Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir
[Koʻchirma]
“Musurmon Xoliqov Joʻra oʻgʻli” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Raxmonov Murodjon Saidovich” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)dan 25 000 000 soʻm asosiy qarz undirishni va undiruvni javobgarning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 4-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 22-iyuldagi qarori bilan hal qiluv qarorining daʼvo talabining 20 000 000 soʻm asosiy qarz undirish qismini qanoatlantirishni rad etish qismi bekor qilinib, javobgardan daʼvogar foydasiga 20 000 000 soʻm asosiy qarz undirilgan.
Javobgar kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda, daʼvogar tomonidan daʼvo taqdim qilish muddati oʻtkazib yuborilganligi, hukmda “Shahrisabz don xalq rizqi” OHJga “Kitob don” OHJ 2004-yilda tugatilgunga qadar kelib chiqqan boshqa moddiy zararlar boʻyicha javobgarga nisbatan xoʻjalik sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qilish huquqi qoldirilganligi, biroq apellatsiya instansiyasi sudi qayd etilgan holatlarga eʼtibor qaratmasdan, hal qiluv qarorini bekor qilish, daʼvoni 20 000 000 soʻmga qanoatlantirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelganligi bayon etilib, qarorni bekor qilish, hal qiluv qarorini esa oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan qarorni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, daʼvogar (Xaridor) va javobgar (Sotuvchi) oʻrtasida 2009-yil 31-oktabrda 01-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Shartnoma shartlariga koʻra, Kitob tumani, Qaynarbuloq QFY, Xoʻja qishlogʻida joylashgan maʼmuriy bino va qorovulxona binosi, umumiy yer maydoni 4,6 ga. (sobiq Paxta qabul qilish punkti) yer maydoni bilan birgalikda qiymati 20 000 000 soʻm miqdorida oʻzaro kelishilgan.
Shuningdek, 2009-yil 10-noyabrda maʼmuriy bino va inshootlarni oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Shartnoma shartlariga koʻra, javobgar oʻziga tegishli boʻlgan Kitob tumani, Qaynarbuloq QFY, Xoʻja qishlogʻida joylashgan maʼmuriy bino va inshootlar (umumiy yer maydoni 46 600 kv.m., qurilish maydoni 267,6 kvm., foydalanish maydoni 215,88 kv.m, A-8 xonali maʼmuriy bino, B-1 xonadan iborat qorovulxona, asfalʼt maydoni, devor darvozaxonalardan iborat)ni sotib olish, daʼvogar esa oʻzaro kelishuvga asosan 25 000 000 soʻmni toʻlash majburiyatini olgan.
Mazkur oldi-sotdi shartnomasiga asosan Kitob tuman Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr xizmati tomonidan daʼvogarga sotib olingan maʼmuriy bino va inshootlarga kadastr hujjatlari tayyorlanib, 2010-yil 13-oktabrda “Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisida”gi OY seriyali va 378206 tartib raqamli hamda “Bino va inshootlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida”gi TA seriyali va 1010419 tartib raqamli guvohnomalar berilgan.
Daʼvogar tomonidan 2009-yil 31-oktabrdagi 42, 43, 44, 45, 46-sonli toʻlov topshiriqnomalari bilan 4 000 000 soʻmdan, jami 20 000 000 soʻm javobgarning hisob raqamiga “31.10.2009-yildagi 1-sonli shartnomaga asosan maʼmuriy bino sotib olish uchun 4,6 ga. yer maydoni bilan birga” toʻlab berilgan. Ushbu holat, ATB “Agrobank” Kitob tuman filialining 2015-yil 10-iyuldagi maʼlumotnomasi bilan ham oʻz tasdigʻini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 269-sonli qarori 12-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilarida FKning 116-moddasiga koʻra oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim boʻlib, qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmunda, huquq-tartibot asoslariga qarshi maqsadda, axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim hisoblanishi, agar bitimning bir yoki bir necha shartlari qonun hujjatlarining talabalariga zid boʻlsa, bitimning mazmuni ushbu talablarga muvofiq kelmasligi sababli, oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanishi haqida tushuntirish berilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Shahrisabz tuman sudining 2012-yil 16-oktabrdagi hukmida 2009-yil 10-noyabrdagi “Maʼmuriy bino va inshootlarni oldi-sotdi shartnomasi”ga asosan Kitob tumanidagi “Musurmon Xoliqov Joʻra oʻgʻli” fermer xoʻjaligiga “Paxtaobod” punkti bino va inshootlarini 25 000 000 soʻmga sotib yuborib, 25 000 000 soʻm pul mablagʻini fermer xoʻjaligi manfaatlarida foydalanib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar legallashtirilganligi qayd etilib, hozirgi kundagi bozor bahosi 123 215 130 soʻmga baholangan “Paxtaobod” punkti bino va inshootlari dastlabki tergov davomida zarar sifatida xatlanganligi eʼtiborga olinib, “Kitob don” OHJning huquqiy merosxoʻri hisoblangan “Shahrisabz don xalq rizqi” OHJ balansiga qaytarilishi va shu orqali ushbu ayblov epizodlari boʻyicha zarar bartaraf etilganligi qayd etilishi, bino va inshootlar boʻyicha tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali balansga olish majburiyati jamiyat maʼmuriyati zimmasiga yuklatilganligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi)ning 59-moddasiga koʻra, ishning holatlari qonun hujjatlariga muvofiq muayyan dalillar bilan tasdiqlanishi kerak boʻlsa, boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin emas.
