holati ish hujjatlari bilan oʻz tasdigʻini topganligini qayd etgan.
Shu bois, sud daʼvoni toʻliq qanoatlantirib,718 735 000 soʻm soliq qarzi va 7 187 350 soʻm davlat boji undirishni lozim topgan.
Biroq, sud tomonidan 2013-yil 22-oktabrda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, hal qiluv qarorining xulosasining “718 735 000 soʻm soliq qarzi va 7 187 350 soʻm davlat boji undirilsin” qismi “71 873 500 soʻm soliq qarzi va 718 735 soʻm davlat boji undirilsin” deb tuzatilgan.
Vaholanki, ish mazmunan koʻrilayotganda sud 718 735 000 soʻm soliq qarzi toʻlangan yoki toʻlanmaganligini muhokama qilib, ushbu qarz toʻlab berilmagan degan xulosaga kelib, undirilayotgan summa miqdoridan kelib chiqib 7 187 350 soʻm davlat boji undirishni lozim topgan. Bunday holatni texnik xato deb hisoblab boʻlmaydi. Shu sababli, sud ushbu holatda soliq qarzi va davlat boji summalarini yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim bilan tuzatishi mumkin emas.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarori 14-bandining yettinchi qismiga koʻra, undirilishi koʻrsatilgan pul mablagʻi miqdori, sana, mulkni undirish choralariga tuzatish kiritishga faqat, agar bu noaniqlik hisoblashdagi tasodifiy xatolik yoki harfiy xatolik, yozuvdagi xatolik natijasi boʻlgan holda yoʻl qoʻyiladi.
Mazkur holatda, hal qiluv qarorida yoʻl qoʻyilgan xatolik faqatgina ishni qayta koʻrish yoʻli bilan tuzatilishi mumkin.
9. Hal qiluv qarorida yoʻl qoʻyilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatishlar hal qiluv qarorining mohiyatini oʻzgartirmasligi lozim.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Luxe Furniture max” MChJdan 18 042 818 soʻm penya undirishni va mahsulot yetkazib berish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2013-yil 18-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan 3 608 564 soʻm penya undirilgan va javobgarga 40 ta stellajlarni yetkazib berish majburiyatini yuklagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2012-yil 20-noyabrda FXDYo boʻlimlari uchun 60 ta va 2012-yil 20-dekabrda davlat notarial idoralari uchun 100 ta temir stellajlar yetkazib berish toʻgʻrisida shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalar boʻyicha daʼvogar tomonidan shartnoma summasining 15 foizi miqdoridagi mablagʻ oldindan toʻlab berilgan.
Biroq, javobgar tomonidan shartnomalarga koʻra 41 ta stellaj yetkazib berilgan, 119 ta stellaj esa yetkazib berilmagan.
Birinchi instansiya sudi 40 ta stellajlar yetkazib berilmaganligini isbotlangan deb topib, hal qiluv qarorida 3 608 564 soʻm penya undirish bilan birga javobgar zimmasiga 40 ta stellajlarni yetkazib berish majburiyatini yuklagan.
Xoʻjalik sudi 2013-yil 27-iyunda ajrim chiqarib, unda “hal qiluv qarorining bayon qismi “160 dona notarial idoralari va FHDY boʻlimlariga temir stellajlar oʻrnatib berish” va xulosa qismi “javobgar Fargʻona viloyatidagi “Luxe Furniture max”MChJga notarial idoralari va FHDY boʻlimlari uchun 119 ta temir stellajlar oʻrnatib berish majburiyati yuklatilsin” deb oʻqilsin” degan mazmundagi oʻzgartirish kiritgan.
XPK 150-moddasining birinchi qismiga koʻra hal qiluv qarori noaniq boʻlgan taqdirda, nizoni hal qilgan xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki sud ijrochisining arizasiga koʻra, hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirib berishga, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan yoʻl qoʻyilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni, hal qiluv qarorining mohiyatiga tegmagan holda, tuzatishga haqlidir.
