Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak
[Koʻchirma]
MChJ shaklidagi “QIBRAY ZARODIN” agrofirmasi tugatish boshqaruvchisi (bundan buyon matnda — MChJ) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ va “QIBRAY SAGDULLAYEVA SANAM” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda — Fermer xoʻjaligi) oʻrtasida 2008-yil 7-yanvarda tuzilgan 1021-sonli koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish va uning oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar, MChJ daʼvoning asosini oʻzgartirgan.
Sudning 2013-yil 1-iyundagi ajrimi bilan ish boʻyicha nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Respublika koʻchmas mulk birjasi (bundan buyon matnda — Birja) jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 9-iyuldagi hal qiluv qarori bilan MChJning daʼvo arizasi hamda Fermer xoʻjaligining daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
MChJ kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda Toshkent viloyat xoʻjalik sudning 2013-yil 21-yanvardagi hal qiluv qarori bilan MChJ bankrot deb topilib, tugatishga doir ish yuritish boshlanganligi, barcha vakolatlar tugatish boshqaruvchisiga oʻtganligi, tugatish jarayonida MChJ mol-mulki noqonuniy ravishda Fermer xoʻjaligiga Birja orqali sotib yuborilganligi aniqlanganligi, MChJ Ustavining 17.5-bandida MChJ mol-mulkini, shu jumladan, uning pul mablagʻlarini taʼsischilar umumiy yigʻilishi qarorlarida belgilangan doirada tasarruf etish belgilanganligi, biroq, sud ushbu holatlarni inobatga olmasdan daʼvoni qanoatlantirishni rad etganligi bayon etilib, hal qiluv qarorini bekor qilish, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, MChJ va Fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2008-yil 7-yanvarda 10421-sonli koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra, MChJ Toshkent viloyati, Qibray tumani, Qipchoq Q.F.Yda joylashgan “Gunavsha” bolalar bogʻchasi bino va inshootlarini sotish, Fermer xoʻjaligi esa obyektni sotib olish va haqini toʻlash majburiyatini olgan.
MChJ tugatish boshqaruvchisi daʼvo arizasida, Jinoyat ishlari boʻyicha Qibray tuman sudining 2010-yil 10-dekabrdagi hukmiga asosan 2008-yil 7-yanvarda 10421-sonli koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan boʻlsa, hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar, daʼvoning asosini oʻzgartirib, mazkur koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasini Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda — FK) 126-moddasiga asosan haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi normalarni qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 269-sonli qarorining 17-bandida FKning 126-moddasiga koʻra, agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi, bunday asos bilan bitim kimning manfaatida cheklash belgilangan boʻlsa, faqat oʻsha shaxsning daʼvosi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi, shu bois, FKning 126-moddasiga asosan bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvo bilan boshqa shaxs murojaat qilgan boʻlsa, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etilishi, bitim tuzish vakolatlarini cheklash belgilanishidan manfaatdor shaxs bitimni keyinchalik maʼqullaganda, FKning 126-moddasida belgilangan bitimni haqiqiy emas deb topish asoslari qoʻllanilmasligi, bitim, agar u boʻyicha boshqa taraf qayd etilgan cheklash haqida bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlgan holatlar aniqlangan taqdirdagina, FKning 126-moddasi asosida haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda XPK) 55-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Biroq, MChJ tomonidan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi tuzilayotgan paytda Fermer xoʻjaligi MChJ mansabdor shaxsining mazkur shartnomani tuzishga vakolatlarida cheklashlarni bilganligi va oldindan bilishi lozim boʻlganligi dalillar asosida isbotlab berilmagan.
FK 163-moddasining oltinchi xatboshisiga koʻra, mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni, shu jumladan, egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan buzishlarni (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga daʼvo muddati joriy qilinmaydi.
Shu bois, birinchi instansiya sudi MChJning daʼvo arizasini hamda Fermer xoʻjaligining daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
XPKning 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda birinchi instansiyasi sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 961 050 soʻm davlat boji, 7000 soʻm pochta xarajatini MChJ zimmasiga yuklashni lozim topdi.
2015-yil 12-avgust,
11-1431/2057-son