Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq abonent qabul qilgan energiya haqini toʻlash, shartnomada nazarda tutilgan energiya isteʼmol qilish tartibiga rioya etish hamda oʻzi foydalanadigan energiya isteʼmol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini taʼminlash majburiyatini oladi
[Koʻchirma]
Daʼvogar – “SHOSH ENERGO SAVDO” masʼuliyati cheklangan jamiyati daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — “FARXOD-ABROR-XOʼJA” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan 23917806 soʻm asosiy qarz, 6308701,20 soʻm penya, jami 30226507,20 soʻm undirishni soʻragan.
Xoʻjalik sudining 2010-yil 19-maydagi ajrimi bilan “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” OAJ nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 7-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 28-avgustdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “SHOSH ENERGO SAVDO” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “FARXOD-ABROR-XOʼJA” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 2007-yil 2-aprelda 3282-sonli, 2008-yil 1-yanvarda 3282-sonli, 2009-yil 1-yanvarda 3282-sonli shartnomalar tuzilgan.
Shartnomalarning shartlariga asosan “SHOSH ENERGO SAVDO” masʼuliyati cheklangan jamiyati “FARXOD-ABROR-XOʼJA” masʼuliyati cheklangan jamiyatining buyurtmanomasiga asosan elektr energiyasi yetkazib berish, oʻz navbatida “FARXOD-ABROR-XOʼJA” masʼuliyati cheklangan jamiyati yetkazib berilgan elektr energiyasini qabul qilib olib, haqini toʻlash majburiyatini olgan.
2010-yil 8-yanvarda “SHOSH ENERGO SAVDO” vakillari tomonidan “FARXOD-ABROR-XOʼJA”ning energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarining texnik holati yuzasidan nazorat tekshiruvi oʻtkazilishi jarayonida asbob va uskunalar amaldagi qoidalar buzilgan holda ishlatilayotganligi, jumladan elektr oʻlchov asbobining “kleymo” qopqogʻi muhrlanmaganligi, energiya transformatorlaridan bittasi ishlamayotganligi aniqlangan va ular yuzasidan shu kuni dalolatnoma tuzilib, bir nusxasi isteʼmolchiga berilgan.
Shuningdek, 2010-yil 1-yanvarda elektr oʻlchov asbobi (elektroschyotchik)ning nazorat koʻrsatkichi olingan boʻlib, oʻlchov asbobi xato ishlayotganligi, isteʼmol qilingan elektr energiyasining 55 foizi olinmayotganligi aniqlangan va shu kuni ushbu holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, bir nusxasi isteʼmolchiga berilgan hamda unga hisobdan tashqari ortiqcha isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilish taklif etilgan. Biroq, isteʼmolchi vakillari isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilishdan bosh tortgan. Natijada, “SHOSH ENERGO SAVDO” MChJ daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilib, mavjud qarzdorlikni undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 468-moddasiga asosan energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga (isteʼmolchiga) energiya berib turish majburiyatini oladi, abonent esa qabul qilingan energiya haqini toʻlash, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan energiya isteʼmol qilish tartibiga rioya etish, tasarrufidagi energetika shaxobchalaridan foydalanish xavfsizligini hamda oʻzi foydalanadigan energiya isteʼmol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini taʼminlash majburiyatini oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 63-bandiga binoan elektr oʻlchov asbobi (elektroschetchik)ning nosozligi mijozning aybi bilan yuz bergan taqdirda, mijoz tomonidan hisobdan tashqari qoʻshimcha ishlatilgan elektroenergiya uchun qayta hisob-kitob shu bandda koʻzda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvoni qanoatlantirish haqida asosli xulosaga kelingan.
Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, toʻgʻri xulosaga kelingan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirib, ishni kassatsiya tartibida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarining “FARXOD-ABROR-XOʼJA” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan oldindan toʻlanganligini inobatga olishni lozim topadi.
2010-yil 25-oktabr,
10-1014/7239-son