Mazkur holatda, sudning ajrimi bilan hal qiluv qarorining mohiyati oʻzgartirilgan. Vaholanki, hal qiluv qarori qabul qilishda yoʻl qoʻyilgan xatolik faqat sud hujjatini qayta koʻrib chiqish yoʻli bilan bartaraf etilishi lozim edi.
10. Garovga qoʻyilgan mol-mulkning boshlangʻich bahosi hal qiluv qarorida muhokama qilinmagan va koʻrsatilmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyilgan xatolik sud hujjatini qayta koʻrish yoʻli bilan toʻgʻrilanadi.
Daʼvogar “Ipoteka bank” ATIB nomidan uning Navoiy viloyat filiali (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Elbek Elyor kamoli” MChJ va qoʻshimcha javobgar “Elbek Elyor Karmana” xususiy korxonasidan kredit va unga hisoblangan foizlarni muddatidan oldin garovga olingan mulk hisobidan undirish va kredit shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi bilan apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, bank tomonidan “Elbek Elyor kamoli” MChJga 2 yil muddatga 30 000 000 soʻm kredit berilgan. Kredit qaytarilishini taʼminlash maqsadida MChJga tegishli Navoiy koʻchasida joylashgan savdo doʻkoni garovga qoʻyilgan. Bundan tashqari, “bank, “Elbek Elyor kamoli” MChJ va “Elbek Elyor Karmana” xususiy korxonasi oʻrtasida kafillik shartnomasi ham tuzilgan.
MChJ tomonidan bankka 23 998 000 soʻm kredit qarzi va 916 707 soʻm unga hisoblangan foizlar shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlab berilmagan. Shu sababli, bank xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Sud daʼvoni toʻliq qanoatlantirgan. Hal qiluv qarorining xulosa qismida “Ipoteka bank” ATIB foydasiga “Elbek Elyor kamoli” MChJ va “Elbek Elyor Karmana” XKdan solidar tartibda 23 998 000 soʻm kredit qarzi va 916 707 soʻm unga hisoblangan foizlar garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan undirilsin” deb koʻrsatilgan. Biroq, sud garovga qoʻyilgan mol-mulkning boshlangʻich bahosini belgilab bermagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 23-bandining birinchi qismiga koʻra undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda sudning qarorida garovdagi mol-mulkning nomi, joylashgan joyi, garov shartnomasida koʻrsatilgan miqdordagi boshlangʻich sotuv bahosi koʻrsatilishi lozim.
Shu sababli, sud 2013-yil 3-oktabrda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, hal qiluv qarorining xulosa qismi “Elbek Elyor kamoli” MChJga tegishli boʻlgan umumiy maydoni 268,82 kvadrat metr boʻlgan Navoiy koʻchasida joylashgan savdo doʻkonining boshlangʻich bahosi 32 500 000 soʻm qilib belgilansin” jumlasi bilan toʻldirilsin deb tuzatilgan.
Garovdagi mol-mulkning boshlangʻich bahosi sud muhokamasi jarayonida muhokama qilinmaganligi va uning bahosi yuzasidan maʼlum bir toʻxtamga kelinmaganligi sababli, sud bu xatolikni yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim bilan tuzata olmaydi.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 23-bandining ikkinchi qismiga koʻra garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelgan hollarda, u taraflarning iltimosnomasi boʻyicha tayinlangan mutaxassis (ekspert)ning xulosasiga koʻra belgilanadi. Bunda mutaxassis (ekspert) sifatida baholash faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan ham jismoniy, ham yuridik shaxs qatnashishi mumkin.
