Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida koʻrib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu toʻgʻrida pudratchiga darhol maʼlum qilishi shart
[Koʻchirma]
“Mukammal loyiha” MChJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Toshkent bosh plani loyihalash va ilmiy tadqiqot instituti” DUK (bundan buyon matnda — javobgar), “Toshkentboshplan LITI” DUK Samarqand filiali (bundan buyon matnda — filial)dan 62.640.000 soʻm asosiy qarz, 31.320.000 soʻm penya, 9.396.000 soʻm jarima, 9.000.000 soʻm zarar undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 5-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasi qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 62.640.000 soʻm asosiy qarz, 10.000.000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 6-noyabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan va yangi qaror qabul qilinib, daʼvo talablari qanoatlantirmasdan qoldirilgan hamda “Toshkentboshplan LITI” DUK Samarqand filialiga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Sudning 2014-yil 6-noyabrdagi qarori yuzasidan daʼvogar tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan boʻlib, unda apellatsiya instansiyasi sudining ushbu qarorini bekor qilib, 2014-yil 5-sentabrdagi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatiini qanoatlantirmasdan, apellatsiya instansiyasi sudi qarorini oʻz kuchida qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2011-yil 28-dekabrda 4-sonli, 2012-yil 2-yanvarda 5-sonli va 2012-yil 2-yanvarda 6-sonli pudrat shartnomalari tuzilgan.
2011-yil 28-dekabrdagi 4-sonli shartnomaning 1.2 va 1.4-bandlariga asosan daʼvogar Buxoro shahridagi Buxoro yuqori texnologiyalar muxandislik-texnika institutini 18x36m boʻlgan sport zalining qurilishiga oid loyiha-smeta hujjatlarini 2012-yil 1-fevralga qadar ishlab chiqishni va bajarilgan ishlarni shartnomaning 1.4.1-bandiga asosan filialga topshirish, javobgar esa shartnomaning 1.2 va 2.3.2-bandlariga asosan 2012-yil 22-yanvarga qadar texnik topshiriqni daʼvogarga berish va bajarilgan ishlar uchun shartnomaning 3-boʻlimi asosida toʻlovni amalga oshirish majburiyatini olgan.
2012-yil 2-yanvardagi 5-sonli shartnomaning 1.2 va 1.4-bandlariga asosan daʼvogar Buxoro shahridagi Buxoro yuqori texnologiyalar muxandislik-texnika institutini 12x45m boʻlgan sport zalining qoʻshimcha xonalari bilan kapital taʼmirloviga oid loyiha-smeta hujjatlarini 2012-yil 1-fevralga qadar ishlab chiqishni va bajarilgan ishlarni shartnomaning 1.4.1-bandiga asosan filialga topshirish, javobgar esa shartnomaning 1.2 va 2.3.2-bandlariga asosan 2012-yil 22-yanvarga qadar texnik topshiriqni daʼvogarga berish va bajarilgan ishlar uchun shartnomaning 3-boʻlimi asosida toʻlovni amalga oshirish majburiyatini olgan.
2012-yil 2-yanvardagi 6-sonli shartnomaning 1.2 va 1.4-bandlariga asosan daʼvogar Buxoro shahridagi Buxoro yuqori texnologiyalar muxandislik-texnika institutini 4-sonli oʻquv blokini kapital taʼmirloviga oid loyiha-smeta hujjatlarini 2012-yil 1-fevralga qadar ishlab chiqishni va bajarilgan ishlarni shartnomaning 1.4.1-bandiga asosan filialga topshirish, javobgar esa shartnomaning 1.2 va 2.3.2-bandlariga asosan 2012-yil 22-yanvarga qadar texnik topshiriqni daʼvogarga berish va bajarilgan ishlar uchun shartnomaning 3-boʻlimi asosida toʻlovni amalga oshirish majburiyatini olgan.
Daʼvogar yuqoridagi shartnomalar boʻyicha jami 77 640 000 soʻmlik ishlar bajarilgani, shundan 15 000 000 soʻm toʻlov amalga oshirilib, qolgan 62 640 000 soʻm asosiy qarz va toʻlovni oʻtkazib yuborilgan 535 kun uchun 31 320 000 soʻm penya va 15 foiz miqdorida 9 396 000 soʻm jarima hamda 9 000 000 soʻm advokatlik xizmati uchun toʻlangan pul mablagʻini undirishni soʻrab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qisman qanoatlantirib, barvaqt xulosaga kelgan.
Chunki, yuqoridagi qayd etilgan shartnomalar daʼvogar tomonidan imzolanib, uning muhri bilan tasdiqlangan, lekin javobgar rahbari nomidan imzolangan boʻlsada, muhri bilan tasdiqlanmagan.
Bundan tashqari, 4-sonli shartnomaning daʼvogar va javobgar tomonidan taqdim etilgan nusxalarida farqlar mavjud boʻlib, daʼvogar tomonidan taqdim etilgan nusxasida ishlar narxi 32 400 000 soʻm koʻrsatilgan boʻlsada, javobgar tomonidan taqdim etilgan shartnomada ushbu narx 15 000 000 soʻm ekanligi koʻrsatilgan. Shundan kelib chiqib sud, javobgar 4-sonli shartnoma boʻyicha pul toʻlovini toʻliq amalga oshirgan deb baholab, toʻgʻri xulosaga kelgan.
4, 5 va 6-sonli shartnomalarning 1.4.1-bandida bajarilgan ishlarni qabul qilish tartibi belgilangan boʻlib, unga koʻra, ishlar taraflar oʻrtasida bajarilgan ishlar dalolatnomasi imzolangandan soʻng bajarilgan deb hisoblanishi belgilangan. Biroq, daʼvogar 4, 5 va 6-sonli shartnomalar boʻyicha ishlarni bajarilganligi dalili sifatida 2012-yil 1-fevraldagi 1/5, 1/6, 1/7 va 1/8-sonli “Nakladnaya” nomli hujjatlarni ilova qilgan.
Mazkur holatda apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogar tomonidan 4, 5 va 6-sonli shartnomalar boʻyicha ishlar tegishli tartibda topshirilmagan deb hisoblab toʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK)ning 646-moddasida, buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida koʻrib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu toʻgʻrida pudratchiga darhol maʼlum qilishi shartligi belgilangan.
2012-yil 1-fevraldagi 1/5, 1/6, 1/7 va 1/8-sonli “Nakladnaya” nomli hujjatlar taraflar oʻrtasidagi shartnomalarda kelishilgan bajarilgan ishlarni rasmiylashtirish tartibidagi majburiyatlarga mos kelmasligi sababli, apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining daʼvogar tomonidan shartnoma shartlari toʻliq bajarilganligi yuzasidan xulosasini asossiz deb baholab, hal qiluv qarori bilan asosiy qarz undirilishini notoʻgʻri deb hisoblab asosli xulosaga kelgan.
FKning 260-moddasida qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summasi neustoyka hisoblanadi va neustoyka bilan faqat haqiqiy talab taʼminlanishi belgilangan.
Apellatsiya instansiya sudi daʼvo talabining asosiy qarzdorlikni undirish qismini asossiz hisoblab, uni qanoatlantirishni rad etganligi bois, FKning 260-moddasi talablaridan kelib chiqib, penya va jarima undirish qismini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilib qonuniy toʻxtamga kelgan.
Bunday holatda daʼvoning zarar undirish qismi ham qanoatlantirilmasdan qoldirilishi, sud tomonidan toʻgʻri toʻxtamga kelinganligini bildiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilgan.
Bunday holatda sudlov hayʼati, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 280 890 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 24-avgust,
10-1420/3263-son