Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa - ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak
[Koʻchirma]
“Mister Lider” MChJ (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “BITI PRODUCTION” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonadan (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) 3 781 123 soʻm asosiy qarz va 756 224 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 3 781 123 soʻm asosiy qarz, 200 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida sud majlisida uning ishtiroki taʼminlanmaganligi, buning oqibatida oʻz huquqlarini himoya qilinishidan mahrum etilganligi, ishdagi dalillarga baho berilmaganligi, ishlar kechikib bajarilganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ish boʻyicha yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2011-yil 26-oktabr kuni “Qurilish — montaj ishlarini olib borish toʻgʻrisida”gi 26/02-sonli shartnoma tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra, daʼvogar Toshkent shahar, A.Navoiy koʻchasi, 4-uy manzilida joylashgan obyektda qurilish ishlarini bajarish, javobgar esa bajarilgan ishlarni qabul qilib olish va ularning qiymatini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Daʼvogar va javobgar oʻrtasida tuzilgan 2011-yil 26-oktabrdagi “Qurilish-montaj ishlarini olib borish toʻgʻrisida”gi 26/02-sonli shartnoma tuzilgan 2011-yil 26-dekabrda 1-sonli qoʻshimcha kelishuvga koʻra bajariladigan ishlarning umumiy qiymati 150 000 000 soʻm hamda 2011-yil 30-dekabrdagi 2-sonli qoʻshimcha kelishuvga koʻra 350 000 000 soʻm etib belgilangan.
Daʼvogar shartnoma shartlariga muvofiq 302 770 159 soʻmlik ishlarni bajargan va bajarilgan ishlarni javobgarga topshirgan, javobgar esa bajarilgan ishlar boʻyicha daʼvogarga 298 989 036 soʻmlik toʻlovni amalga oshirib, daʼvogar oldida 3 781 123 soʻm qarzdor boʻlib qolgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 236-moddasiga koʻra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
FKning 638-moddasiga binoan agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin toʻlashi shart.
FKning 673-moddasiga koʻra, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq toʻlaydi. Qonun yoki shartnomada tegishli koʻrsatmalar boʻlmasa, pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar uchun ushbu Kodeksning 638-moddasiga muvofiq haq toʻlanadi.
Qurilish pudrati shartnomasida ishlarga obyekt buyurtmachi tomonidan qabul qilinganidan soʻng bir yoʻla va toʻliq hajmda haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin.
Javobgarning daʼvogardan 3 781 123 soʻm qarzdorligi ish hujjatlari bilan oʻz tasdigʻini topganligi sababli, birinchi instansiya sudi daʼvogarning 3 781 123 soʻm asosiy qarzni undirish talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Daʼvogar va javobgar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 12.3-bandida “Bosh pudratchi” bajarilgan ishlar uchun toʻlovlarni kechiktiradigan boʻlsa, har bir kechiktirilgan kun uchun toʻlanmagan mablagʻning 0,1 % miqdorida, lekin toʻlanmagan mablagʻning 20 % dan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashi nazarda tutilgan.
Javobgar 3 781 123 soʻm toʻlovni kechiktirilganligi uchun daʼvogar asosli ravishda undan undirish uchun 756 224 soʻm penya hisoblagan.
FKning 326-moddasiga muvofiq agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak.
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Shu bois, birinchi instansiya sudi asosli ravishda majburiyatni bajarilish darajasini muhokama qilib, undirilishi soʻralgan 756 224 soʻm penyani 200 000 soʻmgacha kamaytirgan.
Javobgarning ishlar kechiktirib bajarilganligi, ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmaganligi toʻgʻrisidagi vajlarini eʼtiborga olib boʻlmaydi, chunki ish daʼvogarning daʼvosi asosida koʻrib chiqilgan, agarda ishlar kechiktirib bajarilgan boʻlsa javobgar daʼvogarga nisbatan sudga daʼvo arizasi taqdim etish huquqiga ega, ish hujjatlarida javobgar ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinganligini tasdiqlovchi pochta xabarnomasi mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi qismida moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻlishi nazarda tutilgan.
Mazkur holatda, sud qarorlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas.
Shunga koʻra, sudlov hayʼati, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, javobgarning kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq davlat boji va pochta xarajatini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 12-oktabr,
10-1505/9986-son