Qayd etilgan Plenum qarorining ikkinchi qismi mazmunidan koʻrinib turibdiki, garovga qoʻyilgan mol-mulkning boshlangʻich bahosi taraflar oʻrtasida muhokama qilinishi kerak. Agar uning qiymati yuzasidan nizo kelib chiqsa, taraflarning iltimosnomasi boʻyicha ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Shu sababli, garovga qoʻyilgan mol-mulkning boshlangʻich bahosi hal qiluv qarorida muhokama qilinmaganligi va koʻrsatilmaganligi sud hujjatini qayta koʻrish yoʻli bilan toʻgʻrilanadi.
11. Yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim u chiqarilganidan keyin besh kunlik muddatda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, ajrim axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Daʼvogar “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Qamashi fazosi” fermer xoʻjaligidan 45 320 695 soʻm asosiy qarz va 6 730 761 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Hal qiluv qarorining xulosa qismida “Javobgar – “Barnoyev Jaxongir” FXdan “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ foydasiga 45 320 761 soʻm asosiy qarz,673 076 soʻm penya undirilsin” va “Javobgar – “Barnoyev Jaxongir FX” hisobidan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 520 514 soʻm davlat boji undirilsin” deb koʻrsatilgan.
Shu sababli, sud tomonidan 2014-yil 17-oktabrda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, hal qiluv qarorining xulosa qismidagi “Javobgar – “Barnoyev Jaxongir FX” soʻzlari “Javobgar – “Qamashi fazosi” FX” soʻzlariga tuzatilgan.
Ammo, ushbu ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilmagan.
Vaholanki, XPKning 153-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi alohida hujjat tariqasida ajrim chiqargan hollarda, ajrim chiqarilganidan keyin besh kunlik muddatda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va ajrim daxldor boʻlgan boshqa shaxslarga yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, ajrim axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Ushbu Kodeksga muvofiq, ustidan shikoyat qilinishi mumkin boʻlgan ajrimlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va ajrimlar daxldor boʻlgan boshqa shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, ajrimlar axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Biroq, xoʻjalik ishida yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrimni ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.
12. XPK 150-moddasining uchinchi qismiga asosan hal qiluv qarorini tushuntirib berish va yozuvdagi xatolar, harfiy xatolarni yoki hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin.
“Musaffo obi hayot” MChJ xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “MPMK-1” MChJdan 154 526 soʻm asosiy qarz va 58 791 soʻm neustoyka undirishni soʻragan.
Ish koʻrilishi jarayonida daʼvogar daʼvo arizasidan voz kechish haqidagi sudga ariza bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 27-avgustdagi ajrimi bilan daʼvogarning daʼvodan voz kechishi qabul qilinib, ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
2014-yil 5-sentabrda sud oʻz tashabbusi bilan yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, ajrim chiqarilgan sana “2014-yil 27-avgust” oʻrniga “2014-yil 3-sentabr” deb hisoblanishi belgilangan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
XPK 150-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga binoan hal qiluv qarorini tushuntirib berish va yozuvdagi xatolar, harfiy xatolarni yoki hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi va bunday ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin.
Biroq sud 2014-yil 5-sentabrdagi yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrimda uning ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkinligini koʻrsatmagan.
Xuddi shunday xatolikka 11-1436/12458 va 11-1406/3909-sonli ishlarda ham yoʻl qoʻyilgan.
13. XPK normalarining talablariga muvofiq boʻlmagan hal qiluv qarorini XPKning 150-moddasiga asosan tuzatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Daʼvogar Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi “ULKAN QURILISH MAXSUS SERVIS”MChJ manfaatida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “CONTACT INFORM GROUP” MChJdan 3 240 420 soʻm asosiy qarz va 518 467 soʻm penya undirishni soʻragan.
Ushbu ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorining kirish, bayon qilish, asoslantiruvchi qismlarida daʼvo predmeti 10 060 200 soʻm asosiy qarz va 1 609 632 soʻm penya undirishdan iborat ekanligi koʻrsatilgan. Shuningdek, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida daʼvo talabi qisman qanoatlantirilishi, yaʼni 10 060 200 soʻm asosiy qarz va 482 889 soʻm penya undirilishi lozimligi haqida fikr bildirilib, xulosa qismiga kelganda, unda daʼvo qisman qanoatlantirilganligi koʻrsatilgan, lekin undirilayotgan summa umuman koʻrsatilmay, ochiq qolgan. Javobgardan faqat 116 698 soʻm davlat boji undirilgan.