XPK 60-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Biroq, birinchi instansiya sudi qayd etilgan holatlarni inobatga olmasdan, daʼvogar tomonidan oldi-sotdi shartnomasiga asosan 20 000 000 soʻmlik toʻlov amalga oshirilganligiga huquqiy baho bermasdan, daʼvoning ushbu qismini qanoatlantirishni rad etish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 47-moddasining oʻninchi qismiga koʻra, qarzdorning undiruvchi talablarini qanoatlantirish uchun yetarli pul mablagʻlari boʻlmasa, sud ijrochisi oʻz qarori bilan qarzdor hisobvaraqlarining xarajatlar qismini qarz toʻliq uzilguniga qadar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xatlaydi. Bank yoki boshqa kredit tashkiloti qarzdorning pul mablagʻlarini xatlash haqidagi qarorni darhol ijro etadi va sud ijrochisiga qarzdorning hisobvaraqlari rekvizitlari hamda har bir hisobvaraq boʻyicha xatlangan pul mablagʻlari miqdorini maʼlum qiladi. Ayni bir vaqtda undiruv qarzdorga tegishli boʻlgan boshqa mol-mulkka qaratiladi, ushbu Qonunning 52-moddasiga muvofiq ijro hujjatlari boʻyicha undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno.
Shu bois, birinchi instansiya sudi daʼvo talabining undiruvni javobgarning mol-mulkiga qaratish qismini qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-sonli qarorining 15-bandiga koʻra, ishlarni apellatsiya tartibida koʻrishda sudlar qonun boʻyicha birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirganligini, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligini, sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalari ish holatlariga muvofiqligini, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilmaganligini, mazkur normalar toʻgʻri qoʻllanilganligini aniqlashlari lozim.
Ushbu holda, apellatsiya instansiyasi sudi oldi-sotdi shartnomasining oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi Jinoyat ishlari boʻyicha Shahrisabz tuman sudining 2012-yil 16-oktabrdagi hukmi bilan oʻz tasdigʻini topganligini, hukmda nizoli obyekt “Shahrisabz don xalq rizqi” OHJ balansiga qaytarilishi belgilanganligini inobatga olib, hal qiluv qarorining daʼvo talabining 20 000 000 soʻm asosiy qarz undirish qismini qanoatlantirishni rad etish qismini bekor qilish, javobgardan daʼvogar foydasiga ushbu qarzdorlikni undirish boʻyicha yangi qaror qabul qilish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Shuningdek, sudlov hayʼati sud tomonidan daʼvo muddati qoʻllanilmaganligi haqida kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajni ham asossiz deb hisoblaydi.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 282-sonli qarori 9-bandining birinchi xatboshida, daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza faqatgina birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati qabul qilingunga qadar berilishi mumkinligi, agar bunday ariza ishni apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida va nazorat tartibida koʻrish jarayonida berilsa, u qanoatlantirilmasligi va bu haqida sud hujjatining asoslantiruvchi qismida koʻrsatilishi haqida tushuntirish berilgan.
Ushbu holda, javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza ishni birinchi instansiya sudida hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar berilmagan.
XPKning 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda apellatsiya instansiyasi sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 16-sentabr,
18-1504/11111-son