Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
QarorI
Bankning aybi bilan soliq toʻlovchining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini oʻtkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan kun uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻtkazilmagan summasining 0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undiriladi
[Koʻchirma]
Izboskan tuman davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda — DSI) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, AT “Agrobank” Poytugʻ filialiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 53-moddasiga asosan 375 877 900 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllashni soʻragan.
Sudning 2015-yil 12-maydagi ajrimi bilan ishga AT “Agrobank” (bundan buyon matnda — bank) javobgar sifatida jalb qilingan.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi AT “Agrobank” Izboskan filiali (bundan buyon matnda — filial) manfaatida DSIning 2015-yil 20-fevraldagi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qarshi daʼvosi qaytarilgan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 12-iyundagi hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 15-iyuldagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati boʻyicha apellatsiya instansiyasida ish yuritish tugatilgan.
Kassatsiya shikoyatida ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari buzilganligi, ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi, 23210-sonli hisobvaraq undiruv qaratilmaydigan hisobvaraqligi bayon qilinib, hal qiluv qarori va ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarori va ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Oʻzbekistan Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat Izboskan boʻlimining 1214-2014-186-sonli jinoyat ishi yuzasidan “Hujjatli tekshirish tayinlash va hujjatlarni olish haqida” 2014-yil 27-noyabrdagi qaroriga hamda DSIning 2014-yil 16-dekabrdagi 162-xs-sonli, 2014-yil 31-dekabrdagi 168-xs-sonli, 2015-yil 16-yanvardagi 004-xs-sonli hamda 2015-yil 22-yanvardagi 008-xs-sonli buyruqlariga asosan bank filialining moliya-xoʻjalik faoliyati yuzasidan hujjatli tekshiruv oʻtkazilgan.
Tekshirishda filial tomonidan 47 ta holatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 15-martda 2342-son bilan roʻyxatga olingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma talablari buzilib, filialning aybi bilan 490 293 300 soʻm pul mablagʻlari budjetga toʻlanishi kechiktirilganligi aniqlangan.
Shunga koʻra mijozlarning hisobvaragʻiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalari bank filialining aybi bilan oʻz vaqtida ijro qilinmaganligi sababli javobgarga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 53-moddasi talablariga asosan toʻlov kechiktirilgan kunlar uchun jami 375 877 900 soʻm ustama jarima hisoblangan.
Tekshirish natijalari boʻyicha 2015-yil 26-yanvarda yakuniy dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi bank filiali rahbariyatiga tanishtirilib topshirilgan.
DSI tomonidan soliq tekshiruvi materiallari 2015-yil 13-fevralda koʻrib chiqilib, 2015-yil 20-fevralda qaror qabul qilingan.
Jarima ixtiyoriy toʻlanmaganligi sababli DSI xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, javobgarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 53-moddasiga asosan 375 877 900 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllashni soʻragan.
Bank filialining 47 ta holatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 15-martda 2342-son bilan roʻyxatga olingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma talablarini buzib 490 293 300 soʻm pul mablagʻlari budjetga toʻlanishini kechiktirganligi ishdagi dalillar, jinoyat ishlari boʻyicha Izboskan tuman sudining 2015-yil 22-apreldagi hukmi bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 53-moddasining oltinchi qismiga muvofiq bankning aybi bilan soliq toʻlovchining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini oʻtkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan kun uchun soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻtkazilmagan summasini 0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undiriladi.
Shunga koʻra birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, ishdagi mavjud dalillarga huquqiy baho berib, arz qilingan talabni qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻz navbatida apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyati ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlmagan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan berilganligi sababli apellatsiya shikoyati boʻyicha apellatsiya instansiyasida ish yuritishni tugatish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan kelishmaydi. Chunki, budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari bank filialining aybi bilan kechiktirilganligi jinoyat ishlari boʻyicha Izboskan tuman sudining 2015-yil 22-apreldagi hukmi bilan oʻz tasdigʻini topgan. Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati hal qiluv qarori va ajrimni oʻzgarishsiz, shikoyatni esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 592 000 soʻm davlat boji, 7 000 soʻm pochta xarajatlari, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini bank zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 27-oktabr,
17-1508/6680-son