Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ijro yigʻimi qarzdordan ixtiyoriy ijro etish muddati tugaganidan keyin mulkiy xarakterdagi ijro hujjatlari boʻyicha – jismoniy shaxsdan undirilayotgan summaning 1 foizi miqdorida, yuridik shaxsdan 2 foizi miqdorida undiriladi
[Koʻchirma]
“Fargʻona neft bazasi” unitar korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi Fargʻona shahar boʻlimining (bundan buyon matnda sud ijrochilari shahar boʻlimi deb yuritiladi) 2009-yil 15-iyundagi 5571-son qarorini haqiqiy emas deb topishni, undan 17 243 021 soʻm ijro yigʻimi undirishni soʻragan.
2009-yil 14-avgustdagi sud ajrimi bilan Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda sud ijrochilari viloyat boshqarmasi deb yuritiladi) va Fargʻona shahar davlat soliq inspeksiyasi ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 8-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 16-dekabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 9-martdagi qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan.
2010-yil 31-martdagi sud ajrimi bilan sud ijrochilari viloyat boshqarmasi javobgar sifatida, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti, Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi va Fargʻona shahar davlat soliq inspeksiyasi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2010-yil 26-apreldagi hal qiluv qarori bilan sud ijrochilari shahar boʻlimining 2009-yil 15-iyundagi 5571-son qarorining 3 572 993 soʻm ijro yigʻimini qoʻllash va undirish qismi haqiqiy emas deb topilgan, sud ijrochilari viloyat boshqarmasidan daʼvogarga 3 572 993 soʻm undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 23-iyundagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Fargʻona neft bazasi” unitar korxonasining 862 151 022 soʻm soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratish haqidagi ijro hujjatlariga asosan sud ijrochilari shahar boʻlimi 2009-yil 5-iyunda ijro ish yurituvini qoʻzgʻatish haqida qaror qabul qilgan. Ijro yigʻimi undirish haqida 2009-yil 15-iyundagi qaror bilan sud ijrochilari shahar boʻlimi unitar korxonadan 17 243 021 soʻm undirgan.
Bundan norozi boʻlgan daʼvogar sud ijrochilari shahar boʻlimining ijro yigʻimi undirish haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topishni va undan 17 243 021 soʻm ijro yigʻimi undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Sud ijrochilari shahar boʻlimining ijro ish yurituvini qoʻzgʻatish haqida 2009-yil 5-iyundagi qarori “Fargʻona neft bazasi” unitar korxonasiga 2009-yil 8-iyunda topshirilgan. Unitar korxona tomonidan qaror nusxasi olinganidan keyin 5 kunlik muddat ichida – 2009-yilning 14-iyuniga qadar 178 649 646 soʻm pul mablagʻi undiruvchiga toʻlangan. Qolgan 683 501 364 soʻm qarz ixtiyoriy ijro etish muddati oʻtganidan keyin toʻlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamentining sud qarorlarini ijro etish, moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son Qarorining 3-bandiga asosan ijro yigʻimi qarzdordan ixtiyoriy ijro etish muddati tugaganidan keyin mulkiy xarakterdagi ijro hujjatlari boʻyicha – jismoniy shaxsdan undirilayotgan summaning 1 foizi miqdorida, yuridik shaxsdan 2 foizi miqdorida undiriladi.
Ammo sud ijrochilari shahar boʻlimi ijro yigʻimi undirish haqidagi qaror bilan unitar korxonadan ixtiyoriy ijro etish muddatida toʻlangan qarz uchun asossiz ravishda 3 572 993 soʻm ijro yigʻimini undirgan.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi daʼvoning ushbu summaga taalluqli qismini qanoatlantirgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 17-avgust,
15-09-09/19315-son