Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ommaviy mulk obyektlarini tasarruf etuvchi mol-mulkni yangi mulkdorga topshirayotganda unga mulkdorlik huquqini tasdiqlovchi order berishi, davlat korxonalari haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olingan taqdirda mulkdorlik huquqini tasdiqlovchi orderni haqning birinchi badali toʻlangach berishi lozim
[Koʻchirma]
“Shohrud” femer xoʻjaligi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi va Buxoro viloyat soliq boshqarmasiga nisbatan “XATP-11” aksiyadorlik jamiyatining 46,23 foiz davlat aktiviga nisbatan order berish majburiyatini yuklatishni, 32400000 soʻmlik ortiqcha toʻlangan soliq summasini kamaytirishni, Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat boshqarmasining 2007-yil 29-martdagi yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni, past rentabelli, zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor davlat korxonalari va obyektlarini investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berish boʻyicha Buxoro viloyat hududiy komissiyasining 2005-yil 15-martdagi 11-sonli yigʻilish bayonnomasining qaror qismini ijro etish majburiyatini yuklatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talabi qisman qanoatlantirilgan, “XATP-11” aksiyadorlik jamiyatining 46,23 foiz davlat aktiviga nisbatan daʼvogar “Shohrud” fermer xoʻjaligiga mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi order berish majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasiga yuklatilgan, daʼvogarning 32400000 soʻmlik ortiqcha toʻlangan soliq summasini qaytarish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi rad qilingan, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat boshqarmasining 2007-yil 29-martdagi yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish va past rentabelli, zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor davlat korxonalari va obyektlarini investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berish boʻyicha Buxoro viloyat hududiy komissiyasining 2005-yil 13-martdagi 11-sonli yigʻilish bayonnomasini ijro etish majburiyatini yuklash toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi, “Shohrud” fermer xoʻjaligi hamda “XATP-11” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida “XATP-11” aksiyadorlik jamiyatining 46,23 foiz davlat ulushini investitsiya kiritish sharti bilan bepul berish boʻyicha 2005-yil 23-martda 12-sonli shartnoma tuzilgan. Ushbu shartnomaga asosan “Sotuvchi” “XATP-11” aksiyadorlik jamiyati nizom jamgʻarmasidagi 46,23 foiz davlat aktivini (82850 dona aksiya) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-maydagi “Davlat mulki ayrim obyektlarini investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 209-sonli qaroriga va Respublika Davlat “Tanlov” komissiyasining 2004-yil 6-sentabrdagi 09-11-sonli yigʻilish qaroriga hamda viloyat hududiy “Tanlov” komissiyasining 2004-yil 12-oktabrdagi 8-sonli qaroriga asosan “Sarmoyador”ga, yaʼni “Shohrud” fermer xoʻjaligiga investitsiya majburiyatlari qabul qilinishi sharti bilan “tanlov” asosida bepul berishi, “Shohrud” fermer xoʻjaligi esa investitsiya majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishi lozim boʻlgan.
Shartnomaga asosan “Shohrud” fermer xoʻjaligi shartnoma imzolangan kundan boshlab 1 yil muddat ichida 10000000 soʻmlik pul investitsiyasi, 42350000 soʻmlik ishlab chiqarishni qayta taʼmirlash va qayta tiklash uchun jihozlar hamda ehtiyot qismlari, 5000000 soʻmlik xomashyo va materiallar, jami 57350000 soʻmlik investitsiya kiritishi lozim boʻlgan.
Shartnoma majburiyatlari daʼvogar tomonidan toʻliq bajarilgan, yaʼni 57350000 soʻmlik investitsiya oʻrniga 61723720 soʻmlik investitsiya kiritilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 2005-yil 14-martdagi 11-U-sonli buyrugʻiga asosan ishchi komissiyasi tuzilib, komissiya daʼvogar tomonidan 4373720 soʻmlik ortiqcha investitsiya kiritilganligini aniqlagan. Bu haqda dalolatnoma tuzilib, u ishchi komissiyasi aʼzolari tomonidan imzolangan.
Investitsiya majburiyatlari bajarilganligini koʻrib chiqish maqsadida Buxoro viloyat davlat mulkini boshqarish boshqarmasi tomonidan 2006-yil 4-aprelda yigʻilish oʻtkazilgan hamda 13-sonli yigʻilish bayonnomasi tuzilgan. Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulk qoʻmitasining investitsiya majburiyati bajarilishi monitoringi boshqarmasi tomonidan tasdiqlangandan soʻng, oʻrnatilgan tartibda “Shohrud” fermer xoʻjaligiga mazkur obyekt boʻyicha mulkiy huquqni tasdiqlovchi order rasmiylashtirib berishga qaror qilingan. 2006-yil 4-apreldagi 13-sonli yigʻilish bayonnomasi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulki qoʻmitasi investitsiya majburiyatlari bajarilishi monitoringi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi tomonidan tasdiqlangan.
“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga koʻra, ommaviy mulk obyektlarini tasarruf etuvchi mol-mulkni yangi mulkdorga topshirayotganda unga mulkdorlik huquqini tasdiqlovchi order berishi, davlat korxonalari haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olingan taqdirda mulkdorlik huquqini tasdiqlovchi orderni haqning birinchi badali toʻlangach berishi lozimligi koʻrsatilgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 1.2-bandiga koʻra, “Sarmoyador”ga “XATP-11” aksiyadorlik jamiyati nizom jamgʻarmasining 46,23 foiz aksiya paketi hisobiga jamiyatga qarashli Kogon tuman avtosaroyi mol-mulkiga egalik qilish va tasarruf etish huquqi investitsiya majburiyatlari toʻliq bajarilib, topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilganidan soʻng berilishi belgilangan. “Shohrud” fermer xoʻjaligi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini toʻliq bajargan boʻlsada, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan mulkiy huquqni tasdiqlovchi order rasmiylashtirib berilmagan.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi ushbu talabni toʻgʻri qanoatlantirgan.
Bundan tashqari, daʼvogar ortiqcha undirilgan 32400000 soʻmlik soliq toʻlovlarini javobgarlardan undirib berishni soʻragan.
Ish hujjatlarida daʼvogar 32400000 soʻm soliq toʻlovlarini amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning 32400000 soʻmlik ortiqcha toʻlangan soliq summasini qaytarish talabini Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga asosan isbotlanmaganligi uchun rad qilib, toʻgʻri xulosaga kelgan.
Daʼvo talabining Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 2007-yil 29-martdagi yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni, past rentabelli, zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor davlat korxonalari va obyektlarni investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berish boʻyicha Buxoro viloyat hududiy komissiyasining 2005-yil 15-martdagi 11-sonli yigʻilish bayonnomasining qaror qismini ijro etish majburiyatini yuklatish haqidagi qismi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 86-moddasi 1-bandiga koʻra asosli ravishda ish yuritish tugatilgan. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 24-moddasida bunday talabdan iborat nizolar xoʻjalik sudida hal etilishi belgilanmagan.
Apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2008-yil 5-noyabr,
20-0810/2337-son