2014-yil 10-noyabrda sud oʻz tashabbusi bilan XPKning 150-moddasiga asosan yoʻl qoʻyilgan harfiy xatolarni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, ushbu holatni texnik xato sifatida baholab, hal qiluv qarorining faqatgina xulosa qismiga tuzatish kiritgan. Yaʼni, hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatilmay qolgan 3 240 420 soʻm asosiy qarz va 518 467 soʻm penya summalari kiritilgan va davlat bojini undirish qismi 107 635 soʻmga tuzatilgan. Hal qiluv qarorining kirish, bayon va asoslantiruvchi qismlarida notoʻgʻri yozilgan daʼvo summalariga tuzatish kiritilmagan.
Yaʼni, hal qiluv qarorining bayon va asoslantiruvchi qismlarida xatoga yoʻl qoʻyilib, daʼvo predmeti 10 060 200 soʻm asosiy qarz va 1 609 632 soʻm penyadan iborat ekanligi bayon etilgan boʻlsada, ajrim bilan faqatgina hal qiluv qarorining xulosa qismidagi tushirib qoldirilgan summalar kiritilib, hal qiluv qarori bilan ajrim oʻrtasida nomutanosiblik vujudga kelgan. Vaholanki, hal qiluv qarorida yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlar deb baholab boʻlmaydi va ushbu xatoliklar faqat apellatsiya (kassatsiya) shikoyat (protest)i berish va ishni qayta koʻrish yoʻli bilan tuzatilishi mumkin edi.
14. Sud tomonidan chiqarilgan hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim hal qiluv qarorining mazmunini oʻzgartirishi mumkin emas.
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi “Muborak paxta tozalash” AJ manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Guliston porloq zamini”fermer xoʻjaligidan 2014-yilda tuzilgan paxta xomashyosi va urugʻlik paxta xarid qilish boʻyicha kontraktatsiya shartnomasiga koʻra topshirilmay qolgan mahsulot qiymatining 25 foizi miqdorida 25 254 500 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan “Muborak paxta tozalash” AJ foydasiga 12 700 000 soʻm jarima undirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, javobgar 2014-yilda tuzilgan paxta xomashyosi va urugʻlik paxta xarid qilish boʻyicha kontraktatsiya shartnomasi shartlarini lozim darajada bajarmasdan 106,7 tonna 101 018 000 soʻmlik paxta xomashyosini topshirmagan. Ishdagi hujjatlar bilan ushbu holat oʻz tasdigʻini topgan.
Shu sababli, Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 25 254 500 soʻm jarima undirishni soʻragan. Sud FKning 326-moddasiga asoslangan holda, javobgarning mulkiy ahvolini hisobga olib jarimani 12 700 000 soʻmgacha kamaytirishini lozim topgan.
Ammo sud tomonidan 2014-yil 25noyabrda hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi va xulosa qismlaridagi “12 700 000 soʻm jarima undirilsin” soʻzlari “14 364 200 soʻm jarima undirilsin” soʻzlariga tuzatilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarori 41-bandining ikkinchi qismiga koʻra, yoʻl qoʻyilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi boʻyicha yoki oʻzining tashabbusi bilan tuzatishga haqli. Bunda nazarda tutish kerakki, hal qiluv qarorining mazmunini, dalillarni tekshirish, holatlarni aniqlash va qonunni qoʻllash natijasida kelingan xulosalarni oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mazkur holatda jarima miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisida hal qiluv qaroriga tuzatish kiritilib notoʻgʻri toʻxtamga kelingan, chunki sud jarima miqdorini FKning 326-moddasiga asoslangan holda 12 700 000 soʻmgacha kamaytirgan. Sud ajrim chiqarishi bilan hal qiluv qarorining mazmunini oʻzgartirgan.
Yana bir misol.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat boshqarmasi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Namangan viloyat filiali manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Kushon invest qurilish” MChJdan 26 602 204 soʻm zarar undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 26 602 204 soʻm zarar va 5 000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan.
Sudning ajrimi bilan yozuvdagi xatolarga tuzatish kiritilib, hal qiluv qarorining xulosa qismining 1 va 2-bandlaridagi “daʼvo qanoatlantirilsin” soʻzlari oʻrniga “daʼvo qisman qanoatlantirilsin” deb, “Kushon invest qurilish invest” MChJ hisobidan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi foydasiga 26 602 204 soʻm zarar undirilsin” oʻrniga “Kushon invest qurilish invest” MChJ hisobidan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi foydasiga 25 262 028 soʻm zarar undirilsin” deb oʻzgartirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Xoʻjalik sudi Plenumining “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 2007-yil 15-iyundagi 162-sonli qarori 41-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra yoʻl qoʻyilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi boʻyicha yoki oʻzining tashabbusi bilan tuzatishga haqli. Bunda nazarda tutish kerakki, hal qiluv qarorining mazmunini, dalillarni tekshirish, holatlarni aniqlash va qonunni qoʻllash natijasida kelingan xulosalarni oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Birinchi instansiya sudi yozuvdagi xatolarni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan. Yaʼni, sud ajrim bilan hal qiluv qarorining mazmuniga taʼsir etgan.
Bunday holatda, sud yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarishga haqli emas, balki xatolik ishni qayta koʻrish yoʻli bilan toʻgʻrilanishi mumkin.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining 13-bandi beshinchi xatboshisiga koʻra, sudning xatosi daʼvoning mazmuni boʻyicha sudning xulosasiga muvofiq kelmagan holda sud qoʻshimcha qaror chiqarishga haqli emas. Bunday holda sudning xatosini tuzatish qarorni XPKda belgilangan tartibda qayta koʻrish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Biroq, apellatsiya instansiya sudi tomonidan ham yuqorida keltirilgan Plenum qarori talablariga rioya qilmasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Xuddi shunday xatolikka 18-1404/26162, 18-1404/26184, 18-1404/26181-sonli ishlarni koʻrishda ham yoʻl qoʻyilgan.
15. Ijro varaqasini berishda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim bilan hal qiluv qarorining xulosa qismiga kiritilgan tuzatishlar inobatga olinishi lozim.
Shahrisabz tuman DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Umirov Akobir Zafarovich” fermer xoʻjaligidan 2 298 238 soʻm miqdordagi soliq qarzi undiruvini uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Hal qiluv qarorining xulosa qismida javobgar “Umirov Akobir” FXning 2 298 238 soʻm soliq qarzi undiruvi uning mol-mulkiga qaratilsin” va javobgar “Umirov Akobir” FXdan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 45 964 soʻm davlat boji undirilsin” deb koʻrsatilgan.
Shu sababli, sud 2014-yil 3-aprelda yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, hal qiluv qarorining xulosa qismidagi “Umirov Akobir” soʻzlari “Umirov Akobir Zafarovich” soʻzlariga tuzatilgan.
Ammo, sud tomonidan 2014-yil 24-aprelda berilgan ijro varaqalarida javobgar nomi “Umirov Akobir” FX deb koʻrsatilgan. Yaʼni, hal qiluv qarorida xato yozilgan fermer xoʻjaligining nomi koʻrsatilgan.
Vaholanki, yozuvdagi xatoni tuzatish toʻgʻrisidagi ajrim bilan hal qiluv qarorining xulosa qismiga kiritilgan tuzatishlar ijro varaqasini berishda hisobga olinishi lozim edi.
2014-yil 31-dekabr.